Shayxzoda Mahmud
Shayxzoda Mahmud (15-asr oxiri 16-asr) — naqqosh va musavvir. Behzod, Og’a Miraklardan ta’lim olgan. Avval Sulton Husayn Mirzo saroyida ijod etgan, keyinchalik (1529 yil Ubaydullaxon Hirotni egallagach) Mir Ali Hiraviy bilan birga Buxoroga kelgan, Behzod an’analarini davom ettirib samarali ijod etgan va o’ziga xos maktab yaratgan. Musavvir Hofiz Sheroziyning «Devon»i, Abdurahmon Jomiyning «Tuhfat ulafkor» (AQSh, Vashington, Sakkler galereyasida), «Haft manzar», Nizomiy Ganjaviyning «Mahzan ulasror» (Parij milliy kutubxonasida), Sa’diy Sheroziyning «Bo’ston» (Frantsiya, Gulbekiyan va Kayr to’plamida), «Ravzat ulmuhibbin» (Hindiston, Haydarobod, Salar Jang muzeyida) qo’lyozmalariga miniatyuralar yaratgan.