Ruminiya

Ruminiya (Romania) — Yevropaning Janubi sharqida joylashgan davlat. Maydoni 237500 km2. Aholisi 22,3 million kishi (2002). Poytaxti — Buxarest shahri. Ma’muriy jihatdan 40 uezd (iudet) va uezdga tenglashtirilgan Buxarest munitsipiyasiga bo’linadi. Davlat tuzumi. Ruminiya — Respublika. Amaldagi Konstitutsiyasi 1991 yil 8 dekabrdagi umumxalq, referendumida ma’qullangan. Davlat boshlig’i — Prezident (2000 yil 20 dekabrdan ion Iliesku). U aholi tomonidan umumiy to’g’ri, teng va yashirin ovoz berish yo’li bilan 4 yil muddatga saylanadi va 2 muddatdan ortiq saylanishi mumkin emas. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni 2 palatali parlament, ijrochi hokimiyatni hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Ruminiya hududining aksari qismini tog’lar va tepaliklar (o’rtacha balandligi 800 metr) egallaydi. Asosiy tog’ tizmasi — Karpat mamlakat hududida katta yoy shaklini hosil qiladi (eng baland nuqtasi — Moldavyanu tog’i 2544 metr). Karpat tog’larida kuchli zilzilalar bo’lib turadi. Transilvaniya platosi va G’arbiy Ruminiya tog’lari ham Karpat tizmasiga mansub. Janubda quyi Dunay pasttekisligi va G’arbda O’rta Dunay pasttekisligi joylashgan. Dunay eta klari bilan qora dengiz oralig’ida dobruja platosi cho’zilgan. Ruminiya hududida qora dengiz sohilining uzunligi 245 kilometr. Konstantsadan shimolroqda qirg’oqlari aksari qismi past, ayrim joylari botqoq, qum tillari va liman (qo’ltiqcha)lar bilan parchalangan, qirg’oqqa yaqin joylarda orol ko’p. Foydali qazilmalardan neft va gaz, toshko’mir, temir, polimetall, mis va oltin rudalari, boksit, toshtuz konlari topilgan. Iqlimi — mo’tadil Kontinental iqlim. Eng katta daryosi — Dunay. Uning asosiy irmoqlari: Prut, Siret, Olt, Yalomisa. Pasttekisliklarda, asosan, unumdor qora tuproq, balandliklarda qo’ng’ir va kulrang o’rmon, tog’larda, asosan, tog’ o’tloq tuproqlar tarqalgan. Daryo qayirlarida o’tloq, qamishzor, o’rmonlar bor. Transilvaniya platosi, Moldaviya qiri, Dobrujaning eng baland joylari va Karpat tog’oldida (400— 700 metr balandlikkacha) qoraqayin aralash emanzorlar mavjud. Karpat tog’larida (800— 1200 metr balandlikkacha) qoraqayinlar, balandroqda (1500-1800 metrgacha) igna bargli daraxtlar o’sadi. Tog’larning eng baland joylari subalp va Alp o’tloqlari bilan band. Hayvonot dunyosi xilma-xil. O’rmonlarda bo’ri, tulki, qoplon, bo’rsiq, quyon, olmaxon, qushlardan boyo’g’li, qizilishton, kakku va boshqalar yashaydi. Tog’ echkisi, to’ng’iz, ayiq, bug’u, dashtlarda sug’ur, yumronqoziq, dala sichqoni uchraydi. Ruminiya hududida Retezat milliy bog’ va bir necha qo’riqxona tashkil etilgan. Aholisining 90%ga yaqini ruminlar. Venger, nemis, lo’li, ukrain, serb va ruslar ham yashaydi. Rasmiy til—rumin tili. Shahar aholisi 55,4%. Dindorlarining aksariyati—pravoslav xristianlar. Yirik shaharlari: Buxarest, Klujnapoka, Timishoara, Yassi, Brashov, Galas, Krayova, Konstantsa, Ploeshti. Tarixi. Ruminiya hududida odam ilk paleolit davridan yashaydi. Transilvaniya, Moldova va Valaxiyada Dak qabilalari yashagan. Miloddan avvalgi І-asr o’rtalarida getdaklar qabila Ittifoqi shakllanib, keyinchalik uning asosida davlat paydo bo’laboshlagan. Milodiy 2-asr boshlarida daklar yashaydigan hududni Rim bosib olib, Dakiya nomi bilan o’z viloyatiga aylantirdi, daklar esa romanlashtirildi. 