Rubl
Rubl — Rossiya Federatsiyasi pul birligi. 1992 yildan muomalaga kiritilgan. 1 Rubl = 100 kopeyka. Xalqaro ifodasi RUR. Xalqaro valyutalar kursi bo’yicha 1 AQSh dollari = 34,04 Rubl (2004, 20 yanvar). Rubl 1917 yildagi oktyabr to’ntarishiga qadar Rossiya imperiyasi, 1919-91 yillarda sobiq SSSR (shu jumladan, 1924-91 yillarda O’zbekiston)da amalda bo’lgan. «Rubl» atamasi 13-asrda Novgorodsa grivna [uzunligi 20 santimetr, og’irligi 200 grammga yaqin bo’lgan kumush quymasining kesilgan (ruscha «rublenniy»)] yarim bo’lagi nomi tarzida paydo bo’ldi. 1704 yildan boshlab muntazam holda vazni 28 gramm bo’lgan kumush Rubllar zarb qilina boshlandi, shuningdek, mis va oltin Rubllar ham zarb qilinishi davom etdi. 1843 yildan esa Rubl davlat xazinasining qog’oz biletlari ko’rinishida chiqarila boshlandi. 1897 yilga kelib oltin Rubl asosiy pul birligiga aylandi va 1914 yilgacha muomalada bo’ldi. Dastlabki Sovet Rubl 1919 yilda kredit bileti sifatida chiqarilgan. Sobiq Ittifoq davrida Rubl banknotlari butun mamlakat miqyosida yagona pul birligi sifatida to’liq amal qilgan. O’sha davrda Rubl O’zbekiston Respublikasining ham rasmiy pul birligi bo’lgan va uning hududida «so’m» deb nomlangan. SSSR mustaqil davlatlarga bo’linib ketganidan so’ng Rubl Rossiya Federatsiyasining milliy valyutasi sifatida saqlanib qoldi. 2) Belorussiya Respublikasi pul birligi. 1992 yilda muomalaga kiritilgan. 1 Rubl = 100 kopeyka. Xalqaro ifodasi — BYR. Xalqaro valyutalar kursi bo’yicha 1 AQSh dollari = 2042 Rubl (2003, may). Ashur Qodirov.