Ruboiy

Ruboiy (Arabcha — to’rtlik) — Sharq xalqlari she’riyatida keng tarqalgan poetik janr. Tayin g’oyaviy-badiiy va shakliy shartlarga binoan yaratilgan 4 misradan iborat falsafiy, axloqiy, ta’limiy yoki ishqiy mavzudagi she’r. Ruboiy hazaj baxrida (axram va axrab vaznlarida jami 24 ta) yoziladi. Boshqa bahrlarda yozilgan to’rtliklar dubaytiy, kuylanadiganlari esa tarona deb ataladi. Ruboiy qofiyalanish tartibiga ko’ra ikki xil bo’ladi. Birinchi xil Ruboiylarning 1-2—4-misralari o’zaro qofiyalanadi (a-a-b-a shaklida). Masalan: Ko’pdin berikim yoru diyorim yo’qtur, Bir lahzau bir nafas qarorim yo’qtur. Keldim be sori o’z ixtiyorim birla, Lekin borurimda ixtiyorim yo’qtur. Bobur. Ikkinchi xil Ruboiyda to’rtala misrasi ham qofiyalanadi (a-a-a-a shaklida). Masalan: Andin berikim qoshimda yorim yo’qtur, Hijronda juz nolai zorim yo’qtur. Dasht uzra quyun kabi qarorim yo’qtur, Sargashtaligimda ixtiyorim yo’qtur. Navoiy. Ruboiydagi 4 unsur 4 misrada aytilmoqchi bo’lgan fikrning to’g’ri, badiiy yuksak, kompozitsion jihatdan pishiq bo’lishini ta’minlaydi. 1-misra —tezisda shoir aytmoqchi bo’lgan fikr o’rtaga tashlanadi; 2-misra — antitezisda birinchisiga qarama-qarshi fikr aytiladi, biroq, u tezisni isbotiga xizmat qiladi; 3-misra — moddai Ruboiya 4-misrada aytilmoqchi bo’lgan xulosa uchun ko’prik vazifasini o’taydi; 4-misra — sintezda avvalgi 3 misradan g’oyaviy xulosa chiqariladi, bu shoirning asosiy g’oyasi hisoblanadi. Ruboiy shaklidagi she’rlar xalq og’zaki ijodida paydo bo’lgan, namunalari «Devonu lug’otit turk»da uchraydi. Dastlabki Ruboiylarni Rudakiy va Shahidi Balxiy yaratgan. Badriddin alqavomiy (12-asr) Arab, fors va turkiy tillarida Ruboiy yozgan. A. Runiy, S. Salmon, Ibn Sino, Umar Xayyom va boshqalar Ruboiyning mohiyati va uslub jihatdan yuksak namunalarini ijod qilganlar. Navoiy ijodida esa yuqori bosqichga ko’tarilgan. Navoiy Ruboiylarida hayotiy taassurot, ijtimoiy-siyosiy va falsafiy-axloqiy mulohazalar yuksak badiiy shaklda o’z ifodasini topgan. Keyinroq Bobur bu janrni rivojlantirgan. 19-asrda Munis, Ogahiy, Komil Xorazmiy va boshqalar Ruboiyning go’zal namunalarini yaratganlar. Hozirgi davr o’zbek adabiyotida Shayxzoda, Shuhrat, Ramz Bobojon, Tolib Yo’ldosh kabi shoirlar Ruboiy yozganlar. Biroq ularning ba’zilari Ruboiy vaznida yozilmaganligi uchun dubaytiy yoki to’rtlik deb ataladi. Ad.: Orzibekov R., Lirikada kichik janrlar, T., 1976; Nosirov O.,Jamolov S, Ziyoviddinov M., O’zbek klassik she’riyati janrlari, T., 1979; Haqqulov I ., O’zbek adabiyotida ruboiy, T., 1981. Begali Qosimov.