Sharaqsoy korund koni

Sharaqsoy korund koni – Jizzax viloyatidagi kon. Jizzax shahridan 50 kilometr Janubda, Molguzar tog’larining shimoliy yon bag’rida joylashgan. 1942 yilda ochilgan. Korund hosilalari quyi— o’rta karbon ohaktoshlari yotqiziqlarining karstlangan notekis yuzasida tarqoq joylashgan. Umumiy uzunligi 20 kilometr. Konda korundning kaltsitli, temirli, margaritli, oxaktoshli turlari mavjud bo’lib, ular massivli, yo’l-yo’l va xol-xol ko’rinishdagi rudalar holida qatlamsimon va uyachasimon shakllardagi tanalarda uchraydi. Tanalarning qalinligi 0,38 metrdan 1,8 metrgacha, uzunligi 200-400 metrgacha o’zgaradi. Rudaning tarkibi: korund 3-70%, gematit 0,5—35%, Margarit 10-15% dan 20— 50% gacha. Korund donalarining o’lchami 0,2 dan 2-3 millimetrgacha. Sharaqsoy korund konining zaxiralari (toifalar bo’yicha) V — 34 ming tonna, S, — 35,4 ming tonna, S2 — 28,1 ming tonna. Texnologii sinovlar natijasida Sharaqsoy korund koni rudasi abraziv xususiyatga ega va abraziv sanoatida ishlatishga yarokli deb topilgan.