Samarqandda XIV asr oxiri va XV asr arxitekturasi

Temur zafarli yurishlaridan so’ng kengayib borayotgan o’z davlati poytaxtini tanlashda ikkilanib qoldi. O’sib ulg’aygan va urug’-avlodi yashagan Shahrisabz yoki uning siyosiy shuhrati boshlang’ich Samarqand shaharlaridan qay birini poytaxt qilib olsin? Temur Shahrisabzga har doim mehr-muhabbat bilan qaragan va bu joy hamisha uning diqqa-e’tiborida turgan bo’lsa-da, Samarqandni poytaxt shahar deb e’lon qildi. XIV asrning 70-yillaridan boshlab Samarqandda qurilish ishlari yanada yuksak sur’atlar bilan boshlab yuborildi.

Samarqandning shahar plashtirishidagi asosiy elementar “Qal’a” arki, shahar mustahkamlangan territoriyasi – Hisordan iborat edi. Aftidan, hisor asosan Samarqandni mo’g’ullar egallab olgungacha bo’lgan qadimiy devorlar o’rnida tiklangan. Undan so’ng shahar atrof mahallalari keyin esa qishloq joylari – tumanlar cho’zilib ketgan edi. Temur tomonidan hijriy 773 yilda (1371-1372) shaharning mudofaa devorlari qurila boshladi. Ulardan hozir asar ham qolmagan bo’lsa-da, XIV asr miniatyuralaridan ularning tashqi ko’rinishi haqida tasavvur hosil qilish mumkin. Devorlar baland bo’lib, atrofi xandaq bilan o’ralgan. Ular asosan g’isht va paxsadan qurilgan, devorlari kungurador, har burchagida burjlari va nishon tuynuklar bo’lgan. O’sha vaqtda asosiy shahar darvozalari qurilishiga alohida e’tibor berilgan. Ular oltita bo’lgan: Shimolda – Ohanki va Shayxzoda, g’arbda – Chorsu, janubda – Korizgoh va So’zangaron, sharqda – Feruza.

XIV asrga oid “Fathnoma” nomli qo’lyozmadagi nodir miniatyuralarning birida (O’zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institute) Ohanin darvozasi tasvirlangan. Bunda baland toqlari bo’lgan minoralari peshtoq tasvirlangan. Qal;aning devorlari kungurali qilib ishlanib, u yer-bu yerida soqchi va mudofaachi turadigan burjlar va nishon tuynuklar bor. Ulkan qoramtir darvozalar cho’yandan quyilgan bo’lishi kerak (Darvozai Ohanin “Temir darvoza” demakdir). Peshtoqning romlari, kunguralari, ark tokchalari ko’k rangli koshinlar bilan bezalgan. Peshtoq ustidagi naqshlar orasida yozuvlar bo’lgan.

34 ga maydonni o’z ichiga olgan qal’a Novadon arig’idan g’arbga qarab ko’tarilib boradi. Ariq hisorni kesib o’tib, qal’ani o’rab turgan xandaqlarga oqqan. Qal’ada hukumat muassasalari, qurol-yarog’ ustaxonalari, zarbxona, qamoqxona va ikkita saroy – Ko’ksaroy va Bo’stonsaroy bor. Ko’ksaroyda Samarqandning asosiy davlat idoralari joylashgan bo’lib, bu yerda toj-baxt uchun, toj-taxt uchun kurashlar, yashirin qotilliklar bo’lib turgan. Saroy to’rt oshiyonali bo’lib, u ko’k koshinlar bilan qoplangani uchun ham shu nomni olgan. Qal’a ichidagi yodgorliklardan faqatgina bittasi – Ko’k tosh saqlangan. Bu tosh hozir Go’ri Amirning hovlisida turibdi. Bu tosh yirik paralleliped shaklida bo’lib, o’yma naqshlar tushirilgan va yonlariga guldor chiziqlar tortilgan kulrang marmardan iborat.

Samarqand qal’asining chegarasida 1371-1372 yillarda mashhur shayx Nuriddin Basir yoki Kutbi Chahorduhum maqbarasi qurildi. Bu yodgorlik ham bizgacha yetib kelmagan. Rassom V.A.Vereshchaginning rasmi, qadimiy o’lchovlar va uning fotografiyasi bu yodgorlikni tasavvur qilish imkonini beradi.

