Ruhobod maqbarasi, Ruhobod

Ruhobod maqbarasi, Ruhobod — majoziy nom, aslida alloma avliyo Shayx Burhoniddin Sog’arjiy (Sog’arj— Samarqand yaqinidagi qadimgi kent) maqbarasi. Amir Temur saltanatining dastlabki davrida (14-asrning 70-yillari) shahar Arki (ko’k saroy, Bo’ston saroy, Nuriddin Basir maqbarasi) tomonidan Janubdagi Toshqo’rg’on—chaqar (kichik Oqsaroy, Muhammad Sulton me’moriy majmui, hozirgi Amir Temur maqbarasi) orasini bog’lovchi mashxur Shohrohshoh ko’chani ochish va tartibga solish davomida yuzaga chiqqan Sog’arjiy qabriga bog’lab, mahobatli baland maqbara tiklangan. Amir Temur maqbara ta’minoti uchun maxsus vaqfnoma (kuyib ketgan vaqfnoma qoldiqlari tarjimasi O’zbekiston davlat arxivida saqlanmoqda) chiqargan. Undan ma’lum bo’lishicha, maqbara va yonidagi bog’ yirik daromad manbai bo’lgan. Maqbara binosi hozirgi shahar markazi tomonidan ko’zga tashlanadi, galdagi rekonstruktsiya davomida maqbara atrofidagi keyingi davr binolari buzib tashlanadi, natijada maqbara qaddi-qomatini yaqqol ko’rsatdi. Maqbara chorsixona, ustidagi 8 qirrali poygumbaz va oddiy gumbazdan iborat. Ichkarida noma’lum qabrdaxmalar bor. Tashki tomondan (janub) avliyo qabriga tutash devor sirkori sopol bilan peshtoq shaklida hoshiyalangan. Ichkarida naqshin bezak qoldikdari saqlangan. Kirish eshigining (Buxoro amiri nomidan 19-asr o’rnatilgan) o’ymakor bezaklari orasida baliqlar shaklini kuzatish mumkin. Aholi mazkur avliyoga alohida ixlos va ehtirom bildirib, maqbara va u bilan bog’liq maskanni Ruhobod deb atagan. 19-asr maqbaraga bog’lab madrasa (hozirgi darvozaxona va bir necha hujra saqlangan), masjid va minora qurilgan. Sho’rolar davrida mazkur maskan diniy ziyoratgoh sifatida e’tibordan chetda qolgan, tashlandiq holga kelgan edi. Hujralar qisman buzib tashlangan, guzar masjidida korxona joylashgan. Amir Temur tavalludining 660 yilligi arafasida maqbara atrofida keng ko’lamli rekonstruktsiya ishlari amalga oshirildi. Ruhobod maqbarasi maqbarasi qayta gavjum ziyoratgohga aylandi. Po’lat Zohidov.