Shisha pechi
Shisha pechi — shisha tayyorlash uchun mo’ljallangan bo’tqa (massa) ishlab chiqariladigan (qaynatiladigan) qurilma. Davriy va uzluksiz ishlaydigan hamda elektr qarshilikli turlarga bo’linadi. Davriy ishlaydigan Shisha pechi tuvakli va vannali qilib yasaladi. Bunday pechlarda maxsus shishalar: optik, rangli, yorug’lik texnikasi uchun mo’ljallangan shishalar, billur va, asosan, dastaki usulda yasaladigan boshqa shisha buyumlarga mo’ljallangan bo’tqa tayyorlanadi. Tuvakli pechga, odatda, 8, 12 yoki 16 tuvak (shamot, kaolin yoki kvarsdan tayyorlanadigan, sig’imi 100-1000 kilogrammli issiqbardosh idish) joylashtiriladi. Tuvaklarga xom ashyo (silikatlar) va shixta solinib, 1500 — 1600°gacha qizdiriladi. Vannali pechlar iqtisodiy va texnologik jihatidan ancha tejamli va qulay hisoblanadi. Bularda qiyin eriydigan, rangli va boshqalar maxsus shisha bo’tqalari qaynatiladi. Uzluksiz ishlaydigan Shisha pechilari vannali bo’lib, ularda sanoat shishalari (taxta oynalar. shisha idishlar va mashinalarda tayyorlanadigan boshqa mahsulotlarga yaraydigan shishalar) qaynatiladi. Vanna (hovuz)ning uzunligi 60 metrgacha, eni 10 metr, chuqurligi 1,5 metrgacha bo’ladi. Unga 2,5 ming tonnagacha shisha bo’tqasi sig’adi. Vannalar o’tga chidamli materiallardan yasaladi. Elektr qarshilikli Shisha pechida shisha bo’tqalarining o’zi elektr qarshilik elementi vazifasini o’taydi. Bu pechda metall yoki grafit elektrodlar ishlatiladi.