SANOAT

SANOAT, industriya — xalq xo’jaligining jamiyat ishlab chiqaruvchi kuchlari taraqqiyoti darajasiga hal qiluvchi ta‘sir ko‗rsatadigan yetakchi tarmog’i; Sanoatning o’zi uchun hamda xalq xo’jaligining boshqa sohalari uchun mehnat qurollari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish, shuningdek, xom ashyo, yoqilg’i qazib olish, energiya ishlab chiqarish, yog’och tayyorlash, Sanoatda yoki qishloq xo’jaligida olingan mahsulotlarga ishlov berish va ularni qayta ishlash bilan band korxonalar (fabrikalar, zavodlar, elektrostansiyalar, shaxtalar, konlar va boshqalar) majmui. Sanoat kengaytirilgan takror ishlab chiqarishning asosini tashkil etadi va industrial o’sish ta‘minlaydi. O’zbekiston davlat mustaqilligiga erishganidan keyin Sanoatda tub islohotlar amalga oshirildi, ko’pgina tarmoqdardagi Sanoat korxonalari davlat tasarrufidan chiqarildi va xususiylashtirilib, davlat aksiyadorlik, korporativ, jamoa, xususiy va boshqalar tashkiliy-huquqiy mulk shakllariga aylantirildi. Chet ellarda Sanoatning rivojlanishi sanoat jihatidan rivojlangan mamlakatlarning paydo bo’lishiga olib keldi. Bu mamlakatlarda iqtisodiyot taraqqiyoti katta hajmda jamg’arilgan texnika jihatidan ilg’or kapital asosida va mavjud yuqori malakali ishchi kuchi bilan ta‘minlanadi. Ularga AQSH, Kanada, Yaponiya, ko’pgina G’arbiy Yevropa mamlakatlari kiradi.