She’r

She’r (Arabcha shuur — sezgi) — fikrning histuyg’uga qorishiq ifodasi sifatida vujudga kelgan, hayajonli she’riy nutq bilan ifoda etilgan, ma’lum ichki ohangga ega badiiy asar. “She’r” atamasi o’rniga ba’zan «nazm» so’zi ham qo’llanadi. U badiiy adabiyotning qadimiy turi bo’lib, insoniyat eng birinchi badiiy asarlarni She’rda yaratgan. Rivoyat qilishlaricha, birinchi She’rni bevaqt o’ldirilgan o’g’li Hobilning dardida kuygan odam alayhissalom yaratgan ekan. Shuning uchun ham unda, deyarli hamisha, muallifning oniy kayfiyati, lahzalik porloq kechinmalari ustuvorlik qiladi. She’rda fikrning kutilmagan va sezimlarga kuchli ta’sir ko’rsatadigan yo’sinda ifodalanishiga e’tibor qilinadi. Shu bois ham har bir She’rdan o’ta muhim ijtimoiy g’oya ifodasini kutish maqsadga muvofiq emas. Ularda tuyg’ular po’rtanasi qudratli, sezimlar miqyosi keng va ta’sirchanlik, yuqumlilik darajasi yuqori bo’lishi muhimdir. Sh.ning uzoq yashashini ta’minlaydigan asosiy omillar: tuyg’ular samimiyati va ifoda tabiiyligidir. Zamonaviy o’zbek adabiyotida «She’r” atamasi ma’nosini erkinroq tushunish, oldingi shakliy qoliplarni o’zgartirgan holda yangi poetik kashfiyotlar qilishga intilish tamoyili kuchli. Shuning uchun ham o’zbek nazmida «oq She’r», «sochma She’r», «nasriy She’r», «tasbih», «uchchanoq» singari She’r shakllari paydo bo’lmoqda. She’rning qofiya, tinish belgilari va grammatik qoidalar iskanjasida qolishini istamayotgan bir qator shoirlar qofiyasiz, grammatik qoidalar va tinish belgilariga rioya etilmay yozilgan She’rlar yaratmoqdalar. She’rning eng kichik ko’rinishi mumtoz adabiyotda 1 baytdangina iborat bo’lsa (fard), o’zbek folklorida 4 qatorni tashkil etadi (to’rtlik). Bir misradan iborat She’r yaratishga ham urinishlar bo’lgan (rus she’riyatida «monostix» — bir she’r deb nomlangan). O’zbek xalq og’zaki ijodida She’rlar, asosan, kuylash uchun yaratilganligi uchun «qo’shiq» deb atalgan. Og’zaki She’r qat’iy shakily-mundarijaviy qoliplarga tushmaydi va yo’nalishiga ko’ra mavsum, marosim, sevgi qo’shiqlari kabi turlarga ajratiladi. Mumtoz She’rlar qofiyalanish va banddagi misralarning miqdoriga ko’ra maxsus janrlarga bo’lingan. Agar She’r bandi 2 misradan iborat bo’lsa — masnaviy, 3 misradan iborat bo’lsa — musallas, har bir band 4 misradan tashkil topsa — murabba’, 5 qatorli bandlardan tashkil etilsa — muxammas, bandlari 6 satrdan tashkil topsa — musaddas, 7 misrali bandlardan iborat bo’lsa — musabba’, 8 misrali bandlardan tashkil topsa — musamman, 9 qatorli bandlardan iborati — tasne’ (Mustasne’), 10 qatorli bandlardan iborat poetik asarlar muashshar (mashru’) deyilgan. Hozirgi o’zbek shoirlari turlicha bandlardan tashkil topadigan an’anaviy barmoq vaznining turli poetik kombinatsiyalaridan tashqari, jahon she’riyati tajribasidan o’zlashtirilgan sonet, romans, xoyku, tanka, elegiya, barokko, rondel va boshqalar janrlarda She’rlar yaratishmoqda va ularda o’zbeklarga xos milliy tuyg’ularni ta’sirli ifodalashga erishmoqdalar. Ad.: To’ychiev U., O’zbek sovet poeziyasida barmoq vazni, T., 1966; Kojinov V., Kak pishut stixi, M., 1970; Teoriya stixa, L., 1975; Teoriya metaform, M., 1980; Lapasov J., Badiiy matn va lisoniy tahdil, T., 1995; Fitrat, Adabiyot qoidalari, T., 1996; Boboev T., She’r ilmi ta’limi, T., 1996; Hojiahmedov A., She’riy san’at va mumtoz qofiya, T., 1998; Quronov D.,Adabiyotshunoslikka kirish, Andijon, 2002. Qozoqboy Yo’ldoshev.