«Shoh yo’li»
«Shoh yo’li» — miloddan avvalgi 6-asrning so’nggi choragida, Doro I hukmronligi davrida qurilgan tranzit aloqa yo’li. Miloddan avvalgi 1-ming yillik o’rtalarida, Axomaniylar davlati tarkibiga kiritilgan O’rta Osiyoning qadimiy xalqlari va viloyatlari ham o’sha davrning harbiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotida katta iz qoldirgan xalqaro aloqalar tizimida faol ishtiroq eta boshladilar. Axomaniy hukmdorlar va mahalliy hokimlar-satraplar bu aloqalarda katta o’rin tutgan aloqasavdo yo’llari faoliyatiga alohida e’tibor berishgan. Yunon tarixchisi Gerodot o’zining «Tarix» asarida bu yo’l haqida muhim ma’lumotlar qoldirgan. Unga ko’ra, bu yo’l dastlab axomaniylarning yirik savdo va ma’muriy markazlaridan bo’lgan suza shahrini kichik Osiyo va O’rta dengiz bo’yidagi shaharlar bilan bog’lagan. 2400 kilometrga cho’zilgan bu yo’lning har 24-25 kilometr masofasida, ya’ni bir kunlik yo’lda maxsus bekatlar qurilgan. Bu bekatlarda elchilik missiyasi a’zolari, choparlar, savdo karvonlari dam olishi uchun sharoitlar yaratilgan bo’lib, Maxsus xizmatdagi kishilar uchun doimo chopqir otlar yetarli miqdorda mavjud bo’lgan. Shoshilinch xabar olib ketayotgan chopar bu bekatlarda otni almashtirishi yoki xabar va xatni bu bekatlardagi boshqa maxsus choparlarga berishi mumkin bo’lgan. Shu tariqa shoshilinch xabar va ma’lumotlar ulkan imperiyaning turli burchaklaridan poytaxt shaharga juda qisqa muddatda yetkazib berilgan. So’nggi arxeologik tadqiqotlarning ko’rsatishicha, «Shoh yo’li»ning bir tarmog’i shim.sharqqa yo’naltirilgan bo’lib, Marg’iyona va Baqtriya hududlari orqali Hindistongacha yetib borgan. Bu davrda O’rta Osiyoning Janubiy hududlarida ham bir kunlik yo’l masofasida, ya’ni har 24-25 kilometrda maxsus bekatlar barpo etila boshlaganligi haqida ma’lumotlar mavjud. Bu bekatlar, odatda, mustahkamlangan istehkom shaklidagi rabotlar ko’rinishida bo’lib, karvon yo’llarini qo’riqlash vazifasini baja- ruvchi kichik harbiy qismlar ham shu erda joylashtirilgan edi. Bu rabotlar, o’z navbatida, O’rta Osiyodagi qadimiy karvonsaroylar vazifasini ham bajarib kelar edi. Ularda davlat xizmatchilari, choparlar, savdo karvonlari, harbiy qismlar, sayyohlar va boshqalarga xizmat ko’rsatish yo’lga qo’yilgan edi. Shu tariqa miloddan avvalgi 5-4-asrlarda O’rta Osiyoning Janubiy hududlarida ham Axomaniylar saltanatining markaziy viloyatlarida faoliyat ko’rsatuvchi yo’llarga monand aloqa yo’llari tizimi, pochtaaloqa xizmati barpo etila boshlangan. Doro I tomonidan barpo etilgan «Shoh yo’li» faoliyati 4-asrning so’nggi choragida Aleksandrning harbiy istilolari natijasida tugatilgan, lekin O’rta Osiyodagi aloqa yo’llari tizimi va aloqapochta xizmati o’z ahamiyatini saqlab qolgan va rivojlangan. O’ktam Mavlonov.