Sayyoramizda baliqlarning qancha turi yashaydi?

Birinchi bor baliqlar okeanlarda suza boshlaganda odamdan nom-nishon ham yo’q edi. O’sha paytlar fil yoki boshqa yaxshi rivojlangan tirik mavjudotlar nari tursin, dinozavrlar ham paydo bo’lmagan edi. Yerdagi eng birinchi umurtqali hayvon baliqdir. Boshqa mavjudotlar kabi baliqlar ham qadim zamonlardan beri rivojlanish jarayonida ko’p o’zgarishlarni boshdan o’tkazdi. Mavjud baliqlar turi boshqa umurtqali hayvonlar miqdoridan ko’pdir. Har xil havzalarda, tog’ daryolariyu eng kichik ariqlarda, okeanlar tubida baliqning o’ttiz mingga yaqin turi yashaydi. Baliqlar uch asosiy guruhga bo’linadi. Birinchisi — sertog’ay baliqlar, masalan, akulalar, skatlar (dumi ingichka, yapaloq dengiz balig’i) va nurbaliqlardir. Ularning suyak skeleti o’rniga mustahkam va egiluvchan moddadan tashkil topgan tog’aylari mavjud. Ularning tanasi tangachalar emas, balki bezga aylangan teri bilan qoplangan. Ikkinchisiga mavjud sersuyak baliqlarning juda ko’p turi kiradi. Bu turdagi baliqlarning suyak skeleti bor va tanasi tangachalar bilan qoplangan. Uchinchi guruhiga ikki xil nafas oluvchi baliqlar mansub bo’lib, ularning oyqulog’i va o’pkasi bor. Ikki xil nafas oluvchi baliqlarning hammasi chuchuk suvlarda yashaydi. Ularning suzgichi qo’l-oyog’iga o’xshaydi, ular ba’zan quruqlikda ham yura oladi. Bunga Hindistonda yashaydigan «o’rmalovchi olabug’a» yorqin misol bo’la oladi. Baliqlarning asosiy qismi og’zidan kiradigan suv bilan doimo yuvilib turadigan oyqulog’i orqali nafas oladi. Baliqlar sovuq qonli, ammo ularning asab sistemasi mavjud, boshqa hayvonlar singari og’riq va o’zga yoqimsiz sezgilarni his etadi. Baliqlarning sezgisi juda nozik, uni ta’m sezgisi kabi terisini qoplagan tangachalari orqali his etadi. Ular hidni boshidagi jajji burun kavagida joylashgan o’ziga xos a’zolari bilan sezadi. Shuningdek, ularning tanasining ichki qismida ichki eshitish a’zolari joylashgan. Ayrim baliqlar hayotini muqim yashash joyiga ega bo’lmay, daydilikda o’tkazadilar, ammo ular yer hayvonlari kabi kichik guruh bo’lib yashaydi. Baliqlarning barchasi yirtiqchdir, ular boshqa baliqlar yoki suv hayvonlari va hasharotlari bilan oziqlanadi.