«Shohnoma»

«Shohnoma» — qadimgi shohlar haqidagi rivoyat, afsonaviy va epik dostonlardan iborat kitoblar nomi. Dastlab sosoniylar davri (3-6-asrlar) da pahlaviy tilida «Xvataynamak» («Xudoynoma» — «hukmdorlar haqida kitob») to’plami yaratilib, 10-asrda «Shohnoma» nomi bilan qayta ishlangan. 9-10 ta «Shohnoma» yaratilgani tarixdan ma’lum. 9— 10-asrlarda ularning ko’pi Arab tiliga ham tarjima qilingan. Lekin ularning birortasi bizgacha to’liq etib kelmagan. Jumladan, yirik amaldor va lashkarboshi Abu Mansur Muhammad ibn Abdurazzoq Tusiyning topshirig’iga ko’ra, 957 yil Abu Mansur alMa’mariy tomonidan nasriy «Shohnomai Mansur» yaratilgan. Bu asarning faqat boshlanish qismigina bizga yetib kelgan. Taxminan 963 yil Abd alMuayyad Balxiy ham nasriy «Shohnoma» yozgan. U bilan ayni vaqtda Mas’ud Marvaziy va Abu Ali Balxiylar «Shohnoma» bitganlar. Balxiy asarida Firdavsiy «Shohnoma»sida tilga olinmagan Narimon, Som, og’ush, Vahodan, Kayshikan nomlari bilan bog’liq lavhalar mavjud bo’lgan. Marvaziy o’z «Shohnoma»sini birinchi odam va birinchi podshoh Qayumarsdan boshlab, Somoniylar davlatining oxirgi davri tasviri bilan tugallaydi. Bo’borada to’plangan katta tajriba va yig’ilgan salmoqli material asosida Somoniy hukmdorlar buyrug’i va homiyligida Abu Mansur Dakiqiy nazmiy «Shohnoma»ga qo’l urgan. Biroq u Zardusht, Gushtasp va Arjasp dostonlarini — jami 1000 bayt yozganda, fojiali ravishda o’ldirilgan. Daqiqiy boshlagan ishni Abulqosim Firdavsiy nihoyasiga yetkazgan: 50 podshohlikdan iborat 4 ta sulola misolida Eron va Turon xalqlarining qariyb to’rt ming yillik tarixi yuksak mahorat bilan qalamga olingan 60 ming bayt (120000 misra)dan iborat muazzam «Shohnoma» ustida u 30 yildan ortiq vaqt ishlagan. U eng qadimgi davrlardan boshlanib, sosoniylar shohi Yazdigard III davrida arablarning Eronga bostirib kirishi bilan yakunlangan. Firdavsiy «Shohnoma»si o’zidan keyingi Sharq adabiyotiga kuchli ta’sir ko’rsatgan, unga javoban ko’plab «Shohnoma»lar yozilib, o’ziga xos shohnomanavislik an’anasi vujudga kelgan. Bu an’anani asadiy Tusiy boshlab bergan: u 1066 yilda 145 bob, 9000 baytdan iborat «Gershaspnoma» dostonini yaratgan. qadimiy Eronning afsonaviy qahramoni bo’lgan Gershasp Jamshidning 6-avlodi, Firdavsiy qahramoni Rustamning katta bobosidir. Firdavsiy «Shohnoma»sida Gershasp haqida batafsil to’xtalmagani uchun Asadiy Tusiy uning faoliyatini keng yoritishni maqsad qilgan. 11 — 12-asrlarda «Barzunoma», «Bahmannoma», «Qushnoma», «Faromurznoma» asarlari, keyinroq — mo’g’ullar hujumi arafasida «Jahongirnoma», Qone’iy Tusiyning «Saljuqnoma»si, 1300 yilda qatl etilgan shoir Robe’iy Bushanjiyning «Kartnoma»si, temuriylar davrida «Somnoma», Rustamning qizi Gushaspbonuga bag’ishlangan 4 doston paydo bo’lgan. Bu dostonlar orasida eng salmoqlisi «Barzunoma» bo’lib, uning 2 nusxasi ma’lum: kichigi — 45, kattasi — 65 ming bayt. Qo’lyozmalari Parij va Dushanbada saqlanadi. Uning O’zbekcha nusxalari ham mavjud. «Shohnoma»ta’sirida bir necha tarixiy va tasavvufiy dostonlar ham yaratilgan: «Iskandarnoma»lar, mutasavvif shoirlar yozgan pandnoma dostonlar, «Shohnoma», «Shahanshohnoma» nomlari bilan ijod qilingan asarlar shular jumlasidandir. Faqat Hamdulloh Mustavfiy Qazviniyning «Zafarnoma» kitobi «Shohnoma»ning davomi bo’lib, 1335 yilgacha bo’lgan tarixiy voqealarni o’z ichiga oladi. Sohib nomli shoir ham 1320 yilda yozilgan «daftari Dilkusho» asarida «Shohnoma»ni davom ettirgan. Badriddin Chochiy ham 35 ming baytdan iborat «Shohnoma»yozgan bo’lsada, u hali topilgan emas. Turk shoiri uzun Firdavsiy ham Boyazidga atab «Shohnoma»yozgan. Lekin Sulton shoirga dostonini ixchamlashtirishni buyurganidan achchiqlanib, unga qarshi hajviya yozib, Xurosonga qochib ketadi. Bag’ishlovni hisobga olmaganda, Firdavsiy «Shohnoma»sida Islom ta’siri deyarli yo’q. Holbuki, unga ergashib yozilgan «Shohnoma»larda mualliflarning musulmon ekanligi yaqqol sezilib turadi, ba’zi dostonlarda bahodirlar hatto Islom dini uchun kurashchilar sifatida tasvirlanadi. Safaviylar davrida yozilgan «Hovaronnoma»da shialik mazhabi uchun kurash asosiy o’rinni egallaydi va hatto bosh qahramon o’rnini Hazrat Ali egallaydi. Bundan tashqari, bu dostonlarning barchasi uchun xos xususiyat ularda pandnasihat motivining ustunligidir. «Gershaspnoma»ning ham uchdan bir qismini pandnasihat tashkil etadi. Bu asarlarning birortasi g’oyaviybadiiy jihatdan Firdavsiy «Shohnoma»si darajasiga ko’tarila olmagan, adabiyot taraqqiyotida ham sezilarli rol o’ynamagan. Ad.: Shomuhamedov Sh., Shoh kitob va uning muallifi, T., 1992; Homidov H., «Shohnoma»ning shuhrati, T., 1991. Ergash Ochilov.