Shiroq
Shiroq (yunon manbalarida Sirak) (miloddan avvalgi 6-asr) — Turon xalqlarining Axomaniylar podshosi Doro I bosqiniga qarshi kurashgan xalq qahramoni. Shiroqning hayoti haqida manbalarda juda oz ma’lumotlar saqlanib qolgan. Miloddan avvalgi 6-asr boshlarida Eron shohi Doro I qo’shini Turon hududiga bostirib kirgan. Yunon tarixchisi va notig’i Polien (milodiy 2-asr) ning 8 kitobdan iborat «harbiy hiylalar» («strategmalar») asarida ilk marta Shiroq jasorati tilga olingan. Polienning yozishicha, sak qabilalari oqsoqollari Sakfar, Omarg va Oamiris fors qo’shinini engish uchun harbiy kengash (qurultoy) o’tkazayotganda, ularning huzuriga oddiy otboqar Shiroq kelib, o’z rejasini bayon qilgan. Rejaga ko’ra, Shiroq o’z qabilasi manfaatini himoya qilib, harbiy hiyla ishlatgan va yolg’iz o’zi Doro I lashkariga qarshi turgan. Shiroq Doro I qarorgohiga kelib, unga qabiladoshlari nohaq sitam yetkazganligi uchun (uning burni va quloqlari kesilgan edi) u Eron qo’shinini saklar (shaklar) qabilasi turgan erga qisqa yo’l bilan olib borishini aytib, dushman qo’shinini Qizilqum cho’li ichkarisiga boshlaydi. Eron qo’shini «yo’lboshlovchi»ning maslahati bilan faqat 7 kunga yetadigan suv, oziqovqat va yem-xashak olgan edi. Jazirama issiqda cho’lni kechib o’tayotgan dushman qo’shini holdan toyib. Oziq-ovqat ham tugaydi. Nihoyat, muhlatning 7-kunida dushman qo’shini aldanganini payqaydi. Shiroq atrofini qurshab olgan shoh Doro I va uning sarkardalariga qarata quyidagi so’zlarni aytgan: «men yolg’iz o’zim Doro qo’shinini yengdim. Sizlarni aldab, cho’lning qoq o’rtasiga olib keldim. Xohtagan tomoningizga ketishingiz mumkin, vohagacha to’rt gomoningiz ham 7 kunlik yo’l!». Dahshatga tushgan shoh va uning sarkardalari Shiroqqa yolvorib, unga suvsiz cho’ldan olib chiqishi uchun katta boylik va’da qilishadi. Shiroq Vatan ozodligi yo’lida jon fido qilishini aytgach, Doro I ning sarkardasi Ranosbat uni qilich bilan chopib tashlaydi. Qo’shinning asosiy qismi suvsizlik va ochlikdan Qizilqum cho’lida qirilib ketgan. Faqat Doro I va uning oz sonli a’yonlari yomg’ir yog’ishi natijasida halokatdan qutulib, Baqtra daryosi (Amudaryo) qirg’og’igacha yetib kelishgan. Sh.ning jasorati haqida turkey xalqlar o’rtasida jangnoma va rivoyatlar yaratildi. Bu rivoyatlar «Shiroq» nomi bilan mashhur. Buxoro cho’ponlari o’rtasida bu rivoyatlar hozir ham aytiladi. U turkiy xalqlarga qo’shni boshqa hududlardagi xalq og’zaki ijodiga ham kuchli ta’sir ko’rsatgan. Bu tarixiy voqeani oradan 800 yil o’tgach, polien o’z asarida yuqoridagicha keltirib o’tgan. Yozuvchi Mirkarim Osim «Shiroq» qissasi va shoir Usmon Qo’chqor «Shiroq» dostonida Shiroq jasoratini ulug’lashgan. Toshkentda Shiroq nomli ko’cha mavjud. Shiroq milliy qahramon sifatida O’zbekiston tarixiga oid turli kitoblardan o’z munosib o’rnini egallagan. Ad.: O’zbekiston tarixi: davlat va jamiyat taraqqiyoti, 1-qism, T., 2000. Qahramon Rajabov.