Rub’i maskun

Rub’i maskun (Arabcha — aholi yashaydigan chorak yer) — yunon va o’rta asr Sharq fanida mavjud tarixiy-geografik tushuncha. Qadimgi yunon olimlari yerning ular tasavvuridagi aholi yashaydigan obod qismini «eykumena» yoki «oykumena» (yunoncha «oykeo» — obod qilmoq) deb ataganlar. O’rta asrlarda Arab xalifaligida mazkur geografik tushuncha yunon ilmiy adabiyotining Arabcha tarjimalari orqali «Ma’mura» — obod (yerlar) va Rub’i maskun shakllarida Sharq geografiyasiga ham o’tdi. Rub’i maskun tushunchasining ishlatilish sababi shuki, yunon olimlari yer yuzini to’rt chorakka bo’lganlar va shundan bir choragi obod, ya’ni odamlar yashashi uchun yaroqli, qolgan uchta chorakni esa, odatda suv deb taxmin qilganlar. Sharq fanidagi «ma’mura» yoki Rub’i maskunni yunon fanidagi «oykumena» bilan aynan bir xil deb bo’lmaydi. Zero, tarixiy taraqqiyot jarayonida geografik tasavvurlar oydinlasha borib, yerning obod qismi haqidagi tushunchaga ham talaygina aniqliklar kiritilgan. Keyingi davrda mazkur tushuncha yanada boyib bordi. Beruniy Rub’i maskun tushunchasiga jiddiy o’zgarish kiritgan va «Hindiston» asarida qolgan choraklarda ham quruqlik bo’lishi mumkinligini ta’kidlagan. Beruniy qayd etgan G’arbdagi quruqlik alohida qit’a (Amerika) ekanligi X. Kolumb sayohatidan so’ng amalda tasdiqlandi. Omonullo Bo’riyev.