Shimoliy Osetiya-Alaniya
Shimoliy Osetiya-Alaniya, Shimoliy Osetiya — Alaniya Respublikasi — Rossiya Federasiyasi tarkibidagi respublika. Maydoni 8 ming km2. Aholisi 709,9 ming kishi (2002). Poytaxti — Vladikavkaz shahri. Ma’muriy jihatdan 8 tuman, 6 shahar, 7 shaharchaga bo’linadi. Davlat tuzumi. Shimoliy Osetiya-Alaniya — Respublika. Oliy mansabdor shaxs, ijrochi hokimiyat boshlig’i — prezident, ijrochi hokimiyatning oliy organi — Respublika hukumati. Qonun chiqaruvchi oliy hokimiyat organi — respublika parlamenti. Tabiati. Respublika Katta Kavkaz tog’ining shimoliy yon bag’ri va unga tutashgan qiya tekislikda joylashgan. Janubida balandligi 4000 metrdan ziyod bo’lgan asosiy va Suvayirg’ich va yon tog’ tizmalari (jimara tog’i, 4780 metr — respublikaning eng baland nuqtasi) bor. Respublikaning Markaziy qismida Osetiya qiya tekisligi, undan shimoliy tomonda Sunja va Terek past tog’tizmalari hamda Mozdok tekisligi joylashgan. Foydali qazilmalari: polimetall rudalar, qurilish materiallari, dolomit; mineral suv manbalari bor. Iqlimi mo’tadil kontinental, Mozdok tekisligida qurg’oqchil iqlim, tez-tez garmsel esib turadi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -4,3°, iyulniki 24°. Yillik yog’in 400-450 mm. Osetiya tekisligida yanvarda o’rtacha temperatura -4°, iyulda 20°; yillik yog’in 600— 800 mm. Asosiy daryosi — Terek; irmoqlari — urux, Ardon, Fiagdon, Gizeldon, Sunja, Kambileevka. Terek vodiysi va uning irmoqlari quyi qismlaridagi allyuvial tuproqlarda o’rmon va o’tloqlar bor. Tog’ va tog’ oralig’idagi soyliklarning qo’ng’ir o’rmon, tog’podzol va tog’-dasht tuproqlarida qarag’ay va qayin daraxtlari o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan tur, kiyik, o’rmon mushugi, qobon, elik, silovsin va boshqalar; parrandalardan ular, kavkaz quri, kaklik yashaydi. Tekisliklarda kemiruvchi hayvonlar ko’p. Respublikada Shimoliy Osetiya tabiiy qo’riqxonasi va bir qancha buyurtma qo’riqxona bor. Aholisi. Osetin, rus, ingush, arman, gruzin va boshqalar yashaydi. Davlat tillari — osetin va rus tillari. Shahar aholisi 65,4%. Dindorlari, asosan pravoslavlar; musulmon sunniylar ham bor. Asosiy shaharlari: Vladikavkaz, mozdok, Beslan. Tarixi. Shimoliy Osetiya-Alaniya hududida odam paleolit davridan yashaydi. Milodiy 1-ming yillik boshlarida skiflar, sarmatlar, alanlar yashagan. Gunnlarning 4-asrdagi hujumi natijasida alanlarning bir qismi G’arbiy Yevropaga ketishga majbur bo’ldi, qolganlari Kuban va Terek daryolari oralig’ida, shuningdek, tog’larda o’rnashib qoldi. 9-10-asrlarda Alaniya davlati tashkil topdi. 8-12-asrlarda alanosk (osetin) elati shakllana boshladi. Mo’g’ullar hujumi (1222-39) natijasida osetinlar Terekning yuqori oqimlaridagi tog’ daralari va uning yon bag’irlariga surib chiqarildi. 1774 yil Rossiya bilan Turkiya o’rtasida tuzilgan Kuchuk-Qaynarja sulh shartnomasiga ko’ra, Rossiya tarkibiga qo’shildi. 18-asr oxiri — 19-asr boshlariga kelib osetin xalqining shakllanish jarayoni tugadi. 