Hisorni planlashtirish sxemasi quyidagicha: shahar darvozalaridan kelib taxminan Registon maydonida tutashuvchi olti asosiy magistral yo’l bor. 1404 yilda Temur tomonidan bosh ko’chalardan birinchi tuzatish va to’g’rilash ishlari amalga oshirilgan bo’lib, bu aftidan Ohanin darvozasidan kelgan ko’cha bo’lsa kerak. Bu ishlarning shohidi bo’lgan Klavixoning mazkur ko’cha qurilishi haqidagi xotiralari yuqorida keltirilgan edi.

Samarqand xalqaro savdo va hunarmandchilik keng ko’lamda rivojlangan shahar bo’lgan. Shahardagi son-sanoqsiz bozor, do’kon, ustaxonalar faqatgina asosiy ko’chalarda emas, balki ikkinchi darajali ko’chalarda ham joylashgan. Bu yerda yuzlab kichik do’koncha va o’nlab yirik savdo binolari – timlar, ko’chalar kesishgan takya va chorsularda gumbazsimon binolar qurilgan. Uzoq mamlakatlardan bu yerga keluvchi savdogarlar uchun karvon saroylar, bozor ahli uchun son-sanoqsiz oshxona va choyxonalar, go’zar machitlar bunyod etilgan. Turar joylarda ichkari va tashqi hovlilar, hovuz, daraxtlar, toklar bo’lgan. Bular orasida Samarqandning hashamatli, go’zal arxitektura inshootlari ko’kka bo’y cho’zgan.

Temur davrida bunyod etilgan inshootlarning juda oz qismi shu kungacha saqlangan, ko’pchiligi xaroba holida yetib kelgan.

O’sha vaqtlarda Afrosiyob tepaligining janubidagi Shohizinda ansambli kengayadi va qaytadan yuzaga keladi. Qo’sam ibn Abbos mozoridan qadimiy devorning janubigacha bo’lgan yo’lakning yuqori qismida Temur safdoshlari – amirlar va uning oilasidagi malikalarga mo’ljallangan maqbaralar gruppasi yuzaga keladi.

Temurning opasi Turkan oq tomonidan qurilgan Shodimulk oqa (1372 yil vafot etgan) maqbarasi, Tug’lu Tekinning o’g’li Amir Husayn (1376 yil) maqbarasi, Temurning singlisi Shirinbeka oqa maqbarasi (1386 yil) va Amirzoda maqbarasi (1386 yil) to’rt daxmadan iborat gruppani tashkil etib, ular bir-biriga to’g’rima-to’g’ri joylashgan.

Ko’sam ibn Abbos mozoriga yondashgan gruppaga olib boruvchi bosh yo’lakning g’arbiy yo’nalishida ikkita nomsiz maqbara (№1, №2) va Amir Burunduq maqbarasi bor. Yaqin yillardagi qazishma ishlari natijasida bu maqbaralar qarshisida yana bir daxma joylashganligi aniqlandi. Bular XIV asrning so’nggi choragiga oid yodgorliklar bo’lsa kerak, deb taxmin qilinmoqda.

1404/5 yillarda Shohizinda yodgorliklarining shimoliy gruppasi qurilishi nihoyasiga yetkaziladi. Bu ishlar Temurning sevimli xotini Tuman oqa faoliyati bilan bog’liq. Tuman oqa tomonidan maqbara, machit va ansamblning bosh qismiga olib chiquvchi chortoq quriladi. Uning maqbarasidan g’arbda yana qandaydir daxmalar joylashgan bo’lib, ulardan faqatgina chiroyli naqshli poydevor saqlanib qolgan.

Barcha maqbaralar bir xonali, kiraverishi peshtoq va gumbazli, kattaligi jihatidan taxminan bir xildadir. Shu bilan birga ular bir-birini takrorlamaydi, ularning har biri tuzilishida o’ziga xos xususiyatlar, yangi elementlar bor. Maqbaralarning qubbalari “P” shaklida bo’lib, har xil usulda qurilgan. Ularning bezalishi ham turlicha, xilma-xil naqshlardan foydalanilgan.

