Sharqshunoslik

Sharqshunoslik – Sharq (Osiyo va shimoliy Afrikadagi davlatlar) tarixi, iqtisodi, tili, adabiyoti, etnografiyasi, san’ati, dini, falsafasi, moddiy va ma’naviy madaniyatini kompleks o’rganuvchi fan. Sharqshunoslikning misrshunoslik, assiriologiya (ossuriyashunoslik), Semitologiya, arabshunoslik, eronshunoslik, turkshunoslik, xitoyshunoslik, mongolshunoslik, hindshunoslik, yaponshunoslik kabi sohalari mavjud. Fanning rivojlanishi bilan Sharqshunoslikning yana yangi regional shoxobchalari (shumerologiya, urartologiya, kumranistika, koreistika va boshqalar) paydo bo’la boshladi. Afrikashunoslik Sharqshunoslikdan ajralib chiqdi. Sharqshunoslikning kompleks fan sifatida rivojlanishi davom etmoqda. Sharq mamlakatlari va ularning tarixi mahalliy olimlar tomonidan qadimdan o’rganila boshlangan. Qadimiy va o’rta asr Sharq olimlari yaratgan asarlar Sharqshunoslik uchun qimmatli manbalardir. Yevropada Sharq to’g’risidagi dastlabki ma’lumotlar yunon mualliflari asarlarida uchraydi. Yunonlar dastlab Eronni, keyinchalik o’z yurtlaridan sharqsa bo’lgan hududlarni Sharq deb hisoblaganlar. Yevropada Osiyo va Shimoliy Afrika bilan savdo hamda siyosiy aloqalar o’rnatila boshlanishi bilan Sharqqa bo’lgan qiziqish quchaydi. 12- asr dan boshlab, Veniamin Tudelskiy (12-asr) va Marko Polo (13-asr) kabi yevropalik savdogar va diplomatlarning Yaqin va O’rta Sharqqa qilgan sayohatlari haqidagi esdaliklar ko’paya boshladi. Xalqaro aloqalarning kengayishi Sharqshunoslikning rivojlanishiga katta ta’sir ko’rsatdi. 15-16-asrlarda yaqin Sharq davlatlari va Xitoy tarixiga oid asarlar paydo bo’ldi. Parij, Oksford universitetlarining Sharq tillari kafedralarida qadimiy yahudiy va Arab tillari o’qitila boshladi. 15-asrda Rossiyada Afanasiy nikitinning Hindiston to’g’risida, 17-asrda M. Petlin, rus elchilari F.I. Baykov va N.G.Siafariyning Xitoyga oid safarnomalari chop etildi. 17-asrdan Yevropada Sharq tillaridan fors, turk, Xitoy tillari o’rganila boshladi. Ayrim Sharq tillarining lug’atlari, Sharq mualliflari (asosan, Sa’diy) asarlarining matn va tarjimalari nashr etildi. 17-asr oxirida Leyden, Parij, Oksford untlarining kutubxonalarida Sharq qo’lyozmalari to’plandi. 1667 yil Parijda D’Erbeloning «Sharq kutubxonasi» nomli to’plami nashr etildi. Rossiyada 18-asr boshlarida (Pyotr I ning 1700 va 1702 yillardagi farmonlariga ko’ra) Sharq tillarini o’qitish joriy qilindi. 18-asrning 2-yarmidan Sharqshunoslikni ilmiy asosda o’rganish boshlandi. Mustamlakaga aylantirilgan Sharq mamlakatlaridan G’arbga katta moddiy boyliklar bilan bir qatorda ko’plab yozma yodgorliklar ham olib ketildi, Yevropaning Leyden, London, Parij, keyinchalik Peterburg kabi shaharlarida boy qo’lyozma fondlari tashkil etildi. Ularda tarix, fan va madaniyat tarixi, dinshunoslik, huquq, falsafa, til va adabiyotga oid qo’lyozma asarlar yig’ilgan bo’lib, ularni tarjima va tadqiq etish ilmiy Sharqshunoslikning shakllanishiga zamin bo’ldi. Ko’p vaqtgacha ilmiy Sharqshunoslikning asosiy va yagona sohasi Sharq filologiyasi edi. Yozma manbalarni ilmiy tavsiflash, kataloglashtirish, ularni tanqidiy matnlarini tuzish, manbaning kelib chiqishini aniqlash, tarjima qilish va ilmiy izohlash shu sohaning asosiy vazifalari hisoblangan. Keyinchalik qo’lyozma manbalar yoniga epigrafik materiallar (qabr toshlari, metal idishlar va boshqalar buyumlardagi bitiklar) qo’shilishi natijasida Sharq epigrafikasi rivojlana boshladi. Sharq