1920 yil 17 noyabrda Terek viloyati xalqlari s’yezdida tog’li Muxtor Respublika tuzilib, Shimoliy Osetiya-Alaniya uning tarkibiga Osetiya (Vladikavkaz) okrugi sifatida kirdi. 1924 yil 7 iyulda u shimoliy Osetiya Muxtor viloyatiga, 1936 yil 5 dekabrda shimoliy Osetiya Muxtor Respublikasiga aylantirildi. 1990 yil dekabrda shimoliy Osetiya Muxtor Respublikasi Oliy Kengashi davlat suvereniteti to’g’risida deklaratsiya qabul qildi. 1993 yil noyabrdan Shimoliy Osetiya-Alaniya deb nomlandi. Xo’jaligi. Yalpi mahsulotda sanoatning ulushi 19,7%, qishloq xo’jaliginiki 11,7%, qurilishniki 5,5%, transportniki 2,5%, savdoniki 21% ni tashkil etadi. Sanoatining asosiy tarmoqlari orasida rangli metallurgiya («elektrotsink», «pobedit» zavodlari), oziq-ovqat, elektr energetikasi, mashinasozlik va metallsozlik, qurilish materiallari sanoati, engil, o’rmon, yog’ochsozlik va tsellyulozaqog’oz, priborsozlik, oyna-shisha, kimyo va neft kimyosi sanoati etakchi hisoblanadi. Terek daryosida GES kaskadi mavjud. Iiliga o’rtacha 0,4 milliard kVtsoat elektr energiyasi hosil qilinadi. Asosiy sanoat markazlari: Vladikavkaz, Mozdok, Beslan. Qishloq xo’jaligiga yaroqli 350,4 ming gektar yerning 198,6 ming gektari haydaladi. Qishloq xo’jalikda yetakchi tarmoq — go’sht-sut chorvachiligi; qoramol, qo’y, cho’chqa, parranda boqiladi. Dehqonchilikda bug’doy, arpa, makkajo’xori, kungaboqar etishtiriladi; sabzavotchilik, bog’dorchilik, tokchilik, shuningdek, asalarichilik rivojlangan. Transporti. Avtomobil yo’llari uzunligi 2309 kilometr. Respublika hududidan «Kavkaz» avtomobil yo’lining Rostov-Don— Maxachqala shoxobchasi o’tgan. Harbiy Gruziya va harbiy Osetiya yo’llari Shimoliy Osetiya-Alaniya hududidan boshlanadi. Temir yo’l uzunligi — 144 kilometr. Shimoliy Kavkaz temir yo’lning Rostov- Don—Boku, Proxladnaya—Mozdok—Gudermes magistrali kesib o’tadi. Stavropol—Grozniy—Vladikavkaz— Tbilisi gaz quvuri mavjud. Tibbiy xizmati. Shimoliy Osetiya-Alaniyada har 10 ming aholiga 65 vrach to’g’ri keladi. Bir qancha sanatoriykurort va dam olish muassasalari, jumladan, Karmador, Tamisk balneologiya kurortlari mavjud. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Maorifi va hunar texnika ta’limi Rossiya Federatsiyasida qabul etilgan tizimga muvofiq tashkil qilingan. 211 umumiy o’rta ta’lim maktabida 106 ming, 13 o’rta maxsus o’quv yurtida 11,7 ming o’quvchi, 4 oliy o’quv yurti (shimoliy Osetiya universiteti, agrar, texnologiya universitetlari, tibbiyot instituti)da 17,8 ming talaba ta’lim oladi. Tarix, iqtisodiyot, til va adabiyot ilmiy tekshirish institutlari, 200 dan ortiq kutubxona, teatr va muzeylar bor. Osetin va rus tillarida gazeta va jurnallar nashr etiladi hamda radioeshittirish va teleko’rsatuvlar olib boriladi. Me’morligi va tasviriy san’ati. Shimoliy Osetiya-Alaniya hududida o’rta asr xristian (Nuzal qishlog’idagi butxona, 10-12-asrlar) va musulmon (Tatartup shahridagi masjid va minoralar, 14-asr) me’moriy yodgorliklari, shuningdek, mudofaa inshootlari saqlangan. Xalqturar joylari (18-19-asrlar) tog’larda toshdan ko’p xonali 2 qavatli qilib qurilgan, tomi loy bilan yopilgan; tekisliklarda somonli loydan to’g’riburchak shaklida, keyinchalik g’ishtli, tomi cherepisa bilan yopiladigan chordoqli uylar qurilgan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida mozdok, Vladikavkaz shahrilarida eklektika va modern uslubida binolar yaratildi. 