Shohizinda yodgorligi faqat me’morlik san’ati namunasigina emas, balki kulolchilik san’ati namunasi hamdir. Ularda sopoldan ishlangan pardoz materiallari alohida ajralib turadi. Bu yodgorlik butun musulmon sharqida tengsiz hisoblanadi.

“O’rta gruppa” dagi Shodimulk, Amir Husayn va Amirzoda maqbaralarida serjilo o’yma naqshlar o’zining go’zalligi bilan ajralib turadi. Faqat ayrim joylarga rangli koshinlar ishlatilgan. Ularning naqshlari hanuz bilinib turibdi. Bunday koshinlar maqbaraning pastki qismidan to gumbazning ustigacha yopishtirilgan. Maqbaralarning nimqorong’i interyerlari ham ana shu tarzda ishlangan. Maqbaralar naqsh rangli g’ishtlardan yig’ilgan mayda figuralarni yoki o’simlik shoxlariga o’xshash turli tasvirlarni eslatadi, ba’zan esa “ko’fiy” shaklidagi geometrik yozuvlar boyagi o’simlik tasviriga uyg’unlashib ketadi. Bu bezaklarning hammasi XIV asr O’rta Osiyo rassomchiligiga xos bo’lgan naqshlardan iborat bo’lib, ularda Qo’sam ibn Abbos (1334 yil), Xo’ja Ahmad va nomsiz maqbaralar (1360 va 1361 yillar) da, shuningdek, Shohizindaning yuqori gruppasidagi maqbaralar qurilishidagi Samarqand-Buxoro me’morchilik maktabining uslublari davom ettirilgan. Shodimulk maqbarasining peshtoqida Badriddin va Shamsuddin degan ustalarning nomlari (nomining oldida qo’shimchasi yo’qligi ham ularning samarqandlik ekanligini ko’rsatib turibdi) va buxorolik usta Zayniddinning nomi yozib qo’yilganligi ham buni isbot etib turibdi.

Nomsiz maqbaralar va Shodimulk hamda Burunduq daxmalari orasida nomsiz maqbaralar Qashqadaryo me’morchilik maktabining namunalariga stilistik jihatdan yaqin. Keyingi yillarda olib borilgan tadqiqot ishlarida bu maktab namunalari yaqqolroq ko’rindi. Ana shu maqbaralarning biridagi ustunlarda Ali Nasafiy ismli ustaning (qarshilik) nomi saqlanib qolgan. Bu maqbaralarning bezak ranglari xilma-xil. Plitkalar havorang, yashil, oq ranglardan tashqari, sariq, och, ko’k, to’q qizil va zarhal ranglar bilan bezalgan. Bu bezaklarda umumiy motivlar bir-biiga yaqin ko’rinsa-da, ular tasvirlar va yozuv naqshlari, xarakteri jihatidan yuqoridagilardan farq qiladi.

Shirinbeka oqa va Tuman oqa maqbaralari uchinchi gruppani tashkil qiladi. Ularda Eron me’morchilik san’atining stilistik belgilari aniq sezilib turadi. Maqbaralar qurilishida eronlik ustalar bevosita ishtirok etgan bo’lishlari ham mumkin. Shuningdek, Shohizindaga olib boradigan yo’lakka o’rnatilgan ajoyib o’yma naqsh solib ishlangan eshikka o’ymakor Yusuf Sheroziy nomi yozib qo’yilganligi ham bilvosita ana shundan dalolat beradi. Tuman oqa maqbaralaridagi kalligrafik yozuvlarni bajargan boshqa bir ustaning nomi ham saqlanib qolgan. Bundan tashqari koshin bezaklar usuli, unda Isfahon va Tabriz qurilishlarida qo’llaniladigan o’yma mozaikalarning ko’pligi ham Eron me’morchiligi ta’siri borligini ko’rsatadi. Naqsh elementlari alohida-alohida o’yilib, keyin yig’ilgan bu mozaikalarning tayyorlanishida ularni bir-biriga jpslashtirish mashaqqatli jarayon bo’lib, ustadan aniq ishlashni talab qilgan.

