Rul
Rul (gollandcha — goeg) — kema, uchish apparati va relssiz g’ildirakli mashinalarni boshqarish qurilmasi: 1) kema ruli — vertikal o’q atrofida aylanadigan suyri plastina. Kemani kursda ushlab turish va suzib ketayotgan paytda burish uchun xizmat qiladi. Kemaning kuyrug’iga (ba’zan, old qismiga) o’rnatiladi. Suv osti kemalarida bunday vertikal Ruldan tashqari kemaning tumshug’i va quyrug’ida gorizontal Rullar ham bo’ladi; 2) uchish apparati ruli — havo va gaz Rullariga bo’linadi. Havo ruli — havoda aerodinamik kuch va aerodinamik moment hosil qilib, uchish apparatini boshqaradigan xarakatlanuvchi sirt. Gaz ruli — gaz oqimi vujudga keltiradigan tortish kuchi yo’nalishini o’zgartiradigan qurilma. Uchish davomida havo ruli ish bermagan joylarda gaz ruli ishlatiladi. U gaz oqimining tortish kuchi yo’nalishini o’zgartiradigan plastinalardan iborat bo’lishi, hatto murakkab soplo apparatini tashkil etishi mumkin. Tik ko’tariladigan va qo’nadigan samolyotlarda gaz ruli ko’tarilish va qo’nish rejimlarida, raketa va kosmik kemalarda esa uchishning bosh uchastkalarida va havosiz bo’shliqda ishlatiladi; 3) relssiz g’ildirakli mashinalar (avtomobil, traktor va boshqalar) da rulli boshqaruv (yo’nalishni o’zgartirish mexanizmi) ning burish elementi.