Shamsulmulk
Shamsulmulk, Malik Shamsulmulk (Nasr) ibn Ibrohim Tamg’achxon (11-asrning 1-choragi — 1080, Buxoro) — Qoraxoniylar hukmdori (1068-80). G’arbiy Qoraxoniylar xoqonligi asoschisi Ibrohim ibn Nasrning o’g’li. Saljuqiylar sultoni Ann Arslonning bevaqt o’limidan keyin Shamsulmulk Termiz va Balxni qisqa muddat ishg’ol qilib turgan. Biroq tez orada Alp Arslonning vorisi Malikshoh bu shaharlarni o’z davlatiga qayta qo’shib olgan. Boshqa tarafdan qodir Yusuf Tamg’achxon va uning o’g’illari Shamsulmulkka qarshi kurash olib borib, undan Sirdaryoning shimoli va Farg’ona vodiysini tortib olganlar. Shamsulmulk Movarounnahr, xususan, Buxoroda katta qurilishlar olib borgan. «Buxoro tarixi» asarida keltirilishicha, Buxoro shahri va uning atroflarida qurilgan ko’plab me’moriy obidalar Shamsulmulk nomi bilan bog’liqdir. U Buxorodagi jome masjidini ta’mirlab, qayta qurgan (1069). Karmana yaqinidagi Cho’li Malikda hashamatli karvonsaroy va rabot va Hazora qishlog’ida deggaroniy masjidini ham Shamsulmulk qurdirgan. Manba: Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.