Shomahmudovlar oilasi

Shomahmudovlar oilasi – insonparvarlikning yuksak namuna- sini ko’rsatgan oila. 2-jahon urushi davrida toshkentlik temirchi Shoahmad Shomahmudov (1890-1970) va uning xotini Bahri Akramova (1903-87) turli millatning qarovsiz va yetim qolgan bolalarini farzandlikka olib, ta’lim-tarbiya bergan. Toshkent shahri ayollarining O’zbekiston ayollariga qarata qardosh xalqlarning etim qolgan va evakuatsiya qilingan bolalarini tarbiyaga olish haqidagi 1942 yil yanvar murojaati ularni shahardagi 17-bolalar uyiga olib keldi. Ular boshpanasiz qolgan, turli millat vakillari bo’lgan 13 bola va urushdan so’ng yana 3 bolani o’z tarbiyalariga olishgan. Bular: Habiba, Vova, Shuhrat — rus, Hamidulla — ukrain, Rafiq, Rahmatulla — tatar, Xolida — moldavan, Samug’ — chuvash, Yo’ldosh, Ergash — yahudiy, Halima — qozoq, Qoravoy, Ne’mat, Muazzam, Hakima, Ulug’bek — o’zbek. Shomahmudovlar oilasi samarqandlik Samadovlar oilasi kabi insonparvarlikni ulug’lovchi oila sifatida katta jasorat, qahramonlik ko’rsatdi. Yozuvchi R.Fayziyning «Hazrati inson» romani, «O’zbekfilm» kinostudiyasining «Sen yetim emassan» badiiy filmi yaratilishiga Shomahmudovlar oilasi hayoti asos bo’lgan. Bu oila sharafiga Toshkentdagi Xalqlar do’stligi maydonida xalqlar do’stligi monumenti o’rnatilgan.