Shimoliy Reyn-Vestfaliya
Shimoliy Reyn-Vestfaliya — Germaniya yeri. Maydoni 34,1 ming km2. Aholisi 18 million kishi (2001). Ma’muriy markazi — Dyusseldorf shahri Shimoliy Reyn-Vestfaliya Shimoliy Germaniya pasttekisligi va Reyn slanesli tog’larida joylashgan. Mamlakatning aholisi eng ko’p va zich (1 km2 ga 521 kishi) yeri. Aholining yarmidan ortig’i aholisi 500 ming kishilik shaharlarda yashaydi. Yevropaning eng katta sanoat regionlaridan biri — Rur sanoat havzasi shu yerda. Iqtisodiyoti ko’p tarmoqli. 1960 yildan boshlab ko’mir sanoati ulushi keskin kamaydi. Madaniyat va ommaviy axborot vositalari sohalari rivoj- langan. Ularda 230 mingdan ziyod aholi band, bu esa ko’mir va po’lat quyish sanoatida bandlar sonidan ancha ortiq. Rangli metallurgiya va og’ir mashinasozlik, elektronika, neftni qayta ishlash, kimyo, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoatlari rivojlangan. Tsement va oynashisha ishlab chiqariladi. Tabiatni muhofaza qilish sohasining 160 dan ziyod korxonasi ishlab turibdi. Shimoliy Reyn-Vestfaliya — Yevropaning yetakchi ekologik toza texnologiyalari markazi. Qishloq xo’jaligida sabzavotchilik, sut chorvachiligi rivojlangan. Qisman donli ekinlar, qand lavlagi ekiladi. Hududining 25% o’rmon. Shimoliy Reyn-Vestfaliya yeri 1946 yilda Reyn va Vestfaliya provintsiyalaridan tashkil etilgan. 1949 yildan Germaniya birlashuviga qadar Bonn shahri Germaniya Federativ Respublikasi poytaxti bo’lgan. Yirik shaharlari: Keln, Essen, Dortmund, Dyusseldorf, Duysburg, Boxum, Vuppertal, Bilefeld, Gelzenkirxen, Zolingen, Liverkuzen va Axen. Hududidan xalqaro ahamiyatga ega transport yo’llari o’tgan. Duysburg jahonda eng yirik Daryo portlaridan. Turizm rivojlangan, yiliga 12 million turist kelib-ketadi.