Shirvon xonligi
Shirvon xonligi (1748-1820) — Shimoliy Ozarbayjondagi o’rta asr davlati. Eron shohi Nodirshoh asoratidan 1748 yil xalos bo’lingach, vujudga kelgan. Shirvon xonligi Shimoliy Ozarbayjondagi eng yirik va boy xonliklardan biri edi. Aholisining asosiy mashg’uloti dehqonchilik, ipakchilik, to’qimachilik, savdo, hunarmandchilik bo’lgan. Guliston sulh shartnomasi (1813)ga ko’ra, Eron Shirvon xonligiga bo’lgan da’vosidan voz kechgan. 1820 yil xonlik boshqaruvi bekor qilinib, rus ma’muriyati bilan almashtirilgan. Shirvon xonligi hududida Shirvon provintsiyasi tuzilgan, u 1840 yil Kaspiy viloyati (1846 yildan Shemaxa, 1859 yilda Boku gubernyasi) tarkibiga kirgan. Shirvon xonligi hududi Ozarbayjon Respublikasining bir qismi hisoblanadi.