Rio-de-Janeyro

Rio-de-Janeyro — Braziliyaning Janubiy Sharqiy qismidagi shahar, Atlantika okeanining Guanabara buxtasining g’arbiy sohilida. Rio-de-Janeyro shtatining ma’muriy markazi. Iqlimi tropik iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 26°, iyulniki 2G. Yillik yog’in 1000 mm dan ortiq. Aholisi 5,85 million kishi (2000). Atrofidagi shaharlar bilan katta Rio-de-Janeyro aglomerasiyasini tashkil qiladi. Shaharga bu erga ilk bor 1502 yil 1 yanvarda kelgan portugallar tomonidan 1565 yilda asos solingan va Rio-de-Janeyro — Yanvar daryosi deb atalgan. Sababi ular Guanabara buxtasini noma’lum daryoning quyilish joyi deb hisoblaganlar. 1531 yilda bu yerda Fort qurilgan. Uzoq muddat kichikroq qishloq bo’lgan. 17-asr oxiridan shahar tez o’sa boshladi. 18-asr o’rtalarigacha Janubiy Amerikaning qul savdosi markazi edi. 1763 yildan Portugaliya mustamlakasi bo’lgan Braziliya viseqirolligi, 1822-89 yillarda Braziliya imperiyasi, 1889 — 1960 yillarda Braziliya Federativ Respublikasi poytaxti. Rio-de-Janeyro — mamlakatning yirik tashqi savdo portlaridan. Chetga kofe, shakarqand, teri, qimmatbaho yog’och, ruda, paxta, meva chiqariladi, chetdan kumir, neft, tsement, mashinalar keltiriladi. Aeroporta xalqaro ahamiyatga ega. Muhim temir yo’l va avtomobil yo’llari shaharni sohilbo’yi va ichki rayonlar bilan bog’laydi. Rio-de-Janeyro — iqtisodiy ahamiyati bo’yicha mamlakatning San-Paulu shahridan keyin 2o’rindagi savdo-sanoat markazi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari: oziq- ovqat, farmatsevtika, to’qimachilik, kimyo, metallurgiya, poligrafiya, elektrotexnika, mashinasozlik sanoatlari. Neft kimyosi, kemasozlik rivojlangan. Yog’ochsozlik, mebel, ko’npoyabzal, rezina-texnika, tikuvchilik, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish korxonalari bor. Rio-de-Janeyro mamlakatning yirik madaniy markazlaridan. Braziliya fanlar akademiyasi, Braziliya filologiya akademiyasi, tibbiyot milliy akademiyasi, 6 universitet, milliy kutubxona, rasadxona, teatrlar, muzeylar: milliy, nafis san’at, tarix, Braziliya geografiyasi va boshqalar, botanika va hayvonot bog’lari bor. Me’moriy yodgorliklardan sobor, ratusha, cherkov, ibodatxona, saroylar saqlangan. Sohil bo’yida zamonaviy uslubda qurilgan otel va pansionat ko’p. Shaharda dunyoda eng katta Marakanya stadioni qurilgan.