271 yil Rim imperiyasi inqirozga uchrashi natijasida rimliklar Dakiyadan chiqib ketishga majbur bo’ldi. Keyinroq bu yerlarga gunnlar, gepidlar, avarlar kirib kela boshladi. 6— 7-asrlarda slavyanlar ko’chib kelib o’rnashdi. 8-10-asrlarda Ruminiya hududining talaygina qismi birinchi bulg’or podsholigi tarkibiga kirdi. 10-11-asrlarda bijanaklar, qipchoqlar, 13-asrda mo’g’ullar bostirib keldi. 14-asrda ikki mustaqil davlat — Valaxiya va Moldova knyazliklari tashkil topdi. 16-asrga kelib, ular Usmonli turk imperiyasi qo’l ostiga o’tdi. 1688 yil Transilvaniya Gabsburglar davlatiga qo’shib olindi. 17-19-asrdagi Rossiya — Turkiya urushlari natijasida Usmonli turk imperiyasi zaiflashdi, bu esa Valaxiya va Moldova xalqlarining milliy ozodlik kurashiga qulay sharoit yaratdi. Valaxiya va Moldova knyazliklari muxtoriyatga erishdi, ularning xalqdari yagona davlat (1861 yildan Ruminiya)ga birlashdilar. 1862 yil Buxarestda milliy Majlis chaqirilib, yagona hukumat tuzildi. 1877 yil Ruminiya to’la mustaqillikka erishdi va 1881 yil Qirollik deb e’lon qilindi. 1-jahon urushi boshlarida Ruminiya Antanta davlatlari bilan ittifoq tuzib, Avstriya Vengriya hududining bir qismini qo’shib oldi va urushga kirishdi. Urush natijasida Ruminiya hududi va aholisi ikki baravar ko’paydi: 1918 yil unga Transilvaniya qo’shib berildi. Shu yili Bessarabiya va Shimoliy Bukovinani bosib oldi. 1929-33 yillardagi jahon iqtisodiy bo’hroni Ruminiya sanoati (neftdan tashqari) va qishloq xo’jaligiga salbiy ta’sir qildi. 1928-33 yillarda hukumat tepasiga vaqtivaqti bilan millatchi-saranistlar partiyasi kelib, mamlakat iqtisodiyotini g’arbga tobe qilib qo’ydi. Natijada Ruminiyaning g’arbga qaram bo’lishi kuchaydi. Chet elga badarg’a qilingan (1926) taxt vorisi Karol 1930 yil mamlakatga qaytib keldi va Karol II nomi bilan taxtga chikdi. 1931 yil «Temir gvardiya» degan fashistik tashkilot tuzildi. 1939 yil martda Ruminiya bilan Germaniya o’rtasida tuzilgan iqtisodiy bitim mamlakat iqtisodiyotini asoratga soldi. 2-jahon urushi boshlanishida Ruminiya hukumati betaraflik siyosatini e’lon qildi, lekin 1940 yil yozida bundan voz kechdi. Mamlakat fashizm yo’liga o’tdi. O’sha yil 23 noyabrda Ruminiya Berlin paktiga qo’shildi va 2-jahon urushida qatnasha boshladi. 1944 yil 23 avgustda Ruminiya hukumati ag’darib tashlandi. Mamlakatning yangi hukumati 24 avgust kuni Germaniyaga urush e’lon qildi. 1944 yil 25 oktabrda Ruminiya hududi batamom ozod etildi. 1947 yil monarxiya tugatilib, Ruminiya Xalq Respublikasi e’lon qilindi (1965 yil 21 avgustdan 1989 yil 22 dekabrgacha sotsialistik Respublika deb atalgan). 1948-89 yillarda Ruminiya Kompartiyasi (1921 yil tashkil etilgan, 1948-65 yillarda Ruminiya Ishchi partiyasi deb nomlangan) hukmronligi davrida mamlakat Sovet Ittifoqi ta’sirida bo’ldi. Ayniqsa, N. Chaushesku diktatorlik rejimi (1965— 89) davlat rivojiga halokatli ta’sir qildi. 1989 yil qo’zg’oloni natijasida hukumat ag’darib tashlandi, Chaushesku qatl etildi, Ruminiya KP tugatiddi, mamlakat nomi o’zgartirilib, «Ruminiya» deb atala boshladi. Hokimiyat tepasiga Milliy qutqarish fronti kengashi, 1990 yil Fevraldan muvaqqat milliy kelishuv kengashi keldi. 