Rustaveli Shota
Rustaveli Shota (12-asr) — gruzin shoiri. Yangi gruzin tili asoschisi. Biografiyasiga oid ma’lumotlar «yo’lbars terisini yopingan Paxlavon» dostoni (1712) muqaddimasida uchraydi. Shoir Gruziyada Tamara (1184-1213) va uning eri David soslani hukmronligi davrida davlat xazinachisi bo’lgan. «Yo’lbars terisini yopingan Paxlavon» dostoni jahon adabiyoti durdonalaridan biri. Unda ijtimoiy, axloqiy masalalar adibning yuksak ideallari bilan qo’shib talqin qilingan. Asarda qahramonlik, chin insoniy muhabbat, oliyhimmatlik, poklik ulug’langan, zulmkorlik qoralangan. Turli xalq vakillari — Avtandil (Arab), Tariel (hind) obrazlari orqali xalqlar do’stligi madh etilgan. Neston — Darijon misolida esa ayollarga xos ajoyib insoniy fazilatlar umumlashtirilgan. Asar qahramonlari baxt va adolat tantanasi uchun kurashuvchi kishilar bo’lib, ularda 12-asrda Gruziyada yashagan ilg’or kishilarning eng yaxshi fazilatlari mujassamlashgan. Shoir qo’rqoq va ikkiyuzlamachi shoxlarni qoralagan. Ammo insonparvar podsho boshchiligidagi yagona, birlashgan, kuchli davlat tuzilishini orzu qilgan. Rustaveli jahon adabiyotida birinchi bo’lib, savdogarlar hayotining Real kartinasini chizgan va uni ideallashtirilgan saroy risarlari hayotiga qarama-qarshi qo’ygan. Shaxs erkinligi, fikr va tuyg’ular erkinligi madh etilgan. Umumbashariy g’oyalarni birinchi o’ringa qo’yib, qahramonlar psixologiyasi, voqealar mohiyatini chuqur ocha bilgan. Qadimgi milliy madaniyatni, folklorning eng yaxshi an’analarini o’zlashtirib, gruzin she’riyatini yuqori pog’onaga ko’targan. Rustavelining poetik nutqi majoziyligi, hikmatlarga boyligi bilan ajralib turadi. Asari jahon xalqlari tillariga, jumladan, o’zbek tiliga tarjima qilingan (Mirtemir, Shayxzoda hamkorlikda, 1959). Toshkentning Markaziy ko’chalaridan biriga Rustaveli nomi berilgan. As: yo’lbars terisini yopingan paxlavon, T., 1959. Ad.: Baramidze A., Shota Rustaveli, M, 1966; Inog’omov R., Gruzin adabiyotining quyoshi, T., 1966.