Shimoliy Amerika Kordilera tog’lari
Shimoliy Amerika Kordilera tog’lari — Kordilera tog’larining shimoliy Amerika materigining g’arbiy chekkasi bo’ylab cho’zilgan qismi. Uzunligi 9000 kilometr, eni 800 kilometrdan (Kanadada) 1600 kilometrgacha (AQShda). Turli yosh va jinsli geologik strukturalardan tuzilgan: Kolorado platosi va qoyali tog’lar qattiq tokembriy massivlaridan, Yukon va Makenzi tog’massivlari cho’kindi va metamorfik paleozoy jinslarining qalin qatlamidan, Serranevada tog’lari mezozoy batolitlari, G’arbiy mintaqa tizmasi vulkanogen jinslardan tashkil topgan. Rangli metallar, simob, oltin, neft, toshko’mir konlari bor. Shimoliy Amerika Kordilera tog’lari 3 ta bo’ylama orografik mintaqaga bo’linadi. Sharqiy yoki qoyali tog’lar mintaqasi Bruks, Makenzi, Sharqiy Serramadre va qoyali tog’larning baland tizmalaridan iborat bo’lib, tinch okean, Meksika qo’ltig’i havzasi va shimoliy Muz okeani havzalari orasida suvayirg’ichdir. Eng baland joyi 4399 metr (qoyali tog’lardagi elbert cho’qqisi). G’arbiy yoki tinch ocean mintaqasi okeanbo’yi tizmalari va tog’ oralig’i depressiyalaridan iborat. Unga Alyaska tizmasi (Makkinli tog’i, 6193 metr, materikning eng baland cho’qqisi), Aleut, Qirg’oqbo’yi, Kaskad tog’lari, Serranevada, G’arbiy Serramadre, ko’ndalang Vulkanli Serra [Orisaba (5700 metr), Popokatepetl (5452 metr) vulkanlari], Janubiy Serramadre tog’lari kiradi. Materikning chekka g’arbiy sohili bo’ylab cho’zilgan tizmalar kuchli parchalangan va asosan, o’rtacha balandlikdagi tog’lardan iborat. Ichki mintaqa tinch okean tizmalaridan sharqda joylashgan Yukon, Freyzar, Kolumbiya, Katta Havza, Kolorado plato va yassitog’laridan, Meksika tog’ligidan iborat bo’lib, ular chuqur tektonik depressiyalar bilan ajralgan. Shimoliy Amerika Kordilera tog’lari turli tektonik elementlardan tashkil topgan. Ba’zi joylarda vulkanizm, seysmik va hozirgi zamon tektonik harakatlar kuchli. Tinch okeanbo’yi tizmalarining o’q qismida intruziv jinslar yer yuzasiga chiqib qolgan. Vulkanli tizmalar ham bor. Shimoliy Amerika Kordilera tog’larining shimoliy qismi Arktika va subarktika, 40° shahrik.gacha bo’lgan hududlar mo’tadil, undan Janubda subtropik, Kaliforniya yarim oroli va Meksika tog’ligi tropik mintaqalarda joylashgan. Tizmalarning tinch okeanga qaragan yon bag’irlarida yumshoq, okean iqlimi, ichki hududlarda kontinental iqlim. Yog’in taqsimoti notekis. Eng kam yog’in ichki yassitog’liklarda yog’adi. Alyaskadagi tizmalarda yillik yog’in 3000— 4000 mm, AQShning ichki platolarida 400-200 mm, Moxave cho’lida 50 mm. Eng qalin qor qoplami Alyaska Janubda, qirgoqbo’yi tizmasi va Kanadaning Kolumbiya tog’larida kuzatiladi. Qor chizig’ining eng past chegarasi (300-450 metr) Janubiy Alyaska tog’larining okeanga qaragan yon bag’rida. Janubiy tomon qor chizig’ining balandligi 4500 metrdan ham oshadi. Muzliklarning umumiy maydoni 67 ming km2, asosan, Alyaska va Kanada g’arbidadir. Yukon, Makenzi, Missuri, Kolumbiya, Kolorado, Riogrande kabi yirik daryolar Shimoliy Amerika Kordilera tog’laridan boshlanadi. Shimolda muzliktektonik yo’l bilan va Daryo o’zanining to’silib qolishi natijasida vujudga kelgan chuchuk suvli ko’l ko’p. Yirik va sersuv daryolar gidroenergiya resurslariga boy. Shimoliy Amerika Kordilera tog’larida landshaftlarning balandlik mintaqalari aniq ajralgan. Tinch ocean sohili bilan ichki hududlar landshaftlari o’zaro farq qiladi. Shimoliy Amerika Kordilera tog’larining shimoliy qismidagi tizmalarning yon bag’irlari igna bargli o’rmonlar bilan qoplangan. Ichki yassitog’liklarning Janub qismini quruq dasht va cho’llar egallaydi. Meksika tog’ligini o’rab turgan tog’larning tashqariga qaragan yon bag’irlari doim yashil tropik o’rmonlar bilan qoplangan. Markaziy Amerika Kordilera tog’larining tinch okeanga qaragan yon bag’irlarida barg to’kuvchi tropik o’rmonlar, nisbatan quruq hududlar va ichki soyliklarda tikanli siyrak o’rmonlar, kaktus va savanna o’simliklari o’sadi. Hayvonot dunyosi xilma-xil: tundra qismida shimol bug’usi, qutb tulkisi, quyon, lemming, Los va boshqalar, o’rmonlarda karibu, grizli ayig’i, bo’ri, tog’qo’yi, bizon, antilopa, mo’ynali hayvonlar, chala cho’l va cho’llarda kemiruvchilar va sudraluvchilar, tropik o’rmonlarda maymunlar, yaguar, tapir, Puma va boshqalar yashaydi. Juda katta maydonlar o’zlashtirilgan, qishloq xo’jalik ekinlari ekiladi.