1990 va 1992 yillarda birinchi marta demokratik saylov o’tkazildi. Ruminiya — 1955 yildan BMT a’zosi. O’zbekiston Respublikasi suverenitetini 1991 yil 20 dekabrda tan olgan va 1995 yil 6 oktabrda diplomatiya munosabatlari o’rnatgan. Milliy bayrami — 1 dekabr — Ruminiya milliy kuni (1918). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Demokratik partiya, 1993 yil asos solingan; Milliy Liberal partiya, 1990 yil ro’yxatga olingan; ruminlar milliy birligi partiyasi, 1990 yil tuzilgan; Ruminiya Sotsial-demokratik partiyasi, 2001 yil Ruminiya sotsial demokratiya partiyasi bilan Ruminiya Sotsial-demokratik partiyasi qo’shilishi natijasida tashkil topgan; Ruminiya vengerlari demokratik Ittifoqi, 1989 yil tuzilgan; «Bukj Ruminiya» partiyasi, millatchi partiya. Ruminiya erkin kasaba uyushmalari milliy konfederatsiyasi, 1993 yil tuzilgan; Milliy kasaba uyushma bloki; «Alfa» milliy kasaba uyushma karteli. Xo’jaligi. Ruminiya — industrialagrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 41%, qishloq va o’rmon xo’jaligining ulushi 19%, xizmat ko’rsatish tarmog’i ulushi 40%. Sanoati. Ishlab chiqarish vositalari ishlab chiqaruvchi tarmoqlar ustun. Yoqilg’i-energetika bazasining negizini gaz, kumir va neft tashkil etadi. Elektr energiya (1 yilda o’rtacha 55 milliard kvt soat) ning ko’p qismi issiqlik elektr stansiyalarida hosil qilinadi. Neft konlari, asosan, Janubiy va Sharqiy Karpat etaklarida joylashgan. Temir, boksit, polimetall rudalari, mis, oltin, toshtuz va hokazolar qazib olinadi. Neftni qayta ishlashning asosiy markazlari — Ploeshti, Brazi, Piteshti, Dermeneshti. Metallsozlik, qora va rangli metallurgiya rivojlangan. Slatinada alyuminiy, Kopshamikeda qo’rg’oshin va rux, Bayamareda mis eritiladi. Mashinasozlik, asosan, neft qazib olish va uni qayta ishlash, kimyo sanoati, yengil va oziq-ovqat sanoati, energetika uchun texnologiya mashina-uskunalari va elektrtexnika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Avtobuslar, temir yo’l transporti vositalari, qurilish mashinalari, kemalar va traktorlar ham ishlab chiqariladi. Kimyo sanoatining asosiy mahsulotlari: soda, xlor, oltingugurt kislotasi, mineral o’g’it, sintetik kauchuk, plastmassa, smola, kimyoviy tola, dori-darmon, bo’yoq, lok va boshqalar. Binokorlik materiallari ishlab chiqarish, tsellyulozaqog’oz, yog’ochsozlik (ayniqsa, mebel), to’qimachilik tarmoqlari rivojlangan. Oziq-ovqat (meva va sabzavot konservalari, yog’, vino, pishloq) sanoatining ham salmog’i katta. Asosiy sanoat markazlari: Buxarest, Konstantsa, yassi, Timishoara va boshqalar. Qishloq xo’jaligiga yaroqli barcha yerlar salkam 15 million gektar. Shundan salkam 2,5 million gektari sug’oriladi. Dehqonchilik ustun. Asosiy ekinlari: makkajo’xori, bug’doy, arpa, suli. Texnika ekinlaridan qand lavlagi va kungaboqar yetishtiriladi. Sabzavotchilik, bog’dorchilik va uzumchilik (asosan, vinobop navlar) rivojlangan. Go’sht chorvachiligi yetakchi: qoramol, cho’chqa, qo’y, echki boqiladi. Baliqchilik, parrandachilik, asalarichilik, pillachilik, o’rmon xo’jaligi rivojlangan. Qishloq xo’jaligi mamlakatning oziq-ovqatga bo’lgan ehtiyojini 60% qondiradi. Transporti. Ruminiyaning Markaziy Yevropa mamlakatlaridan qora dengiz va Dunayga o’tiladigan tranzit yo’llaridagi ahamiyati katta. Mamlakatning