Rovno viloyati
Rovno viloyati — Ukraina tarkibidagi viloyat. Ukrainaning shimoliy g’arbida. 1939 yil 4 dekabrda tashkil topgan. Maydoni 20,1 ming km2. Aholisi 1192,5 ming kishi (1997), asosan, Ukrainlar, shuningdek, rus, Belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Rovno viloyatida 15 tuman, 9 shahar va 16 shaharcha bor. Yirik shaharlari: Rovno, Dubno, Zdolbunov, Kostopol, Sarni. Markazi — Rovno shahri. Rovno viloyati yer yuzasi bir oz pastbaland tekislik. Viloyat shimoliy qismini Polese pasttekisligi, Janub qismini Volin qirlarining Sharqiy qismi egallagan (eng baland joyi 342 metr). Iqlimi mo’tadil kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -3,8°, iyulniki 18,5°. Yillik yog’in 560-620 mm. Daryolari Pripyat va uning irmoqlari. Qora tuproq, sur tusli podzollashgan, chimli podzol, botqoq, gilliqumloq tuproklar tarqalgan. Viloyat hududining 34%i o’rmon. Bo’ri, tulki, qobon, Los, bo’rsiq, suvsar, tiyin, olaxurjun, zubr yashaydi. Daryo va ko’llarda baliq ko’p. Ondatra, enotsimon it iqlimlashtirilgan. Viloyat xo’jaligida oziq-ovqat sanoati yetakchi o’rinda. 6 shakarqand, 2 spirt, 8 sabzavot quritishkonserva korxonalari, go’sht kombinati ishlab turibdi. Sanoat mahsulotlarining hajmi bo’yicha yengil sanoat ikkinchi o’rinda turadi. Rovno, Dubnoda tikuvchilik, to’qimachilik, trikotaj, poyabzal korxonalari joylashgan. Mashinasozlik va metallsozlik korxonalarida traktor, qishloq xo’jalik mashinalari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqariladi. Rovnoda elektrotexnika jihozlari, yuqori voltli elektron apparatura, Dubnoda har xil stanoklar ishlab chiqariladigan korxonalar bor. O’rmon, yog’ochsozlik va qog’oz sanoati korxonalari Sarni, dubno, Ostrog, Vladimires, Berezno, rovno atroflarida joylashgan. Qurilish materiallari sanoati, ayniqsa, tsement, shifer va yig’ma temir-beton ishlab chiqarish rivojlangan. Qishloq xo’jaligining asosiy tarmoqlari: deqqonchilik va chorvachilik. G’alla, texnika ekinlari, sabzavotpoliz va kartoshka, emxashak ekinlari ekiladi. Chorvachiligi sut-go’shtga ixtisoslashgan. Qoramolchilik, cho’chqachilik yetakchilik qiladi. Parrandachilik va quyonchilik rivojlangan, qo’y va echki ham boqiladi. Temir yo’l uzunligi 579 kilometr, avtomobil yo’llari 7,8 ming kilometr. Rovno havo yo’llari orqali Moskva, Riga, Kiyev, Simferopol va Ukrainaning boshqa shaharlari bilan bog’langan, 2 oliy o’quv yurti, Kiyev madaniyat institutining madaniy-ma’rifiy fakulteti, 2 muzey, musiqali drama teatri, 4 sanatoriy bor.