SAARINEN (SAARINEN) ELIEL

SAARINEN (SAARINEN) ELIEL (1873.20.8, Rantasalmi, Finlyandiya — 1950.30.6, Blumfildxils, AQSh) — fin me’mori. Gelsingfors (Xelsinki) da o’qigan (1893-97); universitetda rassomlik, Politexnika institutida me’morlikni o’rgangan. Fin me’morligida «milliy romantizm» uslubining asoschisi (xelsinkidagi Milliy muzey, 1906-09; Laxtidagi ratusha, 1912), 1923 yildan AQShda ishlagan (o’g’li Ero Saarinen bilan). Asosiy loyihalari: Parijdagi xalqaro ko’rgazma paviloni (1900, hamkorlikda), maktab, muzey va Blumfildxilsdagi Badiiy Akademiyasi (1926— 43), Uorren (Michigan shtati) dagi «Jeneral Motore» kompaniyasi texnik markazining loyihasi (1948-56) va boshqalar.