Shirinbeka oqa va Tuman oqa maqbaralari kompozitsiyasida avvalgi og’ir va katta qubbalar o’rniga ixcham va bejirim qubbalar ishlanganligini ko’ramiz. Bu yogdorliklarning interyerlari avvalgilardan ko’ra yorug’roq. Chunki ularga gumbazdagi tuynuklardan yorug’ tushib turadi. Bezaklar birmuncha ochiq rangda, faqat maqbara pastki qismi koshinkor plita bilan qoplangan (Bu koshinlar shakldor yoki olti burchakli bo’lib, ularga zarhal yozuvlar bitilgan). Maqbaralar devorlaridagi rasmlar naqsh shaklida tushirilgan. Shuningdek, unda syujetli rasmlar ham tasvirlangan. Shirinbeka oqa maqbarasida esa (u yerdagi rasmlar bilinear-bilnimas) ariqdan oqayotgan suv va shoxlar qo’ngan qushchalar tasvirlangan. Tuman oqa machiti koshinlar qilib ishlangan. Unda gumbazsimon konstruksiyalar sohasidagi yangi izlanishlar o’z aksini topgan. Temur hukmronligining so’nggi yillarida Shohizinda maqbarasining o’rta qismi deyarli tugallangan ansambli tashkil etgan.

Shahar arxitektura ansambli XV asr Samarqand me’morchiligida asosiy yo’nalishlardan biri hisoblangan. Ularning kompozitsion uzellarini monumental ansambllar belgilagan va shahrdagi eng baland binolar shaharni bezash usuli deb hisoblangan.

Malikalar, shahzodalar, amirlar o’zlarining shon-shuhratlarini ko’z-ko’z qilish uchun yirik binolar – Tuman oqa xonaqosi, Saroymulk xonim madrasasi, vaqifga berilgan Tuman oqa yerlari va boshqalarni qurishda musobaqalashganlar. Bu vaqtdagi eng yirik inshootlar Temurning amri bilan qurilgan. Samarqandda ikkita yirik arxitektura ansambli obidalari bizning kunlargacha saqlanib keldi. Ularning biri shahzoda Muhammad Sulton (1374-1403 yillar) nomi bilan bog’liq. Muhammad Sulton Temurning sevimli nabiralaridan bo’lib, unga Samarqand taxtini berish mo’ljallangan. Muhammad Sulton O’zbekiston avlodlaridan bo’lgan Jahongir va Suyun oqaning o’g’lidir. Dastlabki bu kompleks ikki bino – madrasa va xonaqohdan iborat bo’lgan. Ular to’rt ayvonli to’rtburchak hovli, unign to’rt burchagidagi to’rtta baland minora bir-biriga qo’shilgan.

Bu kompleks XIV asrning 90-yillarida – 1387 yilda Isfahon bosib olingandan keyin qurilgan bo’lsa kerak. Temur Isfahon yurishidan so’ng o’z poytaxtiga juda ko’p boyliklar qatori mashhur ustalarni ham olib kelgan edi.

Muhammad Sulton madrasasi va xonaqosiga kiraverishdagi uzun ravoqqa shu kompleksni qurgan Muhammad ibn Mahmud Isfahoniyning nomi o’yib yozilgan. Bu yerdagi minoralar Isfahon atrofidagi Boboso’xta machiti minorasini eslatadi. Koshinkor bezaklar esa XIV asrdagi Isfahon yodgorliklari bezaklariga o’xshab ketadi.

Muhammad Sulton madrasasi kelajakda uning siyosatda va harbiy ishda safdoshi bo’ladigan nufuzli oilalarning bolalarini tarbiyalash uchun mo’ljallangan. Madrasa va xonaqolardan faqatsina poydevorning ayrim qismlari saqlangan. Ana shunga va XVII asr avtori Maleho Samarqandiyning yozishiga ko’ra, madrasa iikki qavatli bo’lib, unda hovli, 29 hujra va ikkita darsxona bo’lgan.

