Sari
Sari — hind ayollarining milliy kiyimi. Uzunligi 4,5—9 metr, eni 1 metr bo’lgan mato. Yo’l-yo’l gulli, hoshiyali qilib maxsus to’qiladi. Sari ichidan kalta engli kalta kofta kiyiladi. Sarining bir uchi yubkaga mahkamlanib, belga 2 marta aylantirib olinadi, qolgan qismi yelkaga (jamoat joylarida bu qismi boshga sharf kabi) tashlab qo’yiladi. Hindistonning turli viloyatlarida, shuningdek, aholining turli guruhlarida Sari kiyish usulida ayrim farqlar bor. Odatda, Sarining quyi qismi yubkaga o’xshash, ba’zan uzun yoki kalta ishton tarzida tikiladi.