Shofi’iy
Shofi’iy, to’liq ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Idris ibn Abbos ash-Shofi’iy (767, Falastin, G’azo shahri — 820, Qohira) — Imom, shofi’iylik mazhabining asoschisi, faqih. Makkada yashagan, hadislar va fiqhni o’rgangan. Ko’p yerlarga safar qilgan. Makka muftisi Muslim Xolid az-Zanjiydan va Madinada molik ibn Anasdan ta’lim olgan. Imomi A’zamning shogirdi Muhammad ibn Hasan bilan Bag’dodda yaqin muloqotda bo’lib, unga shogird tushgan va shu yerda o’z mazhabini tuzgan. Shofi’iy bir qancha muddat goh Iroqda, goh Xijozda istiqomat qilgan. 815 yil Qohirada muqim turib qolib, shu yerdagi «Amr ibn OS» jome masjidida fiqhdan dars bergan. Shofi’iyning «Ar-risola», 7 jildli «Al-Umm» asarlari Islom olamida mashhur va shofi’iylik ulamolari uchun zarur manba bo’lib xizmat qiladi. U o’z asarlarida Islom huquqini an’anaviy normalar bilan bog’lashga intilgan, fiqh asoslariga to’la ta’rif bergan, ijmo’dan foydalanishga alohida e’tibor qaratgan. Shofi’iy, shuningdek, hadislar to’plamini tuzgan, hadislarni taqqoslab o’rganish to’g’risida «ixtilof al-hadis» asarini ham yozgan. Shofi’iy qarashlari fiqh masalalari tugal ishlab chiqilishida o’zining katta ta’sirini ko’rsatdi, bunda uning shogirdlari va izdoshlari Ahmad ibn Hanbal, Dovud az-zohiriy, Abu Ja’far at-Tabariy va boshqalarning xizmati katta bo’ldi.