Ruhillo Sidqiy
Ruhillo Sidqiy [taxallusi; asl ismi Ruhillo Fatali o’g’li Oxundov; 1886.28.3(9.4), Boku yaqinidagi Buzovna qishlog’i — 1959.5.5, Boku] — Ozarbayjon aktyori. Xalq artisti (1949). Ozarbayjon hamda yangi o’zbek teatrining shakllanishida xizmati katta. 1924— 59 yillarda M.Azizbekov nomidagi Ozarbayjon davlat drama teatrida ishlagan. Gaji Qora («Gaji qora»), Faxriddin («Faxriddinning qayg’usi»), Kajar («Vagif»), Nodir («Nodirshoh»), Qirol Lir, Yago, Otello, («Qirol Lir», «Otello») kabi obrazlar uning ijodida alohida o’rin tutadi. U shuningdek, opera, operettalarda chiqqan bir qancha filmlarda suratga tushgan. 1916 yil O’zbekistonda bo’lib, o’zbek havaskorlari bilan «Layli va Majnun» spektaklini sahnalashtirib, o’zi Majnun rolini ijro etgan. Keyinchalik ham u bir necha bor O’zbekistonda bo’lib, ijodiy hamkorlikni faol olib borgan. A.Avloniy, M. Uyg’ur va boshqalar bilan ijodiy aloqada bo’lgan.