Shisha tolalar
Shisha tolalar — suyuqlantirilgan shishadan tayyorlanadigan tolalar, diametri 3-100 mkm, uzunligi 20 kilometr va undan uzun (uzluksiz Shisha tolalar) yoki diametri 0,5—20 mkm, uzunligi 1-50 santimetr (shtapel Shisha tolalar) qilib ishlab chiqariladi. Uzluksiz Shisha tolalar tashqi ko’rinishidan tabiiy yoki sun’iy ipak tolalariga, shtapel Shisha tolalar esa ip yoki jun ipga o’xshaydi. Uzluksiz Shisha tolalar suyuqlantirilgan shisha massasini filerlardan (teshiklar soni 200-2000) mexanik qurilmalar yordamida cho’zib tola shakliga keltirilib, g’altaklarga o’raladi. Shtapel Shisha tolalar bir bosqichli usulda — suyuqlantirilgan shisha massasi oqimini bug’, havo yoki issiq gaz bilan ajratib hosil qilinadi. Shisha tolalar xossasi, kimyoviy tarkibi, issiqqa chidamliligi, elektr tokini o’tkazmasligi, issiklik o’tkazuvchanligining pastligi, termik kengayish koeffitsientining kichikligi, kimyoviy chidamliligi va mexanik puxtaligi bilan belgilanadi. Shisha tolalar hozirgi zamon texnikasida shishaplastiklar uchun armirlovchi (mustahkamlovchi) material sifatida, filtrlashda va Elektrotexnikada izolyasiya materiali sifatida ishlatiladi.