Muhammad Sulton 1403 yil Kichik Osiyoga yurish vaqtida to’satdan vafot etdi. Shahzoda jasadi Sultoniyadagi payg’ambar Haydar mozoriga qo’yiladi va 1404 yili Samarqandga olib kelinib, uning madrasagidagi vaqtinchalik dahmaga dafn etiladi. O’sha 1404 yili Muhammad Sulton madrasasi va xonaqosini birlashtiruvchi hovlidagi janubiy ayvon oldida Temur buyrug’iga ko’ra katta maqbara Go’ri Amir qurildi (bu yerda birinchi bo’lib musulmon dinining ko’zga ko’ringan vakili Mirsaid Baraka dafn etilgan). Keyinchalik bino Temuriylarning oilaviy daxmasiga aylangan, bu yerga Temurning o’zi ham dafn etilgan. Unga Temurning o’g’illari – Umarshayx, Mironshoh, Shohruh, nevaralari Muhammad Sulton va Ulug’bek hamda ikki kichik yoshdagi chevaralarinign jasadi qo’yilgan. Temuriylar avlodi XV asrda “Go’ri Amir”ga tutash bo’lgan binoga hamda madrasaning janubi-g’arbiy tomonidagi darsxonaga dafn etilgan.

Go’ri Amir maqbarasis arxitekturasi dastlabki madrasa – xonaqo kompleksidan umumiy tasviriy qurilishi jihatidan farq qiladi. Madrasa – xohaqoda mutanosiblik va bezakning nozikligi ustun turadi. Maqbara esa kuchli arxitektura shakllarining soddaligi, naqsh motivlarining uyg’unligi bilan ajralib turadi. Temur vafotidan so’ng Mirsaid Baraka qabridan bir oz pastroqda marmar toshga o’yib naqsh solingan mozorlar paydo bo’ldi, ularga Temuriylar avlodi dafn etildi.

Qabrlarning turgan joyi Ulug’bek davrida o’ymakor marmar panjara bilan o’raldi. 1424 yili uning buyrug’i bilan maqbaraning sharq tomonida to’rt qubbali galereya qurildi. Bu galereyadan maqbaraga kirish mumkin: maqbara interyerlarining asosi havorang, devorlariga esa naqshlar bitilgan. Go’ri Amirning janub tomonidagi va g’arb tomonidagi g’ishtdan ishlangan bezaksiz katta peshtoqli gumbaz qay vaqtda qurilganligi aniq emas. Ba’zi tadqiqotchilar ular XVI-XVII asrlarga oid deb aytsalar, ba’zilari Ulug’bek tomonidan qurilgan deydi.

Muhammad Sulton madrasa – xonaqosi va Go’ri Amir kompleksi tosh yo’l orqali shimolroqda azm daraxtlarga, hovuz va yozgi machit o’rtasida jolashgan Ruhobod maqbarasi bilan bog’langan. Ruhobodning hashamatli binosi XVI asrning 80-yillarida shayx Burhoniddin Sog’arjiy qabri ustiga qurilgan, biroq u o’zining arxitektura formasiga ko’ra mo’g’ullar istilosigacha bo’lgan qurilishining eski an’analariga mos keladi. Maqbaraning arxitektura kompozitsiyasi oddiy; agar kiraverishdagi terrakotadan ishlangan bezakni hisobga olmasak, umuman naqsh yo’q. Uzodan, maqbara bilan bir chiziqda yuqorida zikr etilgan Qutbi Chahorduhum maqbarasi ko’zga tashlanadi. Bu yodgorlikning arxitektura jihatida bog’liqligi mashhur shayx Nuriddin Basir va uning izdoshi Burhoniddin Sog’arjiyning g’oyaviy hamfikrligini qayd qilgandek, Sog’arjiy Temur davrida Samarqand diniy hayotida muhim rol o’ynagan.

XV asrning boshlarida Samarqandda Ohanin darvozasi yaqinida yana bir ulkan arxitektura ansambli barpo etildi. Bu Temurning Jome machiti edi.

1399 yili Temur tomonidan yangi machit qurilishi boshlab yuborildi va 1404 yili qurib bitkazildi. Machit qurilishi uchun 1399 yili Hindiston yurishida qo’lga tushgan boylik sarf etildi. Bu yerda mohir ustalar va me’morlar mehnat qildi. Machit Temurning yosh, suyukli xotini Bibixonim nomi bilan mashhur. Biroqq u noto’g’ri ravishda Temurning katta xotini Saroymulkxonim nomi bilan ataladi. Chunki o’sha kezlarda Saroymulkxonim ham machit ro’baro’sida ulkan madrasa qurdirgan edi.

