Shimoliy dengiz

Shimoliy dengiz – Atlantika okeanining chekka dengizi, Yevropa (Buyuk Britaniya, Frantsiya, Belgiya, Niderlandiya, Germaniya, Daniya, Norvegiya va Shvetsiya) qirg’oqlariga tutash, Sharqda Skandinaviya va Yutlandiya yarim orollari, g’arbda Buyuk Britaniya, Orkni va Shetlend orollari bilan o’ralgan. Boltiq dengizi bilan Daniya bo’g’ozlari, Atlantika okeani bilan PadeKale va Lamansh bo’g’ozlari orqali bog’langan. Maydoni 565 ming km2. Qirg’oqlari shimoli sharqida fordli, qolgan qismi past, ba’zan qumli. Aksari qismining chuqurligi 100 metrdan ortiq, Janub qismida sayozliklar bor. Eng chuqur joyi 725 metr. Eng yirik oroli — Gelgoland oroli. Shimoliy dengizga Elba, Vezer, Reyn, Temza daryolari quyiladi. Suvining temperaturasi fevralda 2 — 7°, avgustda 12-19°. Sho’rligi 31-35%0. Dekabrdan mart oylarigacha qirg’oqlarga yaqin qismida muzlar suzib yuradi. Tez-tez tuman bo’ladi. Suv ko’tarilishi (7,6 metrgacha) har yarim sutkada takrorlanadi. Shamollar ta’sirida dengiz suv sathi 3 metr va undan ortiq ko’tariladi va natijada Buyuk Britaniya, Daniya, Niderlandiya, Belgiya sohillarining ancha qismini suv bosadi. Organik dunyosi shimoliy Atlantika zoogeografik oblastiga mansub. Shimoliy dengizda o’simliklarning 300 dan ortiq turi uchraydi, hayvonlarning 1500 dan ziyod turi yashaydi. Baliq (kambala, treska, piksha, sayra, skumbriya, seld va boshqalar) ovlanadi. Dengiz tubidan neft va tabiiy gaz olinadi. Shimoliy dengiz orqali Atlantika okeaniga muhim dengiz yo’llari o’tgan. Asosiy portlari: Rotterdam, Amsterdam (Niderlandiya), Antverpen (Belgiya), London, Immingem, Xall (Buyuk Britaniya), Gamburg, Bremen, Vilgelmsxafen (GFR), Gyoteborg (Shvesiya), Oslo, Bergen (Norvegiya).