Sanam

Sanam — uyg’ur mumtoz musiqasi janri. An’anaviy sozandalar — xonandalar ansambli hamda raqqos(a)lar tomonidan asosan to’y, sayil va turli davralarda ijro etilgan. Sharqiy Turkistonning barcha hududlarida tarqalgan bo’lib, Qashqar Sanami, ili Sanami, Kumul Sanami, Yorkand Sanami kabi turlarga bo’linadi. Sanamlar bir necha qo’shiq (masalan, ili Sanamida — «chong sanam», «Yulan», «Mashug’um», «Suvar», «Chimchim aytdim» kabi) va tezlashib borayotgan raqslardan tarkib topib, turkum tarzida ijro etiladi. Sanam qo’shiqlari band—naqarot shaklida bo’lib, xalq to’rtliklariga asoslanadi. Ular «sanam», «Qashqarcha» kabi usullarga bog’lanib jozibali yangraydi. Uyg’ur Sanamlarining cholg’u (masalan, surnay yoki urma sozlar tomonidan ijro etilgan) yo’llari ham mavjud.