Ruteniy

Ruteniy (lotincha Ruthenium), Ru Mendeleyev davriy sistemasining VIII guruhiga mansub kimyoviy element. Tartib raqami 44, atom molekulasi 101,07. Tabiiy Ruteniy massa sonlari 96, 98-102 va 104 bo’lgan 7 ta barkaror izotopdan iborat, eng ko’p tarqalgani 102Ru (31,61%). Ruteniy 1844 yilda Qozonda K. Klaus tomonidan kashf etilgan va Rossiya sharafiga Ruteniy deb atalgan. Ruteniy Yer po’stining massa jihatidan 510-7% ini tashkil qiladi. Ruteniy, asosan, platina guruhidagi metallar bilan birga uchraydi. Tug’ma platinada 0,02% atrofida Ruteniy bo’ladi. Ural konlaridan olinadigan osmiyli iridiyda 20% gacha Ruteniy bor. Ruteniy kumush rang, juda qattiq metall, suyuqlanish temperaturasi 2250°, qaynash temperaturasi 4900°, zichligi 12,2 g/sm3. Rutenining amorf va kristall modifikatsiyalari mavjud. Amorf Ruteni qora tusli kukun, u Ruteni birikmalarini eritmalarda qaytarish natijasida hosil bo’ladi. Amorf Rutenini suyuq qalayda eritib, qayta kristallash yo’li bilan kristall Ruteni olinadi. Rutenining o’z birikmalarida valentligi 0 dan 8 gacha. Rutenining metall bo’lagi zar suvida ham erimaydi, lekin kukun holatdagisi sulfat va perxlorat kislotalar bilan reaktsiyaga kirishadi. Rutenining RuO4 tarkibli oksidi, Ru(OH)3nH2O tarkibli gidroksidi, RuCl2, RuCl3, RuCl4, RuBr3, Rul3, RuF5 tarkibli galogenidlari, RuS2 tarkibli sulfidi va Ru(NO3)36H2O tarkibli kristallogidrati ma’lum. Ruteni juda ko’p kompleks birikmalar hosil qiladi. Osmiy bilan Ruteni qotishmasidan Pero, ba’zi asboblarning magnit xossalarga ega bo’lmagan detallari tayyorlanadi. Rutenining nikel, kobalt, molibden, volfram, bor va kumushli qotishmalaridan elektr lampalarning cho’g’lanish tolalari, zargarlik buyumlari, laboratoriya jihozlari, kontakt materiallar va simlar ishlanadi. Katalizator sifatida, chinni va sopol uchun bo’yoq tayyorlashda, K2[RuCl6] tarkibli kompleks tuzi fotografiyada qo’llanadi.