Bu ikki ulkan bino to’la saqlanmagan bo’lsa-da, bizgacha yetib kelgan xarobalar o’zinign ulug’vorligi bilan kishini hayratga solidi.

Temurning Jome machiti to’rtburchak shaklida bo’lib, bunda to’rt ayvonli to’g’ri burchakli hovli, umumiy kirish yo’li uchta qubbali bin ova 400 ta tosh ustunli to’rt qubbali galereyalardan bo’lgan. Amir Temur maschitni butun musulmonlar dunyosida eng katta qilib, jumladan, uni Dehlida hayratda qoldirgan machitdan katta qilib qurdirishni maqsad qilib olgan edi. Injenerlik-konstruktorlik yechimlari g’oyatda murakkab bo’lgan bu machitni me’morlar qurilish jarayonida birmuncha o’zgartirdi. To’rt metrli poydevor va g’isht bilan terilgan devorlar yerining cho’kishi yoki Samarqandda tez-tez bo’lib turadigan zilzilalarga bardosh berishi kerak edi. Shunday bo’lsa-da, texnik vazifa qisman bajarildi. Zilzila vaqtida baland qilib qurilgan asosiy binolar birmuncha shikastlandi. Marmar ustunlarga asoslangan arkgumbazli galereyalar sistemasi zilzilaga umuman bardosh bera olmadi. Bino qurilgan yiliyoq uning tomlari buzilganligi o’sha davr kishilari shohid bo’lgan. Biroq devorlar, ustunlar, arxitektura bezaklarning qoldiqlari Samarqanddagi machitning dastlabki holatini tasavvur qilish imkonini beradi.

Machitga kiraverishdagi peshtoq devorlari kulrang marmar bilan bezalgan. Bino peshtoqi o’yma marmar bilan qoplangan bo’lib, turli g’ishtlar bilan geometrik hamda epigrafik naqshlar tushirilgan. Uchburchakli tokchalar toqlar “P” shaklidagi romlar va gorizontal lavhalarda turli naqshlar, suls xatidagi yozuvlar bor. Xuddi shu usulda, biroq boshqa variantlardagi bezaklar boshqa gumbazli binolarda uchraydi. Devorlarning ichki yuzalari, burchakli karnizlari, qubbalarning ichiga hal bilan naqsh qilingan.

Quruvchilar masjidning asosiy binosiga jiddiy e’tibor berganlar. Hovliga qaragan peshtoq juda katta, hamma yerdan ko’rinib turadigan mehrobga o’xshardi. Baland peshtoqli ravoq asosi tepaga qarab ingichkalashib boradigan minoralar bilan o’ralgan edi. Bu bino haqida o’sha vaqtda Sharafuddin Ali Yazdiy shunday yozgan edi: “Uning gumbazi, agar somon gumbazi bo’lmaganda, yakkayu yagona bo’lur edi, arki ham agar Somon yo’li bo’lmaganda yakkayu yagona bo’lib qolgan bo’lur edi”. Binoning dekorativ dekorativ bezaklari, naqshlari turli-tumanligi bilan kishini hayratga solidi: o’yma marmar plitalar, sirlangan g’ishtlardan terilgan naqshli devorlar, terrakota, mozaikadan qilingan qadamalar, frizlar, tokchalar, devoriy rasmlar, tasvirlar o’zaro bir-biri bilan bog’langan holda berilgan. Bibixonim machitini yaratgan ustalar o’z maqsadlariga erishganlar – haqiqatan ham u butun musulmon dunyosida tengsiz bo’lgan.

Machit qarshisida bunyod etilgan Saroymulkxonim madrasasi xususida qazishma o’tkazishdan oldin biron so’z aytish qiyin. Faqatgina shuni aytish mumkinki, madrasaning kiraverish peshtoqi hashamatli bo’lib, machit peshtoqidan baland bo’lgan. Bu narsa Temurda g’azab uyg’otgan va u peshtoqni qaytadan qurdirishga buyruq bergan. Hozirda faqat Bibixonim deb nomlangan maqbara saqlangan, uning ham gumbazi yemirilgan. Saroymulkxonim onasiga qurilgan maqbara malikaning va uning oilasidagi bir qizning (qiz jasadi qoldiqlari yer ostidagi sag’anadagi tosh tobutdan topilgan) daxmasiga aylandi. Maqbara aftidan madrasa tarkibiga kirib, darsxonalarning birining o’rnida joylashgan.

