Shimol yog’dusi, qutb yog’dusi
Shimol yog’dusi, qutb yog’dusi — atmosferaning yuqori siyrak qatlamida hosil bo’ladigan yorug’lanish. Koinotdan katta tezlik bilan kelayotgan zaryadlangan zarralar yer atmosferasiga kirib kelib, yerdan 90-100 kilometr balandlikda siyrak havodagi atom va molekulalar bilan ta’sirlashib, ularni qo’zg’algan holatga o’tkazadi. Qo’zg’algan holatdan boshlang’ich holatiga qaytishda atomlar va molekulalar kvant ko’rinishida yorug’lik chiqaradi. Shu yorug’lik yog’du bo’lib ko’rinadi. Bunday yog’du yer sharining qutb doirasi ustida kuchliroq sodir bo’ladi va osmonning shimol tomonida ko’rinadi (nomi shundan). Shimol yog’dusi shakllari turlicha (ular yoy, nur, tasma va pardasimon) va o’zgaruvchan bo’ladi. Shimol yog’dusi rangini uning spektridagi eng kuchli nurlanish chiziqlari belgilaydi. Bu chiziqlar kislorod atomining yashil va qizil chiziqlari hisoblanadi. Shimol yog’dusi sodir bo’lgan vaqtda kuchli magnit bo’ronlari kuzatiladi, atmosfera ionlashib qiziydi, bu esa radioaloqa va obhavoga ta’sir qiladi. Shimol yog’dusini kuzatish yer atrofidagi radiatsion holatni o’rganishga yordam beradi.