umumiy yuk aylanmasida temir yo’lning ulushi qariyb 39,5%, dengiz transportining ulushi 48,8%, avtomobil transportining ulushi 7,1%, truboprovod transportining ulushi 3,2%, Daryo transportining ulushi 1,4%. Temir yo’l uzunligi 11,4 ming kilometr, avtomobil yo’llari 153 ming kilometr. Asosiy dengiz porti — Konstantsa, Daryo portlari — Breila, Jurju va Galas. Buxarest (Otopen) va Konstantsada xalqaro aeroportlar bor. Tashqi iqtisodiy aloqalari. Ruminiya chetga traktor, avtomobil, transport vositalari, kimyoviy o’g’it va neft mahsulotlari, qora metallar prokati, quvur, mebel, tsement, poyabzal, gazlama, tovush yozish apparatlari, mineral xom ashyo va boshqalar chiqaradi. Chetdan turli mashina-mexanizmlar, kimyoviy mollar, yoqilg’i va xom ashyo, oziq-ovqat, keng iste’mol mollari keltiradi. Tashqi savdoda Germaniya, Italiya, Rossiya, Frantsiya bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — Ley. Tibbiy xizmati. Davlatga qarashli poliklinika va kasalxonalar bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham bor. Vrach va farmasevtlar 5 ta tibbiyot-farmasevtika institutida, o’rta tibbiyot xodimlari tibbiyot maktablari va litseylarda tayyorlanadi. Ruminiyada 100 dan ortiq balneologiya va 23 iqlimiy kurort bor. Eng mashhurlari: Eforiya, Mangaliya, Konstantsa, Sinaya, Poyana-Brashov va boshqalar. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Ruminiyada ta’lim tizimi quyidagicha: 3 yoshdan 6 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun bolalar bog’chalari mavjud. 6 yoshdan 8 yillik maktabda ta’lim-tarbiya beriladi, so’ng 2 yillik litsey bosqichi boshlanadi. 10 yillik maktab negizida hunar-texnika tayyorgarligi amalga oshiriladi. Litseyni bitirganlar oliy o’quv yurtida o’qishni davom ettirishi mumkin. Yirik oliy o’quv yurtlari: Buxarest universiteti (1864), Klujnapoka, Brashov, Krayova, Galas, yassi, Timishoara shaharlarida universitetlar, politexnika institutlari va boshqa o’quv yurtlari bor. Ruminiyada Fanlar akademiyasi, tibbiyot fanlari, qishloq xo’jalik fanlari va o’rmon akademiyasi, ijtimoiy-siyosiy Fanlar Akademiyasi, ularning filiallari va ilmiy tadqiqot institutlari, idoraviy ilmiy tadqiqot institutlari bor. Fanlar Akademiyasining kutubxonasi, Markaziy davlat kutubxonasi, Buxarest universitetining markaziy kutubxonasi, politexnika institutining kutubxonasi va boshqa kutubxonalar, shuningdek, tasviriy san’at, tarix, etnografiya, arxeologiya, yodgorlik muzeylari mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Ruminiyada ko’pgina gazeta, jurnal va byulletenlar nashr etiladi. Eng muhimlari: «Adeverul» («haqiqat», mustaqil kundalik gazeta, 1989 yildan), «az» («bugun», kundalik gazeta, 1990 yildan), «Viktorul rominesk» («Ruminiya kelajagi», kundalik gazeta, 1990 yildan), «Vyasa kapitaley» («poytaxt hayoti», kundalik gazeta, 1990 yildan), «Demokrasiya» («demokratiya», haftanoma, 1990 yildan), «Dreptatya» («Adolat», kundalik gazeta, 1990 yildan), «Lumya az» («bugungi dunyo», mustaqil tashqi siyosat haftanomasi, 1963 yildan), «Rominiya libere» («ozod Ruminiya», kundalik mustaqil gazeta, 1943 yildan), «Tribuna ekonomika» («iqtisodiy minbar», haftalik jurnal, 1990 yildan). A. M. Pres — mustaqil xususiy agentlik, 1991 yil asos solingan; Milliy axborot agentligi — Rompres, 1990 yil «Ajerpres» agentligi qayta tashkil etilishi natijasida tuzilgan. Radio va Erkin rumin televideniyesi, 1989 yil Rumin radio va televideniyesi asosida barpo etilgan. Adabiyoti. Asrlar davomida marosim, Doyna (ishqiy) va Gayduk qo’shiqlari milliy adabiyot shakli, rumin tilining takomillashuv vositasi bo’lib kelgan. Boyar Nyakshuning xati (1521) dastlabki yozma yodgorlik hisoblanadi. 