Savodlilik, savodxonlik

Savodlilik, savodxonlik 1) aholi madaniy saviyasi ko’rsatkichlaridan biri; 2) odamning adabiy til normalariga muvofiq keladigan og’zaki va yozma nutq malakalariga egaligi; 3) oddiy matnlarni o’qiy olish yoki ularni o’qish va yoza olish ko’nikmasiga egalik; 4) muayyan soha bo’yicha bilimga egalik (siyosiy Savodlilik, texnik Savodlilik, tibbiy Savodlilik). «Savodlilik» tushunchasining mazmunmohiyati jamiyat taraqqiyotining turli bosqichlarida uning ijtimoiy, siyosiy, ilmiy, madaniy hamda ruhiy saviyasiga bog’liq ravishda o’zgarib turadi. Siyosiy qarashlarning noxolisligi va milliy kamsitish ruhidagi yondashuvlar biror mamlakat yoki millat Savodlilik darajasini belgilashda salbiy ta’sir ko’rsatadi. Chunonchi, chor Rossiyasida chiqadigan «Vestnik vospitaniya» jurnali 1900 yilda Turkiston o’lkasi nihoyatda qoloq hamda mutlaqo savodsiz elatlardan iborat va ularni savodli qilish uchun kamida 4600 yil kerak degan g’irt soxta xulosani yozgan. Sho’ro davridagi deyarli barcha ilmiy manbalarda esa, 1917 yil Oktabr to’ntarishiga qadar O’zbekiston aholisining 1,5—2% gina savodli degan yolg’ondan iborat ma’lumotlar ko’rsatilardi. Holbuki, 1897 yilgi aholini ro’yxatga olish ma’lumotlariga ko’ra, Rossiya markazi aholisining Savodlilik darajasi 21% ga, Turkiston o’lkasi xalqining Savodlilik darajasi esa 19,5% ga tengligi qayd etilgan. So’nggi davrda olib borilgan tadqiqotlar natijasida aniqdangan, ammo hali ham unchalik to’la bo’lmagan ma’lumotlarga ko’ra, 1913 yil Turkiston o’lkasida 7665 maktab va Madrasa faoliyat ko’rsatgan. Bu raqam o’lkamiz aholisining Savodlilik darajasi rasmiy ma’lumotlarda qayd etilganiga qaraganda ancha baland bo’lganligini ko’rsatadi. Sho’ro hukumati o’z siyosiy manfaatlaridan kelib chiqib, aholining Savodlilik darajasini yuksaltirish borasida bir qator ishlarni amalga oshirdi. 1919 yil 26 dekabrda RSFSR XKS tomonidan chiqarilgan dekretda 8 yoshdan 50 yoshgacha bo’lgan o’qishni bilmaydigan har bir odam o’z xohishi bilan ona tili yoki rus tilida savod chiqarishi lozimligi belgilab qo’yildi. Bu tadbir aholining Savodlilik darajasini yuksaltirishga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Ayni vaqtda, sezdirmay amalga oshirila boshlagan ruslashtirish siyosatining ko’rinishi ham bo’ldi. 1920 yilda mamlakat maorif xalq komissarligi qoshida savodsizlikni tugatish komissiyasi tuzildi. Mamlakatdagi barcha viloyat, shahar va tumanlarda bu komissiya sho»balari vujudga keltirilib, savod chiqarish maktablari hamda kurslar tashkil etish bilan shug’ullandi. O’zbekiston mustaqillikka erishganidan so’ng aholining Savodlilik darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratildi. Chunki jamiyat a’zolarining Savodlilik darajasi mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydigan asosiy omillardan biri ekanligi anglab yetildi. Shuning uchun ham Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinishi (1997) munosabati bilan majburiy ta’lim muddati bir yilga uzaytirildi. Eng muhimi, ta’limning mazmuni, uni tashkil etish yo’li, ta’lim mohiyatini belgilash borasida yangi kontsepsiyaga amal qilina boshlandi. Milliy istiqyaol g’oyasini singdirish umumdavlat ahamiyatiga ega tadbir sifatida qaraladigan bo’lishi bilan Savodlilikning ahamiyati ham sezilarli darajada ortdi. Mamlakatimizda ta’lim tizimi shunday uyushtirilganki, biror sog’lom kishi o’qishdan chetda qolmaydi. «Savodlilik» tushunchasi turli joylarda turlicha belgilanadi. Ayrim mamlakatlarda oddiy matnlarni o’qishni bilgan odam savodli hisoblangan bo’lsa, ba’zi yurtlarda o’qish bilan birga yozishni ham bilgan odam savodli hisoblangan. Shuning uchun ham «Savodlilik» tushunchasi mohiyatini tayin etish masalasi demografik statistika va aholi ro’yxati dasturlariga doir xalqaro yig’ilishlarda bir necha bor ko’rib chiqilgan. YUNESKO ning 1958 yil Parijda bo’lib o’tgan 10-sessiyasida barcha mamlakatlarda Savodlilik tushunchasini bir xillashtirish maqsadida yozuvni tushunib o’qiy oladigan va o’zining kundalik hayotini yozma ravishda bayon qila biladigan kishilarni savodli hisoblashga kelishilgan. Ilm-fan tinimsiz rivojlanayotgan, axborot texnologiyasi takomillashib, inson tafakkurining imkoniyati yuksalib borayotgan ayni kunlarda ham Savodlilik darajasi dunyo miqyosida u qadar yuqori emas. YUNESKOning tegishli tizimlari bergan ma’lumotlarga ko’ra, rivojlanayotgan mamlakatlarda aholining tez ko’payishi, bolalarning ta’lim tizimiga to’liq jalb etilmasligi sababli Savodlilikning pasayib borayotganligi kuzatilmoqda. Hatto yuksak darajada rivojlangan mamlakatlarda ham savodsiz kishilar mikdori aholi qatlamining kattagina foizini tashkil etadi. Shuning uchun ham 1966 yil YUNESKO ning Bosh anjumanida 8 sentabr Xalqaro savod tarqatish kuni ekanligi belgilab qo’yildi. Qozoqboy Yo’ldoshev.