Maqbara mutanosib shaklga ega bo’lib, uning asosi mozaika panellaridan tashkil topgan, devorlaridan esa nozik naqshlar topilgan, ular orasida Tuman oqa maqbarasidagi kabi peyzaj naqshlar uchraydi. Albatta, bular bir usta tomonidan bajarilgan bo’lmasa-da, har holda bir maktabdagi ustalar tomonidan bajarilgan.

Temur Jome machiti, Saroymulkxonim madrasasi, Ohanin darvozasining ulkan, peshtoqlari, minoralari, gumbazlari savdo joylaridagi ko’p gumbazli timlar Samarqandga keluvchilarni bir umrga maftun etib, uning go’zalligini ko’z-ko’z qilardi.

Qal’a tashqarisiga esa hokimlar va zodagonlar bog’ va saroylar barpo etishgan. Ayniqsa, Temur bog’-saroylari shuhrat qozongan. Yozma manbalar orqali ularning nomlari va qisqacha ta’rif-tavsiflari bizgacha yetib kelgan.

XIV asrning 70-yillarida Cho’ponota tepaligi etagida “Bog’i naqshi jahon” barpo etildi, undan narida esa “Bog’i Baland” joylashgan edi. Bu bog’lardan g’arbga Mironshohning qizi uchun 1397 yilda “Bog’i Shamol”, o’n ikki yoshli Tuman oqaga “Bog’u Bihisht” bog’lari, 1404 yili esa qal’a devori yaqinida “Bog’i Nav” yuzaga keltirildi. Janubi-g’arb tomonda “Bog’i Chinor” janubi-sharq tomonda “Bog’i Dilkusho” va 1397-1399 yillarda bunyod etilgan bog’ va saroylar joylashgan edi. Ulardan keyin esa “Bog’i Bo’ldi” va “Bog’i Zog’on” bor edi. “Bog’i amirzoda Shohruh” bog’ining joyi hanuzgacha aniqlanmagan. Bog’ 1394 yilda Temurning to’rtinchi o’g’li Amirzodaning Zakavkazye yurishidan zafar bilan qaytishi sharafiga bunyod etilgan. Shahardan janubda “Bedana qo’ruq” zapovednigi bo’lgan. Darg’omdan narida Temurning Hindiston yurishidan 1399 yilda qaytib keladigan kuni sharafiga qurilgan. “Davlat obod” saroy-bog’i joylashgan. “Bog’i jahon numo” deb nomlangan tabiiy zapovednik bo’lgan.

Bog’lar reja bilan qurilgan. Rejaga ko’ra bog’da markaziy xiyobon, ba’zida chorbog’li markaziy xiyobon bo’lgan, tartibli ravishda manzarali va mevali daraxtlar o’tkazilgan, gul ko’chatlari, butazorlar, ariqlar, hovuz, favvora, shalolar bo’lgan. Ularda O’rta Osiyo dehqonchilik madaniyatining ming yillik tajribasi mujassamlangan edi.

Afsuski, Samarqandni bir vaqtlar qoplab turgan hashamatli saroy va bog’lar saqlanmagan. Arxeologlar qidiruv paytida ularning qoldiqlarini topmoqdalar. Saroy va bog’larning tuzilishini, tashqi ko’rinishini o’sha zamon miniatruralari va voqealar shohidi bo’lgan kishilarning esdaliklari orqali bilib olish mumkin. Sharafuddin Ali Yazdiy “Bog’i Dilkusho” haqida quyidagilarni yozadi:

“Temur hijriy 799 yil (1397)ning kuzida xushmanzara Konigil vohasida yangi bog’ barpo etishga buyruq berdikim, u o’zinig go’zalligi bilan mamlakatdagi barha bog’lardan ajralib tursin. Munajjimlar bog’ qurilishini boshlash uchun baxtli dam kelganligini aytdilar, me’morlar esa xiyobon va o’tloqlarning joylashish loyihasini chizib berdilar. Sangtaroshlar o’z asboblarini ishga hozirladilar, mo’yqalam sohiblari bo’lajak saroylarning xomaki rasmlarini chizdilar. Samarqandda yashovchi O’rta Osiyoning eng mohir me’morlari tomonlari bir yarim ming gaz keladigan bog’ning asosiy g’ishtini qo’ydilar.

