Sharq muzeyi
Sharq muzeyi — jahondagi eng yirik muzeylardan biri. Moskvada 1918 yilda tashkil topgan. 1925 yilgacha Art Asian (Osiyo san’ati), 1962 yilgacha Sharq madaniyati muzeyi, 1992 yilgacha Sharq xalqlari san’ati muzeyi deb atalgan; 1992 yildan hozirgi nomda. Muzey 19-asr 1-choragida klassisizm uslubida qurilgan binoda (me’mor D. Jilyardi) joylashgan; muzey fondi, kutubxonasi va ta’mirlash ustaxonasi boshqa binoda. Muzey to’plamida qadimiy, o’rta asrlar va zamonaviy Sharq mamlakatlarining san’at asarlari saqlanadi. Muzey fondi rossiyalik taniqli san’at ishqibozlarining shaxsiy to’plamlari negizida barpo etilib, boshqa fondlardan o’tkazilgan, sotib olingan san’at asarlari hisobiga boyitib boriladi. Muzeyda 100 dan ortiq mamlakatlarning rangtasvir, grafika, haykaltaroshlik, amaliy bezak san’ati asarlari, ilmiy ekspeditsiyalarda topilgan arxeologik eksponatlar to’plangan. Yaponiya, Xitoy, Eron, Hindiston, Janubiy Sharqiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari san’at asarlari muzeyning eng yirik to’plamlaridir. Jumladan, o’zbekistonlik rassomlar A. Volkov, N. Karaxan, P. Benkov, O. Tatevosyan, B. Hamdamiy, O’. Tansiqboev, A. Abdullaev, B. Jalolov, L. Ibrohimov va boshqalarning asarlari ham bor. Muzey ilmiy tekshirish instituti maqomiga ega bo’lib, muhim ilmiy tekshirish ishlari olib boradi, arxeologik va etnografik ekspedisiyalar, konferentsiyalar uyushtiradi, ilmiy to’plamlar, Yo’lko’rsatkichlar, kataloglar, ilmiy ma’lumotnoma va ma’ruzalar to’plamlari nashr etadi.