Shevchenko Taras Grigorevich

Shevchenko Taras Grigorevich [1814.25.11(9.3), hozirgi Cherkassk viloyati Zvenigorod tumani — 1861. 26.2(10.3), Peterburg] — ukrain shoiri va rassomi. 14 yoshidan pomeshchik P.V. Engelgardtning dastlab Vilshan qishlog’i, so’ng Vilno, 1831 yildan Peterburg shaharlaridagi uyida rassom sifatida tarbiyalangan. Shevchenko 1836 yil rassom I.S.Soshenko va u orqali K.P.Bryullov, V.I.Grigorevich, V.A.Jukovskiy singari taniqli rus rassom va adabiyotchilari bilan tanishgan. 1838 yil Bryullovning kimoshdi savdosida topgan puli evaziga krepostnoylikdan ozod etilgan. Shu yil badiiy akademiyaga qabul qilingan Shevchenko tasviriy san’at sirlarini egal- lash bilan birga ilgor va kurashchan dunyoqarashli ijodkor sifatida shakllangan. Shevchenkoning ilk balladasi 1838 yilda e’lon qilingan. Uning 1840 yil Peterburgda nashr etilgan «Qo’buzchi» she’riy to’plami ukrain adabiyoti tarixida yangi davrning boshlanganidan darak beradi. Shevchenkoning romantik ruh bilan yo’g’rilgan ilk ijodida ballada, qo’shiq va «o’ylar» ustuvorlik qiladi. «Katerina» (1838) singari dastlabki she’r va dostonlarida krepostnoy voqelikka bo’lgan norozilik kayfiyati yaqqol ifodalangan. Shevchenko ijodining shoh namunalaridan biri — «Gaydamaklar» (1841) dostonida ukrain xalkining 1768 yilda polyak feodallari zulmiga qarshi ko’targan qo’zg’oloni tasvir etilgan. Shevchenko 1842-43 yillarda rus tilida «Nikita Gayday» dramasi, «ko’r qiz» va «iste’dodsiz» dostonlarini, rus va ukrain tillarida esa «nazar stodolya» (1843) dramasini yozgan. Shevchenko 1843 yil mayida Ukrainaga kelib, ukrain xalqi hayoti bilan yaqindan tanishgan. U shu safar chog’ida ko’plab rasmlar yaratib, ularni «Ukraina manzaralari» (1844) albomida e’lon qilgan. 1844 yil fevralda Peterburgga qaytgan Shevchenko Badiiy akademiyani «erkin san’atkor» unvoni bilan tugatib, 1845 yilda yana Ukrainaga kelgan. U Kiyev arxeologik komissiyasining rassomi sifatida Ukrainaning bir qancha viloyatlariga sayohat qilgan. Shevchenkoning 1843-45 yillarda yaratgan «tush», «Kavkaz», «dahriy», «ukki», «Cho’ri» singari dostonlardan iborat «Uch yil» to’plami ukrain she’riyatining yangi janrlar bilan boyishi, unga siyosiy mavzularning kirib kelishiga zamin hozirladi. Shevchenko 1847 yil aprelda «uch yil» to’plamiga kirgan she’rlari uchun qamoqqa olinib, Orsk qal’asidagi Orenburg alohida korpusiga soldat sifatida yuborilgan. 1848 yil kapitan-leytenant A.I. Butakov Shevchenkoni Orol dengizini tekshirish ekspeditsiyasiga rassom sifatida taklif etgan. Shevchenko mazkur safar paytida 350 dan ziyod akvarel portret va manzaralar yaratgan. Ammo 1850 yil aprelda Shevchenko yana qamoqqa olinib, Kaspiy dengizi bo’yidagi Mang’ishloq yarim oroliga jo’natilgan. Shevchenko qattiq nazorat ostida bo’lishiga qaramay, 1851 yil geologik ekspedisiya tarkibiga rassom sifatida jalb etilgan. Shevchenko Novopetrovskda qal’a komendantining ijozati bilan rus tilida «sozanda», «egizaklar» (1855), «baxtsiz» (1856), «nash’ali sayr» (1858) singari qissalar yozgan. Ammo muallif bu asarlarini hayotlik paytida e’lon qilolmagan. Nikolay I vafotidan keyin Shevchenko ozod etilgan va 1858 yil martida Shevchenkoga Peterburgda yashashi uchun ijozat berilgan. Rossiya shu yillarda krepostnoylik huquqini bekor qilishga tayyorlanayotgan va inqilobiy uyg’onishlar davriga kira boshlagan edi. Krepostnoylik tuzumini isloh etish bo’yicha olib borilayotgan ishlarni ko’rgan Shevchenko xalqni hurriyatni inqilobiy yo’l bilan qo’lga kiritishga chaqiruvchi asarlar yozgan. Shevchenko yangi ukrain adabiyotiga xalqning tarixiy taqdiri va kelajagi bilan bog’liq g’oya va obrazlarni olib kirgan, undagi realistik yo’nalishga yangi hayot bag’ishlagan. Ayni paytda ukrain tilining milliy adabiy til sifatida shakllanishi va kamol topishida Shevchenko ijodi katta rol o’ynagan. Shevchenkoning ayrim asarlari o’zbek tilida nashr etilgan. Toshkent shahrida unga haykal o’rnatilgan, nomiga ko’cha qo’yilgan. As: tanlangan asarlar, 1—2j., T., 1959— 60; Katerina, T., 1964; Sochine- niya, t. 1-4, M., 1977. Ad.: Beleskiy A. I., Deych A. I., Ta- ras Shevchenko. Kritikobiograficheskiy ocherk, M., 1964; Shevchenkovskiy slov- nik, t. 1-2, Kiev, 1976-77; Vospominaniya o T. Shevchenko, Kiev, 1982.