Shelli Persi Bish

Shelli Persi Bish (1792.4.8, Fild-Pleys, Susseks grafligi — 1822.8.7, Spesiya qo’ltig’i, Italiya; Rimda dafn qilingan) — ingliz shoiri. Oksford universitetida o’qigan (1810), «ateizmning zaruriyati» (1811) risolasi uchun untdan haydalgan. Frantsuz ma’rifatparvarlari ta’sirida «Agasfer» (1809) dostoni, «Margaret Nikolsondan qolgan parchalar», «Viktor va Kaziraning asl she’riyati» she’riy to’plamlari, «zastrossi» (1810) va «Sentirvin» (1811) romanlarini yozgan. Dublinga borib, irland xalqining mustaqillik uchun olib borgan kurashida ishtirok etgan. So’ngra Angliyaga qaytib, «Qirolicha mab» (1813) falsafiy dostonini yaratgan. 1818 yil Italiyaga ko’chib borgan va oradan 4 yil o’tgach, to’lqin paytida dengizga cho’kib o’lgan. Sh.ning adabiy merosida epik doston va dramalar katta o’rinni egallaydi. Ammo u ingliz adabiyoti taraqqiyotiga avvalo lirik shoir sifatida katta hissa qo’shgan. Shellining she’rlari histuyg’uning kuchli va samimiyligi, istiora va sifatlashlarning yorqinligi, musiqiyligi, ritmning yangi va rang-barangligi, ichki qofiyalar va tovush tovlanishlariga boyligi bilan ajraladi. Hayot, sevgi va ozodlik kuchlarining yengilmasligi Shellining «Mag’ribdan esgan shamolga qasida», muhabbatning zulm va o’lim ustidan tantanasi esa «Islom isyoni» (1818) va «Epipsidixion» (1821) singa- ri dostonlarida o’z ifodasini topgan. Shelli Italiyada yashagan paytida roman janriga murojaat etib, qadimiy yunon mifi va Esxilning «kishanlangan Prometey» dramasi asosida «ozod etilgan Prometey» (1819) majoziy «lirik drama»sini, o’rta asrlar italyan xronikasi syujeti asosida esa «Chenchi» (1819) tragediyasini yaratadi. Sh.ning so’nggi yillarda yozgan yirik asarlari orasida «Rozalinda va Elena» (1818), «Adonais», «Ellada» (1821) dostonlari, shuningdek, «Shoh Edip yoxud Yo’g’onoyoq shoh» (1820) hajviy dramasi e’tiborga sazovor. Shelli vafotidan keyin «uchinchi Piter Bell» (1819) hajviy dostoni, mifologik mazmundagi «Atlas ismli sehrgar» (1820), «Hayot tantanasi» (1822) dostonlari hamda «Karl 1» (1822) tarixiy tragediyasi e’lon qilingan. So’nggi 2 asar tugallanmay qolgan. Shellining «she’riyatni yoqlab» (1822) estetik risolasi ham bor. Ayrim she’rlari o’zbek tiliga tarjima etilgan. As: Izbrannoe, M., 1962.