Shilling Pavel Lvovich

Shilling Pavel Lvovich [1786.5(16).4, Tallin 1837.25.7(6.8), Peterburg] — rus olimi, fizik, sharqshunos. Peterburg Fanlar Akademiyasi muxbir a’zosi (1828). Rossiyada birinchi litografiyani tashkil etgan. 1829 yilda Xitoy matnlaridan nusxa ko’chirishning maxsus litografiya usulini ishlab chiqqan. Osiyo xalqlari tarixi va tillariga oid tadqiqotlar bilan shug’ullangan. 1830— 32 yillarda Xitoy chegaralariga ilmiy ekspedisiya uyushtirgan (N.Ya.Bichurin bilan birga). 1812 yilda o’zi ixtiro qilgan elektr minani sinab ko’rgan (Peterburg, Neva daryosi). Elektromagnit telegraf konstruktsiyasini ishlab chiqqan, uni 1832 yilda birinchi marta namoyish etgan. Elektr mina va telegraf uchun er va suv ostida o’tkaziladigan elektr simlari namunalarini yaratgan, elektr simlarini havoda tortish g’oyasini ilgari surgan. Sharq qo’lyozmalarining boy kollektsiyasiga ega bo’lgan.