Shimoliy muz okeani

Shimoliy muz okeani (avvalgi nomlari: Shimoliy qutbiy dengiz, Shimoliy muz dengizi) — dunyo okeanining bir qismi, Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning shimoliy qirg’oqlari oralig’ida. Shimoliy muz okeani bo’g’ozlar orqali atlantika va tinch okeanlari bilan tutashgan. Maydoni bo’yicha okeanlar orasida eng kichigi, 14,75 million km2, suvining hajmi 18 million kilometr o’rtacha chuqurligi 1220 metr, eng chuqur joyi 5527 metr (Grenlandiya dengizining shimoliy Sharqiy qismida). Qirg’oqlari Yevrosiyoning g’arbida nisbatan baland, fordli, sharqida Delta va Laguna tipli, Kanada Arktika arxipelagida ancha past, tekis. Norvegiya, Barents, Oq, Kara, Laptevlar, Sharqiy Sibir, Chukotka dengizlari — Yevrosiyo; Grenlandiya, Bofort, Baffin, Linkoln dengizlari va Gudzon qo’ltig’i shimoliy Amerika materigi qirg’oqlariga tutash. Shimoliy muz okeani orollari soni bo’yicha tinch okeandan keyin 2-o’rinni egallaydi. Eng yirik Orol va arxipelaglar: Kanada Arktika arxipelagi, Grenlandiya, Shpisbergen, Frans- Iosif Eri, Novaya Zemlya, Severnaya Zemlya, Novosibirsk, Vrangel. Relefi va geologik tuzilishi. Shimoliy muz okeani tubi geologik tuzilishiga ko’ra 3 qismga: okeanning eng chuqur qismini o’z ichiga olgan Arktika havzasi, shimoliy Yevropa havzasi (Grenlandiya, Norvegiya, Barents va oq dengizlar) va ocean hududining 1/3 qismini egallagan materik sayozligida joylashgan dengizlarga (Kara, Laptevlar, Sharqiy Sibir, Chukotka, Bofort, Baffin) bo’linadi. Shimoliy muz okeani boshqa okeanlarga nisbatan sayoz. Materik sayozligi juda keng, okean tubi maydonining 50,3% ni egallaydi. Yevrosiyo shelf zonasi tubi relefida suv osti ko’tarilmalari, botiqlari va novlari bo’lgan tekisliklar mavjud. Alyaska qirg’oqlari bo’ylab abrazivdenudasion shelf cho’zilgan. Shimoliy muz okeanining materik yon bag’irlari nisbatan keng, zinapoyasimon, suv osti kan’onlari bilan parchalangan. Ba’zi joylarda kengligi 150-300 kilometrga yetadi. Eng tor va tik Kanada materik sayozligi grabenlarning murakkab tizimi bilan parchalab yuborilgan. Okeanning Markaziy qismida Gakkel, Lomonosov va Mendeleev suv osti tizmalari bilan ajralgan bir nechta chuqur soyliklar: Nansen, Amundsen, Makarov, Kanada, G’avvoslar va boshqalar mavjud. Okean tubiga cho’kkan jinslarning qalinligi 1,5—2,5 kilometr. Materik sayozligi terrigen, suv osti tizmalari va chuqur soyliklar gilli terrigen, materik yon bag’ri foraminifera mikrofaunali qumli balchiq cho’kindi jinslaridan iborat. Gidrologik rejimi. Shimoliy muz okeani iqlimi Arktika iqlimiga mansub. Shimoliy muz okeanining yuqori kengliklarda joylashganligi, doimiy muz qoplami, Atlantika va tinch okeanlardan havo va suv massalarining kirib kelishi uning shakllanishiga ta’sir ko’rsatadi. Qishda okean markaziy qismi ustida Arktika antisikloni (yuqori bosimli oblast), yozda past bosimli oblast joylashadi. G’arbida yil davomida Islandiya minimumi, Grenlandiya ustida esa antisiklon hukmron. Barcha mavsumlarda bu erga Atlantika okeanidan tsiklonlar keladi. Qishi juda sovuq va shamolli, havo temperaturasi Markaziy qismida -28° dan -30° gacha, Atlantika bo’yida -16° dan — 18° gacha. Shamol tezligi 8-10 m/sek., ba’zan 20-25 m/sekundgacha yetishi mumkin. Yozi ham sovuq. Katta qismida havo temperaturasi -10° dan -12° gacha, g’arbiy chekka qismida qisqa muddat 6-8° gacha ko’tariladi. Bulutli kun ko’p bo’ladi. Yog’in, asosan, qor shaklida