16-asrda dunyoviy mazmundagi didaktik asar yaratilishi, diniy kitoblar rumin tiliga tarjima qilinishi tarjimachilik va noshirlik rivojiga turtki bo’ldi. Rumin tili va adabiyotining qaror topishida G. Ureke (1590-1647), M. Kostin (163391), Y. Nekulche (1672-1745) va boshqalar ijodining ahamiyati katta. Ularning qalamiga mansub yilnoma va xronikalar adabiy mavzu va uslub namunasi bo’ldi. 18-asr oxiri va 19-asr 1-yarmida D. Kantemirning Allegorik Nasri, E. A. va N. Vekereskularning lirik va epik she’riyati adabiyot rivojiga salmoqli hissa qo’shdi. G. Asaki bilan Y. Eliade-Redulesku xalq ijodiyotiga asoslanuvchi yangi rumin adabiyotini yaratdilar. 19-asr 1-yarmi adabiyotiga yorqin romantizm ruxi singa boshladi. V. Kirlovi, G. Aleksandresku, A. Pann, A. Russo kabi yozuvchilar milliy tarix va folklorga alohida e’tibor berdilar. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida, ayniqsa, 1-jahon urushidan so’ng hayotni haqqoniy aks ettiruvchi adiblar (Y. Agirbichanu, L. Rebryanu, K. Petresku, J. Kelinesku) ijod qila boshladi. Xususan, M. Sadovyanu asarlarida qadimgi va yangi davr rumin turmushining turli qirralari o’z ifodasini topdi. 2-jahon urushidan so’ng, ayniqsa, mamlakat sosialistik rivojlanish yo’liga o’tgach, adabiyotga sotsialistik realizm zo’rlab tiqishtirildi, natijada adabiy asarlar bir yoqlama, sayoz tus oldi. Me’morligi. Ruminiya hududida frakiylar, skiflar, keltlarning madaniyat yodgorliklari, qora dengiz bo’ylaridagi antik shaharlar (Kallatiya, hozirgi Mangaliya; Istriya; tomi, hozirgi Konstantsa) qoldiqlari, Transilvaniya tog’larida daklar qal’alarining xarobalari saqlangan. Transilvaniya o’rta asrlar madaniyati Markaziy Yevropa mamlakatlari, valaxiya madaniyati esa Vizantiya-Serbiya me’morligi bilan birga, moldovan me’morligi o’ziga xos tarzda rivojlangan. 14-17- asrlarda tosh va g’ishtdan uylar, mahobatli minora va darvozali istehkomlar qurilgan. Xalq turar joylari ochiq galereyalar bilan, o’ymakorlik, naqshinkorlik va koshinkorlik usulida qurildi. 16— 18-asrlarda barpo etilgan mahobatli inshootlar (Kurtyadearjashdagi episkop cherkovi, 1512-17; Buxarestdagi stavropolis cherkovi, 1724-30; Buxarest yaqinidagi Mogoshoaya saroyi, 1700-02 va boshqalar) ham shunday usullarda bezatildi, hashamdorlikka intilish kuchaydi, 18- asr oxiri me’morligida klassisizm urf bo’ldi. 19-asr 2-yarmida sanoat va shaharlar rivojlanishi bilan qorishiq me’morlik ruhida jamoat binolari (Buxarestdagi Ateneum, Adliya saroyi va boshqalar) va xalq me’morligi an’analari asosida binolar (Buxarestdagi Bufetul) qurish avj oldi. 20-asr 30-yillarida neoklassisizm belgilari ustunlik qilgan bo’lsa (Buxarestdagi Respublika saroyi), asrning 2-yarmida industrial usullar joriy etildi, yangi shaharlar barpo qilindi. Tasviriy san’ati Egey madaniyatiga yaqin. Neolit davriga mansub guldor sopol idishlar, haykalchalar, 4-asrga mansub zargarlik buyumlari topilgan. 