Sherlok Xolms chindan ham yashab o’tganmi?

Shunaqasi uchrab turishi ham ehtimoldan butkul xoli emas: oralaringizdan kimdir bag’oyat serjumboq va chigal jinoyatlarni fosh etishga qodir bo’lgan butun dunyoga dong’i ketgan angliyalik izquvarni hali bilmasligi mumkin. Yoshingiz ulg’aygach muqarrar bilib olasiz: chunki uning g’aroyib qobiliyati haqida o’nlab hikoyalar va qissalar bitilgan, u bir talay kinofilmlarning qahramoniga aylangan. Londondagi Beyker-Stritda memorial taxta osilgan bir koshona bor. Taxta o’tkinchilarga bu uyda 1881-1903 yillar mashhur izquvar Sherloks Xolms yashagani va ishlaganini bildirib turadi. Shuning barobarida aksariyat odamlar, Sherlok Xolms chindan ham yashab o’tganmi, deb so’rashadi. Ular buningdek savolni behudaga berishmaydi, chunki, devordagi qaydga qaramay, aslida bunday zotning o’zi bo’lmagan. Sherlok Xolmsni mashhurlikda undash qolishmaydigan ajoyib ingliz adibi Artur Konandoyl o’ylab topgan. Shunday ekan, g’aroyib qobiliyatiga yozuvchining bir talay asarlari bag’ishlangan dongdor Sherlok Xolms adabiy qahramon, xolos. Naql qilishlaricha, yozuvchi Artur Konandoylning o’zi ham Sherlok Xolmsga ancha-muncha o’xshagan, ya’ni o’ta kuzatuvchan odam bo’lgan va jinoyatlar zamiridagi eng murakkab jumboqlarni yechishning uddasidan chiqa bilgan. London politsiyasi, shuningdek Xitoy va Misr hukumatlari ayrim serjumboq jinoyatlarni fosh etish xususida iltimos bilan unga murojaat qilishgan, va u bu ishni qoyimaqom etib uddalagan. Ammo adib kitoblarida o’zi o’ylab topgan jinoyatlarni fosh etish bilan ko’proq mashg’ul bo’lar, faqat endi asarlarida dongdor izquvar Sherlok Xolms nomidan ish ko’rar edi. Artur Konan-Doyl qahramoni Sherlok Xolmsning sharofatidan mashhur bo’ldi. Adibni yaqindan bilgan aksariyat qo’shnilari va London ahli uning o’zini-da o’ylab topgan qahramoni nomi bilan atashardi. Artur Konan-Doyl bilan ko’chada uchrashib qolishganlarida: «Salom, mister Sherlok Xolms», deyishgan ular.