Shahrisabz dostonchilik maktabi
Shahrisabz dostonchilik maktabi — 20-asr boshlarigacha o’zbek dostonchiligida mavjud bo’lgan o’ziga xos ijrochilik yo’li. Bu maktabning ayrim xususiyatlari ulkan xalq baxshisi Abdulla Nurali o’g’li ijodi va repertuarida saqlanib qolgan. Shahrisabz dostonchilik maktabiga mansub baxshilar dostonlarni sho’x, quvnoq, ko’tarinki ruhda kuylashlari, kuylarining yoqimliligi bilan ajralib turganlar. Abdulla shoir 19-asrning shahrisabzlik mashhur dostonchilari Xidir shoir, Ernazar shoirlar bilan bog’liq bo’lgan Rajab shoirning shogirdidir. Abdulla shoir ijrosi folklorshunoslar tomonidan ko’p kuzatilgan bo’lsada, uning repertuaridagi 10 dan ortiq doston deyarli yozib olinmagan. Shoirdan umrining so’nggi yillarida yozib olingan «Alpomish» dostoni u kuylab kelgan variant xususiyatlarini o’zida mukammal saqlay olmagan. Biroq uning boshqa baxshilardan farq qiluvchi ijro usullari Shahrisabz dostonchilik maktabi haqida muayyan tasavvur bera oladi. Ad.: Jirmunskiy V.M., Zarifov X.T., Uzbekskiy geroicheskiy epos, M., 1947.