Sherobod dostonchilik maktabi
Sherobod dostonchilik maktabi — Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarining bir necha tumanlari, Tojikiston va Turkmanistonning Janub sarhadlarida yetishib chiqqan yuzlab Baxshilarni birlashtirgan dostonchilik maktabi. Surxondaryo va Qashqadaryoda dostonchilik an’analarining izchil rivojlanishi bugungi kunlarda ham davom etmoqda. Shuning uchun ham bu maktab vakillaridan 20-asrning 40-yillarida yozib olingan dostonlarda dostonchilikning nisbatan quyi bosqich unsurlari, badiiy tafakkurning uncha rivojlanmagan shakllari uchraydi. O’tgan asrning 60-yillaridan boshlab esa an’analarning muayyanlasha borishi, ma’lum ma’noda kitobiylikka intilish kuchayadi. Bunda iste’dodli xalq baxshisi Qodir Rahim o’g’lining (1936-85) xizmatlari katta bo’ldi. Sherobod dostonchilik maktabidan Qosimko’r, Sherna Beknazar o’g’li, Mardonaqul Avliyoqul o’g’li, umir safar o’g’li, Normurod Baxshi, Ahmad baxshi, Nurali Boymat o’g’li, Mamadrayim baxshi, Yusuf o’tagan o’g’li, Eshqobil baxshi, Bo’riboy Ahmedov, Qodir Rahim o’g’li kabi o’nlab dostonchilar yetishib chiqdi. Bugungi kunda Xushboq Mardonaqulov, Shoberdi Boltayev, Boborahim Mamatmurodov, qora va Chori Umirovlar, Qahhor qodir o’g’li, Abdunazar Poyonov kabi bir qancha Baxshilar dostonchilik an’analarini davom ettirmoqdalar. Bu maktab vakillaridan yozib olingan «Oltin qovoq», «malla savdogar», «Zayidqul», «Ollonazar Olchinbek», «Oychinor», «Sherali», «Kelinoy» kabi qator dostonlar O’zbekistonning boshqa joylarida yashab o’tgan baxshilar repertuarida uchramaydi. Ad. Qahhorov A., Yangi dostonlar, T., 1988; Ergashev A., Xalilov D., «Yozi va Zebo» — ishqdostoni, qarshi, 2000; Murodov M., Alpomishnoma, 1-2-kitoblar, T., 1999, 2000. To’ra Mirzayev.