filologiyasining o’ziga xos xususiyati — uning kompleksliligidir. Zero unda tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarix, falsafa, din tarixi elementlari mujassamlashgan bo’lib, yozma manbalar ustida ishlash o’rganilayotgan mamlakat tili, tarixi va madaniyatini bilish barobarida shu manba mansub bo’lgan soha bo’yicha ham maxsus bilimlarni talab etadi. Farg’oniy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulug’bek kabi allomalarning aniq va tabiiy fanlarga oid bo’lgan asarlarining rus va o’zbek tiliga izohli tarjimalari bunga yorqin misoldir. Shu ma’noda Sharq filologiyasi hozirgi kungacha o’z ahamiyatini saqlab kelmoqda, chunki hali o’rganilmagan yozma manbalar juda ko’p va ularni tadqiq etish kompleks bilimlarni talab qiladi. Qadimgi fors tilidan «Avesto» frantsuz tiliga tarjima qilindi (1771). Mixxatlar, Misr ierogliflarini o’qishga muvaffaq bo’lindi. Kalkutta (1784), Parij (1822), London (1823), Leypsig (1845) shahrilarida bir necha Osiyo jamiyatlari, Sharq tillarini o’rganuvchi maxsus oliy o’quv yurtlari — Venada Sharq tillari akademiyasi (1754), Parijda Jonli Sharq tillari maktabi (1795) ochildi. Sharq tarixi va uning madaniyati (asosan, qadimiy va o’rta asr tarixiga oid)ga bag’ishlangan yirik tadqiqotlar paydo bo’ldi. Rossiyada G.S. Lebedev Yevropada birinchi bo’lib sanskrit grammatikasini tuzdi (1801). 19-asr sharqshunoslaridan eng mashhuri N.Ya. Bichurin bo’lgan. Universitetlarda Sharq tillari o’qitishni M.V.Lomonosov taklif qilgan edi. 1807 yildan Qozon universiteti, 1819 yildan Peterburg universitetida sharqshunoslar tayyorlana boshladi. 1818 yil Peterburgda Osiyo muzeyi ochildi. 19-asrning 2-yarmida Yevropadagi yirik kutubxonalarda saqlanayotgan Sharq qo’lyozmalari va kitoblarining kataloglari, Sharq tillari lug’atlari tuzildi. «Islom entsiklopediyasi» (4 tilda) nashr etildi. 1873 yildan har 3 — 4 yilda sharqshunoslarning xalqaro kongresslari chaqiriladigan bo’ldi. 19-asr oxiri — 20-asr boshida Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Turkiya va boshqalar Sharq davlatlarida yirik tarixchi va filologlar etishib chiqdi. Ular manbalarni tanqidiy qo’llanmalar asosida tadqiq qilishga kirishdilar. Rus sharqshunoslari Sharqshunoslikning yangi shoxobchalari, xususan, turkshunoslik, kavkazshunoslik va boshqalar bo’yicha qimmatli asarlar yozdilar. Turkshunoslik bo’yicha I. N. Berezin, M.K. Kozimbek, V.V. Radlov va boshqalar turkiy xalqlar tili, folklori va adabiyotiga oid yirik asarlar yaratdilar. Mo’g’ul, Eron, kurd, osetin tillariga oid ilmiy asarlar nashr etildi. O.I. Senkovskiy, X.D. Fren, V.R. Rozen, G.S. Sablukov, A.V. Boldirev O’rta Osiyo, Sibir, Mongoliya, Xitoyning moddiy va diniy madaniyatiga oid manba va yodgorliklarni tadqiq qilib, nashr ettirishdi. Sharqiy Turkiston (Kuchon, Turfon)da topilgan budda, xristian va Moniy adabiyotlari juda ko’p ma’lumotlarga ega. V.V. Velyaminov-Zernov, N.V. Xanikov, V.V. Grigorev, N.I. Veselovskiy, V.V. Bartold va boshqalar tadqiqotchilar O’rta Osiyo tarixi va geografiyasiga oid asarlar yaratdilar. B.A. Turayev qadimiy Sharq tarixi bo’yicha rus maktabining asoschisidir. Qozon, Peterburg va Moskva universitetlari, Moskvadagi Lazarev Sharq tillari instituti, Odessadagi Rishele litseyi, Vladivostokdagi Sharq instituti va boshqalar bir necha o’quv yurtlarida sharqshunoslar tayyorlandi. Sharqshunoslarning tadqiqotlari, asarlari «Aziatskiy vestnik» (1825-27), «Zapiski Vostochnogo otdeleniya Russkogo arxeologicheskogo obshestva» (1887— 1921), «Mir islama» (1912-13) jurnallarida chop etilgan. 