Shafaq
Shafaq — Quyosh botishi yoki chiqishi oldidan atmosferada paydo bo’ladigan rangbarang nurlar; ularning rangi Quyoshning gorizontdan uzoqyaqinligiga bog’liq. Quyosh gorizontga yaqinlashganda va bulut bo’lmaganda osmon sariq yoki qizg’ish rangga kiradi, ba’zan qo’ng’irroq tus oladi. Bu holat Quyosh nurlari atmosferada uzun qiya yo’lni bosib o’tayotganda havorang va binafsha nurlarning tarqayaishi tufayli kuchsizlanib sodir bo’ladi, qolgan nurlardan yorug’lik olgan atmosfera esa sarg’ish va qizg’ish rangga kiradi. Quyosh botib, gorizont tagiga o’ta boshlashi bilan qorong’u tusha boshlaydi. Lekin qorong’u birdaniga tushmaydi. O’rta kengliklarda 2-3° tushgandan keyin esa Shafaq nurida pushti dog’ paydo bo’ladi, bu rang Quyosh 6° pastga tushgunga qadar tobora ravshanlasha borib, to’q qizil rangga aylanadi va sekin-asta segment shaklini oladi. Bu rang Quyoshning qizg’ish nurlari 20 kilometr balandlikdagi atmosferaning changli qatlamiga uchraganda paydo bo’ladi. Keyinroq to’q qizil yorug’lik o’chib, gorizont ustidagi to’q sariq va qizil chiziqlar ravshanroq bo’la boradi. Shafaq ning oqish va ko’kish dog’lari esa pastga tushadi va xiralashadi. To’q qizil yorug’lik o’chishi bilan tezda qorong’u tushadi. Quyoshning gorizontdan 6° pastga tushishigacha bo’lgan Shafaq fuqaro Shafaqi deyiladi. Yerning soyasi va uning rangbarang xoshiyasi o’chadi va qorong’ilashib borayotgan osmonda deyarli ko’rinmay qoladi. Quyosh 12° botishiga qadar bo’lgan bu davrga navigatsiya Shafaqi deyiladi. Shundan so’ng G’arb tomondagi rangbarang chiziqlar yashimtir rangga kiradi, Quyosh 18° tushgandan keyin esa Shafaq butunlay yo’qolib, eng xira yulduzlar ko’rinadi va tun boshlanadi. Bu davrga esa astronomik Shafaq deyiladi. Tong shafag’i ham xuddi shunday, lekin teskari tartibda ro’y beradi.