Kirish yo’llarini ajratdilar. Saroyning gumbazlari naqshlar bilan bezaldi, devorlar ustki koshinlar bilan qoplandi. Bog’ning to’rt burchagida katta san’at va yuksakdid bilan ishlangan ajoyib bo’yoqlar berilgan shiyponlar qurildi. Bog’ chorqirra xiyobonlarga va turli xil shakldagi mo’jaz bog’chalarga bo’lindi. Temir xiyobonlarining yo’llari chetiga mevali daraxtlar, ba’zilariga gul o’tqazishni xohlardi. Bog’ uning (Temurning) mayliga javob bergani uchun ham “Bog’i Dilkusho” deb ataldi. Bog’ning o’rtasida baland gumbazli uch oshiyonali saroy qurildi. Kishini maftun etuvchi saroy juda go’zal va mustahkam qurilgan. Marmar ustunlar unga chiroy baxsh etgan”.

Hozirda ozgina qismi saqlanib qolgan “Davlatobod” to’g’risida Klavixo mana bunday deb yozgan:

“31 avgust (1404 yil) yakshanba ertalab elchilarni bu boqqa taklif etishdi. U joy devor bilan o’ralgan… Bog’lda limon va tsitrus o’simliklaridan tashqari, turli xil mevali daraxtlar ko’p, oltita hovuz, butun bog’ bo’ylab o’tadigan ariq bor. Hovuz orasida soyali baland daraxtlar o’sgan; yo’lkalar o’rtasidan tepaga chiqiladigan zinalar qurilgan. Bu yo’lkalar bog’ni kesib o’tgan edi. Yo’lkalar yana boshqa yo’lchalarga ulanib ketadi. Bu yo’lkalardan butun bog’ni kuzatish mumkin. Tuproqni uyub qilingan tepalik ham bo’lib, uning atrofi yog’och qoziqlar bilan o’ralgan. Uning o’rtasida juda ko’p xonali qasr bo’lib, oltin va lojuvard toshlar, yaltiroq koshinlar bilan bezalgan. Kasr joylashgan tepalik atrofi xandaq bo’lib, suv bilan to’ldirilgan, bu yerga doimo suv kelib turadi. Qasr turgan tepalikka o’tish uchun ikki tomonda ko’prik, ko’prikning narigi tomonidan esa eshik bo’lib, tepalikka zinapoyalar orqali chiqiladi. Bog’da podshoh buyrug’i bilan keltirilgan kiyik va qirg’ovullar bor edi. Bog’da katta uzumzorga kirish yo’li bo’lib, u ham loy devor bilan o’ralgan. Uzumzor devori bo’ylab baland daraxtlar bo’lib, ular ham juda chiroyli edi.

Hofizi Abro’ “Temur Samarqandni “g’ishtin” shaharga aylantirdi” deb yozgan edi. Lekin, shahar go’zalligi katta imperiyaning barcha yeridan zo’rlik bilan Samarqandga ishlash uchun ko’chirib kelingan yuzlab ustalar va me’morlarning qadoq qo’llari, ko’z yoshlari bilan yuzaga keltirilganligini unutmaslik lozim. Mohir me’morlar, g’isht teruvchilar, o’ymakorlik san’ati ustalarining ijodiy mehnati Temur poytaxtini juda ko’p muhtasham, go’zal binolar bilan bezadi. Bu davrning muvaffaqiyatlari ulkan shahar qurilish vazifalari, murakkab kompleks binolarni bunyod etish masalalarini hal qilish, qurilish vazifalaridan kelib chiqadigan konstruktiv-texnik fikrlar rivoji, arxitektura bezash usullarini rivojlantirish va takomillashtirish, nihoyat o’sha davr kishilari sezgan yangi arxitektura uslublarini vujudga keltirishga ta’sir etdi. Bu yangi uslub tendentsiyasi XV asrning birinchi yarmida davom ettirildi. Ulug’bek davrida esa u o’zining klassik nihoyasiga yetkaziladi.

Fikr bildirish