Runik yozuv

Runik yozuv — germanlarda 2-3-asrlardan to o’rta asrlar oxirigacha qo’llangan alifbo; lotin yozuvi tarqalishi munosabati bilan iste’moldan qolgan. Runik yozuv belgilari, ya’ni runalar, asosan, metallga, toshga va yog’ochga o’yib yozilgan, shuning uchun ular o’ziga xos uchli, nayzasimon ko’rinishga ega bo’lgan. Angliya, Islandiya va Grenlandiyada, Skandinaviyada, shimoliy Yevropaning bir qancha hududlarida tarqalgan. Katta (umumgerman) runalari hamda kichik (skandinav) runalari o’zaro farqlanadi. Katta Runik yozuvning tili biron-bir qadimgi german tiliga o’xshamaydi, undagi bitiklar (150 ga yaqin), asosan, qurol va taqinchoqlarga, shuningdek, toshlarga yozilgan. Kichik Runik yozuv esa qadimgi skandinav tillari yodgorliklari hisoblanadi, ularni, asosan, toshlardagi bir necha jumladan iborat xotira yozuvlari (yodnomalar) tashkil etadi. Katta runalar 24 ta, kichik runalar 16 ta bo’lgan. Qadimgi turkiy yozuvlar, ya’ni urxun-yenisey yozuvlari ham fin va boshqa yevropalik olimlar tomonidan «Runik yozuv» deb atalgan.