yog’adi. Shimoliy muz okeani yuzasidagi oqim shamollar, Atlantika va tinch okeanlari bilan suv almashinishi, Daryo oqimlari ta’sirida yuzaga keladi. Bu omillar yuza oqimlarning g’arbiy yo’nalishda harakatlanishiga va Chukotka dengizidan boshlanib, okeanni kesib o’tuvchi va Shpisbergen bilan Grenlandiya o’rtasidagi bo’g’ozga chiquvchi Transarktika oqimining shakllanishiga sabab bo’ladi. Shimoliy muz okeaniga quyiladigan shimoliy Dvina, Pechora, Ob, Yenisey, Xatanga, Lena, Indigirka, Kolima, Makenzi va boshqalar yirik daryolar yiliga 5000 km3 chuchuk suv olib boradi. Shu sababli, okean yuzasidagi suvning sho’rligi 32%o, materik sayozligidagi dengizlarda 25-29%o. Yuza suvlarning temperaturasi qishda 1°, yozda 0-5°. Sovuq va chuchuk suvlar yuza oqimlar ta’sirida Atlantika okeaniga oqadi. Uning o’rniga Atlantika va tinch okeanlarning iliq va sho’r suvlari oqib keladi. Suv qalqishi har yarim sutkada takrorlanadi, balandligi Markaziy qismida 0,5—0,6 metr, g’arbida 1 metrgacha, barents dengizida 6 metrgacha yetadi. Shimoliy muz okeanining eng muhim gidrologik xususiyatlaridan biri uning qishda 9/10 qismining muz bilan qoplanishidir. Baffin va Grenlandiya dengizlarida aysberglar bo’ladi. Okeanning Markaziy qismida 3-4 metr qalinlikdagi ko’p yillik muz (Pak) maydonlari uchraydi. O’simliklari va hayvonot dunyosi. Shimoliy muz okeani o’simlik va hayvonot dunyosi Arktika va Atlantika oblastiga mansub. Fauna va flora turlari qutbga tomon kamayib boradi. Biroq hamma joyda diatom fitoplanktonlar jadal rivojlanadi, xususan, Arktika havzasi muzlarida ham. Shimoliy Yevropa havzasida hayvonot dunyosi turli tuman (2000 dan ziyod turi bor). Baliqlardan seld, treska, dengiz olabug’asi, piksha va boshqalar ko’p uchraydi. Arktika havzasida oq ayiq, morj, tyulen, narval, beluxa va boshqalar yashaydi. Iqtisodiy geografik ocherki. Shimoliy muz okeanining noqulay iqlim sharoiti uning iqtisodiyotiga o’z ta’sirini ko’rsatadi. Okeanning jahon xo’jaligidagi rolining oshishi uning materikka yaqin erlaridagi tabiiy resurslardan keng foydalanish bilan bog’liq. Okean dengizlarida baliqning 150 turi va sut emizuvchilarning 17 turi yashaydi. Baliqlardan tashqari okeandan dengiz hayvonlari ham ovlanadi. Oq dengizdan suvo’tlar olinadi. Foydali qazilma konlarini razvedka qilish va qazib olish ishlari olib borilmoqda. Kanada Arktika arxipelagida qo’rg’oshinrux va temir rudalari, Skandinaviya sohillarida xromit, nikel, temir va boshqalar rudalar, Grenlandiya sohillarida molibden rudalari olinadi. Suv ostidan neft-gaz olish rivojlanmoqda. Shpisbergen arxipelagida tosh-ko’mir qazib olinadi. Shimoliy muz okeanining transport ahamiyati oshib bormoqda. Okean dengizlari orqali 3 asosiy yo’nalishda suv yo’llari o’tadi: Atlantika okeanidan Norvegiya dengiziga, shimoliy dengiz yo’li — Barents va oq dengiz portlaridan bering bo’gozigacha, Arktika bo’ylab turli marshrutlar. Ular Kanada Arktika arxipelagi, Grenlandiya g’arbiy sohildari va AQShning shimoliy Sharqiy sohillaridagi aholi punktlarini o’zaro bog’laydi. Muhim portlari: Murmansk, Belomorsk, Arxangelsk, Kandalaksha, Dikson, Tiksi (Rossiya), Tromsyo, Tronxeym (Norvegiya), Cherchill (Kanada), Valdiz (AQSh). Shimoliy muz okeani dastlab mustaqil okean sifatida 1650 yilda golland geografi B.Varenius tomonidan ajratilgan va o’sha davrda Giperborey okeani deb atalgan. 1845 yilda uni London geografiya jamiyati Shimoliy muz okeani deb atadi.