«Shahrisabz konserva» aktsiyadorlik jamiyati
«Shahrisabz konserva» aktsiyadorlik jamiyati — oziq-ovqat sanoati korxonasi. Shahrisabz shahrida joylashgan. «O’zmevasabzavotuzumsanoat xolding» kompaniyasi tarkibiga kiradi. Asosan., qishloq xo’jalik mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan: tomat pastasi, meva va uzum sharbatlari, sabzavot konservalari ishlab chiqaradi. Korxona qurilishi 1943 yilda boshlangan, 1947 yilda dastlabki konserva mahsulotlari ishlab chiqargan. 1994 yildan ochiq turdagi aktsiyadorlik jamiyati. 1996 yilda korxonada «mevalar kamalagi» O’zbekiston—Britaniya qo’shma korxonasi tashkil etildi. Korxonaning ishlab chiqarish tizimida pomidor tsexi (sutkalik quvvati 1131,2 tonna pomidorni qayta ishlash; tomat pastasi), meva tsexi (olma, behi, nok, shaftoli kompotlari), sharbat tsexi (olma, uzum, rovoch sharbati), sabzavot tsexi (bodring va pomidor konservalari) va boshqalar yordamchi tsexlar mavjud. Ishlab chiqarish tsexlari 90-yillardan boshlab Italiya, Vengriya, Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan. Shuningdek, korxonada yiliga 750 ming dona tunuka banka tayyorlaydigan tsex bor. Tayyorlangan mahsulotlar, asosan, ichki bozorda sotiladi, chet ellarga — Rossiya, Ukraina, Belorussiya davlatlariga (tomat pastaning 30%) eksport qilinadi. 2003 yilda 42834,1 ming shartli banka konserva, shu jumladan, 2197,4 ming banka sabzavot, 33548 ming banka tomat, 7088 ming banka meva konservalari ishlab chiqarildi.