Sayyoralar to’qnashib ketishi mumkinmi?

Boshni bundoq ko’tarib, osmonda g’ujg’on o’ynagan sayyoralar va yulduzlarga boqar ekansiz, shunday bir savol tug’ilishi mumkin: bir kuni kelib ular to’qnashib ketmasmikin? Baxtimizga, buning ehtimoli juda kam.

Biz osmonga boqqanimizda, qaysi sayyora yoki yulduz boshqasiga nisbatan yerdan olisroq ekanini aniqlay olmaymiz. Buni yaxshiroq anglab olish uchun Quyosh sistemasiga murojaat qilaylik. Sayyoralar hech qachon Quyoshning tortish zonasidan chiqib keta olmaydi. Ular doimo unchalik to’g’ri bo’lmagan aylana shaklidagi orbitasi bo’ylab harakat qiladi. Sayyoralarning harakat tezligi ular bilan Quyosh o’rtasidagi masofaga bog’liq. O’z boshingizni Quyosh deb faraz qiling va u Quyosh sistemasida Quyoshning o’rnida joylashgan, deylik. U holda boshingiz turli diametrdagi bir necha aylana markazida bo’ladi. Bu aylanalar sayyoralarning Quyosh atrofida aylanadigan orbitasidir.

Agar boshingiz markazda joylashgan bo’lsa, Merkuriy sizdan 6 metr narida bo’ladi! Uning boshingizga nisbatan o’lchami ushbu gap oxiridagi nuqtaga tengdir. (Boshingizning o’lchami Quyosh o’lchamiga teng ekanini unutmang.) Venera — Cho’lpon 11,9 metr naridagi orbita bo’ylab harakatlanadi, uning o’lchami «o» harfiga teng. Uchinchi aylanada bizning sayyoramiz yer joylashgan. U Veneradan bir oz kattaroq. Boshingiz bilan uning o’rtasidagi masofa — 16 metr (aslida esa bu masofa, taxminan, 150 000 000 km.ni tashkil etadi).

To’rtinchi aylanada yerdan bir oz kichikroq Mars — Mirrix joylashgan. Uning boshingizdan uzoqligi — 25 metr. Navbatdagi sayyora — Yupiter — Mushtariydir. U — sayyoralar ichida eng yirigi. Boshingiz (Quyosh) bilan taqqoslaganda, u shisha sharcha kattaligidadir, o’rtadagi masofa futbol maydoni bo’yicha keladi. Oltinchi aylanadagi sayyora Saturn — Zuhaldir. Uning diametri — 12 mm, Yupiterga nisbatan ikki marta olisda joylashgan. Diametri 5 mm Uran Saturndan ham ikki marta uzoqdadir. Urandan bir oz kichik bo’lgan Neptun Uran bilan Quyosh o’rtasidagi masofaning yarmida joylashgan. Yerdan ikki marta kichik bo’lgan Pluton esa Yupiterdan 8 marta uzoqda joylashgan. Ularning barchasi atrofingizdagi orbitalari bo’ylab hech bir o’zgarishsiz harakat qilayotganini esga olsangiz, o’zaro to’qnashib ketishi ehtimoli juda kam ekanini anglab yetasiz.