Shimoliy Farg’ona kanali

Shimoliy Farg’ona kanali — Farg’ona vodiysidagi kanal. Uchqo’rg’on shahri yaqinida Norin daryosidagi Uchqo’rg’on to’g’onidan boshlanib, Tojikiston Respublikasining Sug’d viloyati (Asht tumani)da tugaydi. Kanal 1940 yilda eski kanallar — Yangiariq (1820), Rozenbax (1890), Anhor (1938) kanallari o’rnida xalq hashari yo’li bilan qurildi. Uzunligi 162,5 kilometr (O’zbekiston hududida 144 kilometr, Tojikistonda 18,5 kilometr). Suv o’tkazish imkoniyati 103 m3/s Namangan viloyati Chust va Pop tumanlari (71,5 ming gektar) va Tojikistonning Asht tumanidagi (45,8 ming gektar) erlarni sug’oradi. Shim.da adir etaklaridan Namangan shahrini aylanib o’tadi. Bu yerda kanal (9 kilometr) chuqur o’yiq va ko’tarmalar orasidan o’tadi. 91,6 kilometrda kanal ko’pgina yirik va mayda soylar (G’ovasoy, Japarsoy, Olmossoy, Kosonsoy, Sumsarsoy) ni kesib o’tadi, so’ng tog’ oldi tekisligidan oqadi. Kanalda 400 dan ortiq gidrotexnika inshooti, jumladan, bosh rostlagich, 5 to’g’on inshooti, 197 suv chiqargich, 15 dyuker, 5 ta temir yo’l, 35 ta avtomobil yo’li ko’prigi, 95 nasos stansiyasi, 8 tashlama inshoot qurilgan. 228 mustaqil tarmoqqa ega; eng yiriklari: Yangiariq (23 m3/s), Rozenbax (7 m3/s gacha); Popoqsuv, to’da, Sang (3 dan 5 m3/s gacha), Anhor (3 m3/s) va boshqalar.