12-asrdan boshlab Transilvaniya san’ati Markaziy Yevropa san’ati bilan hamohang rivojlangan (14-15-asr devoriy rasmlari, dastgoh rangtasviri, 17-asr qabr haykaltaroshligi). 18-asr devoriy rassomligi va haykaltaroshlikda barokko uslubi seziladi. 14— 18-asrlar amaliy bezak san’atida metallga badiiy ishlov berish urf bo’ldi. Valaxiya va Moldovaning o’rta asrlar san’ati Vizantiya, Serbiya, Bolgariya ta’sirida bo’ldi. 16-asr cherkovlari devoriy rasmlar bilan, 17-18-asrlarda esa o’ymakorlik bilan bezatildi. 14— 15-aslrarda miniatyura (usta Gavril Urik) va rangtasvir (Kurtyade Arjeshda avliyo Nikolay cherkovidagi rasmlar) paydo bo’ldi. 16-asr rangtasvirida dunyoviy rux yuzaga keldi. 17-18-asrlardagi Valaxiya rangtasvirida folklor ruxi (Filipeshtidepedurdagi cherkov rasmlari, 1692, rassom P. Mutu) ustunlik qiladi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlarida dunyoviy san’at yuksaldi. 20-asr boshlaridagi rassomlar ijodida fovizm, kubizm va ekspressionizm an’analari xalqchil milliy ideallar bilan qo’shiddi (Sh. Lukyan, T. Pakladi, K. Ressu va boshqalar). Siyosiy grafika yuqori darajaga ko’tarildi (N. Tonisa, A. Jikidi va boshqalar). 20-asr 2-yarmida amaliy bezak san’atining har xil turlari — kulolchilik, badiiy oynachilik, kashtachilik rivoj topdi. Bu sohada yangi shakllarni izlashga, qad. an’analardan, noyob ifoda vositalaridan foydalanishga qiziqish kuchaydi. Musiqasi. Marosim, mehnat (cho’pon), muhabbat qo’shiqlari, allalar, ballada va doynalar, laparlar o’ziga xosligi bilan ajralib turadi. Xalq cholg’u asboblari: skripka, kobza, tsimbala, Fluer, fleyta (nay) va boshqalar. Leutar deb atalgan mohir musiqachilar folklorni ommalashtirishda katta ish qiddilar. Ruminiya davlati yuzaga kelishi bilan (1862) professional rumin musiqasi rivoj topdi. A. Flextenmaxer, E. Kaudella, Ch. Porumbesku, J. Shtefenesku, K. Dimitresku, G. Dima, G. Muzichesku dastlabki milliy sahna, xor qo’shiqlarini ijod qildilar. 20-asr 1-yarmida bu maktab g’oyat ravnaq topdi. Kompozitorlik maktabi asoschisi J. Enesku, shuningdek, M. Jora, S. Dragoy, M. Andriku, P. Konstantinesku kabi iste’dodli kompozitorlar yetishib chiqdi. 1920 yil rumin kompozitorlar jamiyati tuzildi, musiqashunoslik rivojlandi. 20-asr 2-yarmida oratoriya, kantata, operetta, ommaviy qo’shiq, estrada, teatr va kino musiqasi kabi janrlar yuzaga keldi. Ruminiyada 10 ta musiqa teatri, 20 ta simfonik orkestr, xalq musiqa ansambllari, xor jamoalari, 2 ta konservatoriya bor. M. Basarab, K. Silvestri, M. Bredichanu kabi dirijyorlar, Z. Palli, N. Xerlya, A. Floresku, T. Lukachu kabi xonandalar, Sh. Georgiu, Y. Voyku, Sh. Ruxa kabi sozandalar mashhur. Teatri qadimgi o’yin va marosimlardan boshlangan. Ular orasida «kelushariy» (nikoh marosimi) va «brezaya» (yangi yil marosimi) ayniqsa o’ziga xos. Ruminiyada dastavval maktab teatrlari paydo bo’ldi. 1841 yil Yassida teatr binosi qurildi. 1852 yil Buxarestda katta teatr (1877 yildan milliy teatr) ish boshladi. So’ngra bir qancha shaharlarda turli yo’nalishdagi teatrlar ochildi. 