20-asr boshlarida yirik rus sharqshunoslari yangi ochilgan Sharqshunoslik markazlarida ish olib bordilar. N.Ya. Marr, S.F. Oldenburg, F.I. Sherbatskoy, B.Ya. Vladimirsov, V. V. Bartold, I. Yu. Krachkovskiy, V.V. Struve va boshqalar qimmatli asarlar yaratdilar. 1930 yil Osiyo muzeyi va boshqalar Sharqshunoslik tashkilotlari asosida SSSR Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti tuzildi. SSSR Fanlar Akademiyasi va Respublikalar Fanlar Akademiyalari tizimlarida Sharqshunoslik muammolarini o’rganuvchi yangi markazlar (SSSR Fanlar Akademiyasi tinch okeani instituti, O’zSSR Fanlar Akademiyasi, O’ZSSR Fanlar Akademiyasi, Gruzssr Fanlar Akademiyasi, Tojssr Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik ilmiy tekshirish institutlari, respublika falarning tarix, adabiyot va til institutlari, shuningdek, boshqa respublikalar akademiyalari Sharqshunoslik bo’limlari) tuzildi. Leningrad, Toshkent, Dushanba, Boku, Yerevan, Tbilisi, Qozon va boshqalar shaharlarda Sharq qo’lyozmalarining boy fondlari to’plandi. 20-asrning 40-yillarida Moskva universiteti Tarix va filologiya fakultetida Sharq bo’limi, Leningrad, O’rta Osiyo (Toshkent), Ozarbayjon (Boku) va Tbilisi untlarida Sharq fakultetlari Ochildi. 1957 yil Moskvada «Sharq adabiyoti» (1964 yildan «Nauka») nashriyoti tuzildi. «Sovetskoe Vostokovedenie» (1955; 1959-61 yillarda) «problem vostokovedeniya», 1961 yildan «Narodi Azii i Afriki» va «Sovremennga vostok» (1957; 1961 yildan «Aziya — Afrika Segodnya») jurnallariga asos solindi. 1957 yil Toshkentda Butunittifoq sharqshunoslarining 1-konferentsiyasi bo’lib o’tdi. 50-60-yillarda ko’p jildli «Vsemirnaya istoriya» («Jahon tarixi»)ning Sharq tarixi bo’limlari, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Sharqiy Osiyo, Arab mamlakatlarining yangi va eng yangi tarixi, oliy o’quv yurtlari uchun darsliklar, mustamlaka tizimining krizisi va inqirozi, muammolari hamda Sharqdagi mustaqil davlatlarning iqtisodiy rivojlanish muammolariga oid yirik, umumlashgan asarlar nashr etildi. Sharq mamlakatlari tarixi bo’yicha I.M. Reysner, B.N. Zaxoder, EA. Belyaev, V.B. Luskiy, A.L. Galperin, AA. Semenov, Yu.V. Gankovskiy, L.I. Duman, I.M. Dyakonov, I.P. Petrushevskiy, O. Bolshakov va boshqalar yirik asarlar yozganlar. Sharq adabiyotshunosligi rivojlandi. «Literatura Vostoka» («Sharq adabiyoti») seriyasi vujudga keldi. «Istoriya mirovoy literaturm»ning Sharqqa oid qismlari yozildi; «pamyatniki literaturm narodov Vostoka» (matn va tarjimalar) nashr etilmoqda. 20-asrning 2-yarmida qadimiy qo’lyozma yodgorliklarni tadqiq qilishda ham katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Bir necha dialektlar tadqiq qilindi va turk, Kavkaz, mo’g’ul, fors, Somiy va boshqalar tillar bo’yicha ilmiy grammatikalar, lug’atlar va ularga oid asarlar yaratildi. 2-jahon urushidan keyin Sharq davlatlarida bo’lgan tarixiy o’zgarishlar chet el Sharqshunoslik tadqiqotlarining rivojlanishiga ta’sir ko’rsatdi. Mustamlaka qilingan davlatlardagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlar Sharq davlatlaridagi gumanitar fanlarning rivojlanishiga, Sharqshunoslikda tadqiqotlar mavzuining dolzarblashuviga olib keldi. Sharq davlatlarida olib borilayotgan arxeologik qazish ishlari Sharqshunoslikning rivojlanishiga ayniqsa muhim hissa qo’shmoqda. Qadimgi Sharq tillari — Shumer, Xett, Urartu, Ugarit, xatt, Elam, toxar tillarida matnlarni o’rganish keng yo’lga qo’yildi. Axomaniy matnlari, pahlaviy, Sug’d, Xo’tan, qumron, toxar tillarida yozilgan matnlar to’plami chop etildi. O’rta asr tarixi, adabiyoti, fani va madaniyatiga oid yodgorliklarni to’plash, o’rganish va nashr etishda katta ishlar qilingan bo’lib, bu jarayonlarni Yevropalik sharqshunos olimlar boshlab bergan edi. Yevropa Sharqshunoslikiga xos bo’lgan mukammal va puxta ilmiy tekshirish an’analari hozirda ham davom etib kelmoqda. MXR va KXDR olimlari o’rta asrning istorio-grafiyasiga oid eng muhim qo’lyozmalarni, 50-yillarda XXR tarixchilari Xitoyning yangi va eng yangi tarixiga oid hujjatlar to’plamini nashr etdilar. Yapon tarixchilari — S. Xattori, G. Xachi va boshqalar Yaponiya tarixini tadqiq qildilar. Urushdan oddin va urushdan keying o’n yilliklarda Sharqning jonli tillarini tadqiq etish quchaydi. Dialektologiya, tillarning tasnifi va rivojlanishiga oid asarlar yaratildi. O’zbekistonda Sharqshunoslikning rivojlanishi, asosan, uch Sharqshunoslik markazi — O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Toshkent Sharqshunoslik instituti va Toshkent Islom universiteti faoliyati bilan bog’liq. Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining ilmiy yo’nalishi institut fondida to’plangan o’n minglab qo’lyozma asarlarni chuqur o’rganish, kataloglar hamda O’rta Osiyo va qo’shni Sharq xalqlarining fani va madaniyati tarixiga oid nodir yozma manbalarni nashrga tayyorlab, ularda mavjud bo’lgan tarixiy ma’lumotlar asosida ilmiy tadqiqot ishlari yaratish, Sharq xalqlarining o’tmishda jahon madaniyati taraqqiyotiga qo’shgan salmoqli hissalarini yaqqol qo’rsatishdir. Toshkent Sharqshunoslik intida sharqshunos kadrlar tayyorlash bilan birga Sharq xalqlari adabiyoti, tilshunoslik, iqtisod va siyosatshunoslikka oid ilmiy tekshirish ishlari ham olib boriladi. Toshkent Islom untida Islom dini tarixi, iqtisodi, huquqshunosligi, Arab tili va boshqalar bo’yicha mutaxassislar tayyorlanadi va mazkur sohada ilmiy tekshirish olib boriladi. Islom dini va u bilan bog’liq masalalar Sharqshunoslikning muhim yo’nalishi hisoblanadi. O’zbekiston Sharqshunoslikning shakllanishi va uning jahonga tanilishiga A.K. Arends, A. Ahmedov, S.Azimjonova, B. Ahmedov, B. Bobojonov, P.G. Bulgakov, N. Ibrohimov, A. Irisov, U.I. Karimov, S. Mirzaev, A. Mo’minov, M.A. Sale, A.A. Semyonov, M.M. Xayrullaev, A. Xo’jaev, Sh. Shomuhamedov, A. O’rinboev, A. Qayumov, A Hayitmetov, A. Rustamov, A Muhammadjonov, M.B. Baratov, I. Abdullayev, P. Qodirov kabi olimlarning xizmati katta bo’ldi. Hozir O’zbekistonda Sharqshunoslik bo’yicha «Sharqshunoslik» almanaxi (1991 yildan), «Sharq mash’ali», «Mayak Vostoka» va «Imom Buxoriy saboklari» kabi jurnallar chop etilmoqda. Sharqshunoslarning oxirgi xalqaro Kongressi (ICANAS-37) 2004 yil Moskva shahrida bo’lib o’tdi. Hozir dunyoning turli mamlakatlarida 1000 dan ortiq ilmiy tekshirish markazlari, o’quv assotsiatsiyalari, universitet va boshqalar oliy o’quv yurtlari Sharq fakultetlari bilan birga Sharqshunoslik bo’yicha tadqiqotlar olib borib, sharqshunos kadrlarni tayyorlamoqda. Ularning ko’pchiligi o’zining davriy nashrlariga ega. Ad.: Bartold V.V., Istoriya izuche- niya Vostoka v Evrope i Rossii, L., 1925; O’rinboev A., Ahmedov A., Mannonov B., Sharqshunoslikning dolzarb muammola- ri, T., 1995; Abdusamatov M., O’zbekiston sharqshunoslari, T., 1996. Bahrom Abduhalimov, Surayyo Karimova.