1920-yillardan keyin Vladikavkaz shahri qayta qurildi, Mozdok, Alagir, Beslan, Ardon, Digora shahrilarida ko’plab ma’muriy, jamoat, sport va kurort binolari qurildi. Shimoliy Osetiya-Alaniya hududida topilgan qadimiy san’at yodgorliklari miloddan avvalgi 3-ming yillikka taallukli. Skiflar davridan (miloddan avvalgi 7-asr) jezdan ishlangan quyma buyumlar saqlanib qolgan. 19-asr oxirida birinchi osetin rassomi shoir K.Xetagurov, undan keyingi davrlarda grafik va rassomlar M.S.Tuganov, A.Xoxov, V.Lakisov, R.Xasieva, haykaltaroshlar aka-uka Dzantievlar, S.Tavasiev samarali ijod qildilar. 1950-70 yillarda A.Janashev, Ch.Dzanatov. B.Totiev, Z.Aboev, Yu.Bigaev kabi rassomlar mashhur bo’lgan. Badiiy hunarmandchilikda zardo’zlik, naqshinkor bronza va kumush idishlar, naqshli qurollar tayyorlash, yog’och o’ymakorligi, gilam to’qish rivojlangan. Musiqasi og’zaki an’anaviy san’at tariqasida rivojlanib keldi. Osetin xalq qo’shiqlari janr jihatdan xilma-xil (ayniqsa, erkaklarning 2 ovozli qahramonona qo’shiqlari keng tarqalgan). Milliy musiqa asboblari; duadastanon (12 torli Arfa), dalafandir, kissin fandir (torlikamonli), fidiuag (buqa shoxidan ishlangan), uadindz, stili (puflama), gumsag (baraban), karsganan (urma soz) va boshqalar shuningdek, iornkandaalfandir (diatonik va xromatik garmonikalar), balalayka, skripka ham ko’p ishlatiladi. Xalq musiqa ijodkorlari orasida kadaganat (dostonchi)lar faoliyati alohida ahamiyatga ega; 19-asrda Babo Dzugutov, 20-asrda A.Sopanov, D.Tautiev, S.Tsagaraev va boshqalarlar mashhur bo’lgan. Birinchi kompozitorlik musiqa asarlari 20-asrning 20-yillarida yaratildi (P.Mamulov, V.Dolidze). 1950-60 yillarda opera, operetta, balet, simfoniya, oratoriya, vokal musiqa (kompozitorlar X. Pliev, D.Xaxanov, I.Gabaraev, T.Kokoyti, A.Kokoyti, R.Tsarionti va boshqalar) rivojlandi. Dirijyorlar — I. Arkin, P.Yadix, xonandalar — T.Togoeva, M.Katolieva, F.Suanov, D.Bilaonova va boshqalar mashhur. Respublikada musiqali teatr (1972 yildan), filarmoniya (1945), simfonik orkestr (1944), «Alan» raqs ansambli (1966), san’at, Musiqaped. Bilim yurtlari faoliyat yuritadi. Teatri. Professional osetin teatri raqs, ashula va qo’g’irchoq o’yinlar bilan birga o’tkaziladigan xalq o’yin va tomoshalaridan boshlangan. Osetin tilida havaskorlik spektakllari 1904 yildan Vladikavkaz va yirik qishloqlarda qo’yildi. 1930 yildan Vladikavkazda kichik janrlar teatri ochildi. 1935 yil Shimoliy Osetiya drama teatri (1958-71 yillarda musiqali drama teatri) tashkil etildi. 1943 yil «Sabi» qo’g’irchoqteatri ochildi (rus va osetin truppalari). Mashhur teatr arboblari: V.Txapsaev, Z.Britaeva, N.Salamov, K.Slanov, V.Xugaeva, G.Xugaev, M.Tsalikov va boshqalar.