19-20-asrlarda G. Manolesku, A. Romanesku, K. Nottara, A. Prutyanu, keyinchalik ularning izdoshlari A. Demetriade, T. Bulandra va boshqa realistik an’analarni davom ettirdilar. Ular jahon mumtoz dramaturgiyasi asarlarini va mahalliy mualliflarning pyesalarini sahnalashtirdilar. Eng mashhur aktyorlari: R. Beligan, A. Buzesku, G. Vasiliubirlik, K. Antoniu, M. Bachu, D. Kocha, rejissyorlari: M. Gelerter, L. Jurjesku, S. Aleksandresku, Y. Pola, L. Chuley va boshqalar. Kinosi. Filmlar 1897 yildan suratga olina boshlagan. 1911 yil birinchi film — «Peshonaga yozilgan muhabbat» ishlab chiqarildi. 1950 yil «Vodiy jarangi», 1952 yil «Mitrya Kokor» filmlari yaratildi. 20-asrning 2-yarmida «tashnalik», (rejissyor M. Dregan), «Dunay to’lqinlari» (rejissyor L. Chuley), «Panjarasiz osmon» (rejissyor F. Muntyanu), «hokimiyat va haqiqat», «fitna» (rejissyor M. Markus), «Devor» (rejissyor K. Vaeni), «lahza» (rejissyor Vitanidis) kabi falsafiy, axloqiy filmlar yaratildi. Y. Popeskugoponing multfilmlari jahonga mashhur. Taniqli aktyorlari — R. Beligan, M. Pogonat, M. Barbu, I. Petresku va boshqalar. 1963 yil kino xodimlari jamiyati tuzilgan. Kino mutaxassislari Y.L.Karajale nomidagi teatr va kino san’ati institutida tayyorlanadi. O’zbekiston — Ruminiya munosabatlari. 1994 yil O’zbekiston Respublikasi bilan Ruminiya o’rtasida «savdo iqtisodiy hamkorlik to’g’risida» imzolangan bitim va O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 1996 yil Ruminiyaga qilgan rasmiy tashrifi vaqtida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar ikki davlat o’rtasidagi iqtisodiy va ilmiy- texnikaviy hamkorlik uchun huquqiy asos yaratdi. O’zbekiston Ruminiyaga paxta tolasi, gazlama, kalava ip va turli xizmatlar eksport qiladi. Ruminiya esa plastmassa va undan tayyorlangan mahsulotlar, moy va o’simlik yog’i, dori-darmonlar yuboradi. Endilikda mamlakatlarimiz o’rtasida paxtani qayta ishlash, to’qimachilik, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, qishloq xo’jalik xom ashyosini qayta ishlash, neft va gaz sanoati sohalarida hamkorlik yo’lga qo’yilgan. O’zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Ruminiyaning bir qancha yetakchi banklari bilan sheriklik munosabatlari o’rnatgan. «O’zbekneftgaz» milliy xolding kompaniyasi uskunalar yetkazib berish haqida Ruminiya kompaniyalari bilan bitimlar tuzgan. Ruminiya sarmoyasi ishtirokidagi spirtli ichimliklar ishlab chiqaradigan «afsar Kompani» qo’shma korxonasi barpo etilgan. O’zbekiston — Ruminiya hukumatlararo iqtisodiy kengashi samarali faoliyat ko’rsatmoqda. 2002 yil yakuniga ko’ra, ikki mamlakat o’rtasidagi tovar aylanmasi 5,4 million AQSh dollarini tashkil qildi. Har ikki davlatning TRASEKA transport yo’lagini barpo etish dasturi doirasidagi hamkorligi muhimdir. Ruminiya Prezidenti Ion Ilieskuning 2003 yil aprelda O’zbekistonga tashrifi chog’ida turizm sohasida hamkorlik qilish haqida hamda ikkala mamlakatning diplomatik va xizmat pasportlari bo’lgan fuqarolariga vizalarni bekor qilish to’g’risida konsullik konventsiyasi kabi yangi hujjatlar imzolandi. O’zbekiston Respublikasi bilan Ruminiya BMT, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, NATO kabi tashkilotlar doirasida xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik, qurol-yarog’ va narkotik moddalar kontrabandasi, milliy, mintaqaviy xavfsizlikka taxlika soladigan boshqa xavfxatarlarga qarshi birgalikda kurashish haqida kelishib olgan.