Said Shermuhamedov (1930-2016)
Said Shermuhamedov 1930 yil 12 mayda Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida tug‘ilgan. 1948-1953 yillarda Samarqand davlat universitetida ta’lim olgan. O‘qishni tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsilni davom ettirgan.
Falsafa fanining dolzarb masalalari bo‘yicha 1960 yilda nomzodlik, 1974 yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1994 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining a’zosi etib saylangan.
Said Shermuhamedov o‘zining 60 yildan ortiq mehnat faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining falsafa va huquq instituti ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, direktor o‘rinbosari, respublika maorif vaziri, Pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori, O‘zbekiston Milliy universitetining kafedra mudiri kabi mas’uliyatli lavozimlarda samarali xizmat qilgan va yurtimizda falsafa faniga doir masalalarni ilmiy tadqiq etish, ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishida faollik ko‘rsatgan.
Said Shermuhamedovning rahbarligida o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlari tayyorlangan.